"Novaya gazeta" jurnalisti Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilinadi

Xudoberdi Nurmatov Image copyright VIKTORIA ODISSONOVA/NOVAYA GAZETA

Moskvadagi sud Oʻzbekiston fuqarosi boʻlgan "Novaya gazeta" roʻznomasi muxbiri Xudoberdi Nurmatovni vataniga ekstraditsiya qilish haqida qaror chiqargan.

Mahkamaga koʻra, u Rossiya migratsiya qonunchiligini buzgan, shuning uchun 5000 rubl maʼmuriy jarima toʻlashi lozim.

Rossiyada nashr qilinadigan "Novaya gazeta" xabar qilishicha, Ali Feruz taxallusi bilan maqolalar yozib yurgan Xudoberdi Nurmatovni 1 avgust kuni Moskva shahrida politsiya xodimlari hujjatlarni tekshirish maqsadida toʻxtatganlar. Muxbirlik guvohnomasini koʻrsatgan, biroq politsiyachilar uni Moskva shahri Basmanniy tuman ichki ishlar boʻlimiga olib ketganlar. Soʻng jurnalist Basmanniy tuman sudiga olib borilgan va mahkama uni Rossiyadan chiqarib yuborish haqida qaror chiqargan.

"Xudoberdi Nurmatov Rossiyada tugʻilgan. Onasi Rossiyada, Oltoy oʻlkasida yashaydi. Shuning uchun uni boshqa davlatga topshirish mumkin emas", - deb aytgan "Novaya gazeta" Bosh muharriri Dmitriy Muratov.

Xudoberdi Nurmatov aytishicha, Oʻzbekistondan chiqib ketishiga mahalliy rasmiylar bilan yuzaga chiqqan muammolar sabab boʻlgan. "Novaya gazeta" yozishicha, goʻyo uni maxsus xizmatlar yollashga harakat qilganlar.

Rossiyadagi "RIA Novosti" axborot agentligidagi manbaga koʻra, Xudoberdi Nurmatov 2007 yili Oʻzbekistonda qoʻzgʻatilgan "At-Takfir val hijra" noqonuniy tashkilotiga odam yollash jinoyat ishiga aloqador deb koʻrilgan.

Xudoberdi Nurmatov shu yil mart oyida ham hibsga olingan.

Bunga Oʻzbekiston tarafining soʻrovi sabab boʻlgani aytilgan.

Nurmatov ichki ishlar boʻlimiga olib borilgan, biroq keyin salomatligi yomonlashgani sababidan shifoxonaga yotqizilgani xabar qilingan.

May oyi boshida unga Rossiyada hududida qochqin maqomi va vaqtincha boshpana berish soʻrovi rad etildi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligiga koʻra, Nurmatov soʻrovini qondirishga qonuniy asos topilmagan.

"Oʻzbekistonda darrov hibs qilishadi. Amaliyot shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekistonga qaytgan yoki oʻgʻirlab olib borilgan qochqinlarga darrov 20 yillik qamoq muddati berishadi. Klassika - "davlat toʻntarishi", "konstitutsiyaviy tuzumni agʻdarish" bandlari. Oʻzbekistonda 3 yildan 5 yilgacha boʻlgan muddatdan ham koʻproq muddatga qamalganlar tirik qaytishmaydi. Faqat qiynoqlar qoʻllangani uchun ularning murdalarini qarindoshlari olib ketishadi. Men bunday insonlar haqida yozganman, men bu tizim qanday ishlashini taxminan bilaman va shuning uchun ham bu mamlakatda boʻlib qolishni xohlamayman", deb aytgan bundan oldinroq Ali Feruz BBC Rus xizmati bilan suhbatda.

Xabar qilinishicha, jurnalist 2012 yili pasportini yoʻqotgan. Pasportni qayta tiklash uchun Oʻzbekistonga borish talab qilinadi. Xudoberdi Nurmatov qamamasliklariuchun Oʻzbekistonga borishdan qoʻrqayotganini aytgan.

"Novaya gazeta" taʼkidlashicha, Ali Feruz Rossiyada qidiruvda emas va Rossiya huquq-tartibot organlarining unga nisbatan biror eʼtirozi yoʻq.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02