Surxondaryo hokimiyati: "Ayrim muslimalarning hijobini yechish Mirziyoyev siyosatiga qarshi emas"

Музработдаги тадбирда "турли диний оқимларга мойиллиги бор қизлар ҳижоблари" ечилган Image copyright Facebook/Erkinjon_Turdimov
Image caption Muzrabotdagi tadbirda "turli diniy oqimlarga moyilligi bor qizlar hijoblari" yechilgan

Surxondaryo viloyati hokimining yordamchisi Alisher Ziyatov Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan suhbatda turli diniy oqimlarga moyilligi bor qizlarning hijobini yechish Prezident Mirziyoyev siyosatiga qarshi emasligini, aksincha hamohangligini bildirdi. Biroq u hijoblarni yechish buyrug'ini Mirziyoyev bermaganini aytdi.

Hokim yordamchisi Alisher Ziyatov bilan to‘liq suhbatni tinglash uchun linkni bosing

Surxondaryo viloyat hokimining Facebookdagi sahifasida Yoshlar ittifoqi Surxondaryoda muslimalarning hijobini yechgani haqida xabar joylashtirgandi.

"O'zbekiston Yoshlar ittifoqi xalqning ichiga kirib borayapti" nomli xabarda Muzrabot tumanining "Gulobod" mahallasida o'tkazilgan tadbir haqida so'z yuritilgan.

"O'tkazilgan mazkur yoshlar festivalidan ruhlanib, turli diniy oqimlarga moyilligi bor qizlar hijoblarini yechib, tadbirda faollik ko'rsatdilar", - deyiladi xabarda.

Ushbu xabar viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va uning yordamchisi Alisher Ziyatovlarning sahifasida chop qilindi va boshqa guruhlarda ulashildi.

Image copyright Facebook/Erkinjon_Turdimov
Image caption Viloyat hokimining yordamchisi Muzrabotda diniy oqimga moyillar borligini aytadi

Muslimalarning hijobi yechilgani Facebook dagi musulmonlarni junbushga keltirdi. Uni sho'rolar tomonidan olib borilgan paranjilarni yechishga qaratilgan "Hujum" kampaniyasiga tenglaganlar ham bo'ldi.

Tanqidlardan so'ng hokim va yordamchisining sahifalaridan ushbu jumla olib tashlandi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati Surxondaryo viloyat hokimining yordamchisi, xabar muallifi Alisher Ziyatov bilan bog'lanib ushbu masala yuzasidan izoh oldi.

"Boshqa oqimlarga moyilligi bor aholi bor u yerda. Hozir ham u yerda ko'p qidiruvda yurganlar bor. O'shalarni boshqa oqimlarga kirib ketishdan qaytarish", dedi u.

Bi-bi-si O'zbek xizmati ushbu harakat Prezident Mirziyoyevning din borasida olib borayotgan siyosatiga qarshi kelmaydi, degan savolga hokim yordamchisi "yo'q" deb javob berdi.

"Surxondaryo viloyatida ham aholining ehtiyojidan kelib chiqqan holda masjidlar ochish harakati ham ketayapti. Hozir ro'yxatlari shakllangan. Aynan Muzrabot tumanida ham yangi masjidlar ochilish harakatlari ketayapti. Yo'q qarshi bo'lmayapti. Hamohang bo'lyapti. Boshqa diniy oqimga moyilligi bor aholini (hijobini yechish to'g'ri yo'l. Bi-bi-si izohi)."

Suhbatdoshimiz diniy oqimga moyiligi bor aholining hijobini yechishni Mirziyoyev buyrug'i bilan bo'layapti, degan savolga "yo'q" dedi.

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq