Muhojirga oʻqish muhimmi, pul?

migrant Image copyright Reuters

Odnoklassniki ijtimoiy tarmogʻida oʻtkazilgan soʻrovnomada qatnashgan Rossiyadagi oʻzbekistonlik mehnat muhojirlarining qariyb 80 foizi oʻqishni istashini bildirgan.

Moskvadagi oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari orasida ijtimoiy tarmoq orqali oʻtkazilgan soʻrovnomada 77% yoshlar "oʻqish maqsadim bor, lekin hozir ishlashim kerak" degan javobni tanlashgan.

12% muhojirlar esa Oʻzbekistonda OOʻYuning sirtqi boʻlimlari boʻlsa, jon deb oʻqishlarini bildirishgan.

Migrant qayerda eng koʻp pul topadi?

Rossiyada 48 yoshli oʻzbek ayolni oʻz yurtdoshlari zoʻrladi

Rossiyadan Oʻzbekistonga 192 million dollar koʻp pul yuborilgan

Yoshlarning 6% i oʻqishga qiziqmasligini, 2 foizi Rossiyada oʻqib ishlamoqchi ekanliklarini yozishgan.

3 foiz mehnat muhojirlari esa hayotda oʻqish emas, pul muhim deb hisoblaydi.

Moskvadagi muhojirlarning bu borada fikrini tinglash uchun linkni bosing

Rossiyadagi oʻzbekistonlik mehnat muhojirlarining katta qismi maktab (kollej, litseylar)ni tamomlab ishlab pul topishga kelgan yoshlarni tashkil etadi.

- Chet ellarda oʻqishni ham xohlardik, lekin moliyaviy holatimiz toʻgʻri kelmagani uchun Rossiyaga ishlashga keldik, - deydi buxorolik Jahongir. - Oʻzim tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan litseyni tamomlaganman. Uchuvchi boʻlmoqchi edim. Keyin ishlab yurib pulga qiziqib ketdim, endi biznesmen boʻlmoqchiman. Shu yil Koreya davlatiga oʻqishga kirishga harakat qilmoqchiman".

Rossiya oliy taʼlim muassalarining sirtqi va kechki boʻlimlarida minglab talabalar tahsil oladi. Taʼlim tizimining bu shakli oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari uchun ancha qulay boʻlsa-da, ular oliy maʼlumotga Rossiyada ega boʻlishni koʻp ham istashmaydi.

- Oʻqish uchun hech qachon kechmas. Avval qiladigan ishlarim bor, shularni tugatib keyin Oʻzbekistonga borib oʻqiyman, - deydi andijonlik Davron.

Mehnat muhojirligidagi aksar oʻzbekistonlik yoshlar 2-3 yil ishlab, Oʻzbekistonga qaytishni niyat qilib kelishadi. Ammo bir maqsadni ketidan boshqasi chiqavergani bois, oʻqishga sarflanishi lozim boʻlgan yillar tirikchilik tashvishiga yoʻgʻrilib ketadi.

- Oʻqimaganimga afsuslanaman, - deydi Shahobiddin ismli mehnat muhojiri.

Oʻqishni orzu qilgan mehnat muhojirlari bugun tirikchilik tashvishi bilan band. Mustaqil ishlab pul topayotganiga, uyiga pul joʻnatib oilasini boqayotgani bilan oʻzlarini ovutib yashashda davom etishmoqda.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq