Samarqand militsiyasi jurnalistning ishlashiga qarshilik qildi

Rahmatullayev Image copyright Facebook/toshpulatr

Samarqand shahar militsiyasi 1 avgust oliygohlarga kirish imtihonlaridan reportaj tayyorlayotgan jurnalist Toshpoʻlat Rahmatullayevning kasb faoliyatiga toʻsqinlik qilgan. Jurnalistning fotoapparatidagi suratlar oʻchirilgan, oʻzini militsiya idorasiga olib ketishgan.

Toshpoʻlat Rahmatullayev Toshkent axborot texnologiyalar universitetining Samarqanddagi filialida imtihonlar qanday ketayotganini kuzatish uchun borgan.

U 11-12 kishini avtobusga mindirishayotganiga guvoh boʻlgan. Atrofdagilar bu yigitlar boshqa birovning oʻrniga imtihonga kirishga harakat qilayotganda ushlanganini bildirgan.

Toshpoʻlat Rahmatullayev bilan suhbatimizni tinglash uchun linkni bosing

"Bu juda yaxshi-ku, hozir bir ikki surat olaman, keyin ushlaganlarning kattasidan intervyu olaman. Bu yaxshi bir fakt, ularning ishini ijobiy tomondang koʻrsatadi. Bu yilgi imtihonlarning boshqacha oʻtayotganidan aholini xabardor qilaman, deb bitta surat oldim. Militsiya xodimi koʻzi tushib qolib, nima qilayapsiz, deb boshligʻining oldiga olib bordi", - deydi u BBC Oʻzbek bilan suhbatda.

Podpolkovnik formasini kiyib olgan boshliq jurnalistga oʻzini tanishtirmagan. Toshpoʻlat Rahmatullayev oʻzini tanishtirish uchun hujjatini koʻrsatmoqchi boʻlganida, podpolkovnik, "sizni yaxshi bilaman, nima yozishingizni ham, kimga xizmat qilishingizni ham yaxshi bilaman", degan.

"Oʻzbekistonda jurnalist topshiriqsiz biror narsani bajarmaydi"

Qamoqdagi jurnalist Dilmurod Sayyid Mirziyoyevga murojaat etdi

Rossiyalik jurnalist:

Podpolkovnik qoʻli ostidagi militsiya xodimlaridan biriga jurnalistning fotoapparatidagi suratlarni tekshirishni buyurgan. Jurnalistning abituriyentlarga bogʻliq suratlarini oʻchirgan va apparatdagi qolgan 200 tacha suratlarni ham birma-bir tekshirgan.

Shundan soʻng ham jurnalist erkin qoʻyilmagan, uni shahardagi 6 chi militsiya boʻlinmasiga olib ketishgan. Militsiya idorasida jurnalistning shaxsiga oid maʼlumotlar yozib olingan.

Jurnalist uyiga kelganidan soʻng, bu safar mahalla oqsoqoli qoʻngʻiroq qilgan. Oqsoqol shahar 6 - militsiya boʻlinmasidan qoʻngʻiroq qilib,Rahmatullayev bilan birga Samarqand shahar ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi qabuliga kelishni talab qilishgan.

Jurnalist Samarqand viloyat hokimining oʻrinbosarlaridan biriga qoʻngʻiroq qilgan. Masʼul bunday holat boʻlganidan ajablangan.

1 avgust kirish imtihonlari jarayonini Toshkentdagi internet nashrlari toʻsiqlarsiz kuzatishgan. Ularni surat va videolarga olib internetga joylashgan.

Toshpoʻlat Rahmatullayev joylarda ham oʻzgarishlar boʻlishi uchun, jurnalistlarning ishiga toʻsiqinlik qilgan ichki ishlar xodimlari ochiq jazolanishi va huquq tartibot idoralari maxsus treyninglardan oʻtkazilishi kerakligini aytadi.

"Podpolkovnikka yo moneʼlik qilganlarga qonun boʻyicha qattiq jazo koʻrilishi, vaziri yo boshqasi gapirsa va biz har bir mana shunday holatni yoritsak, shunda oʻzgarishi mumkin. Xalqaro tashkilotlar bilan huquq tartibot organlari hamkorlikda treninglarni qayta tashkil qilishi kerak", - deydi u.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq