Mosobldagi sudda otishma: ayblanuvchilar otib oʻldirilgan

Moskva viloyat sudi binosi Image copyright YURIY MASHKOV/TASS

1 avgust kuni Moskva viloyat sudi binosida kelib chiqishi Markaziy osiyolik sudlanuvchilar qoʻriqchilardan qurolni tortib olishgan, soʻng uch ayblanuvchi otib oʻldirilgan.

"GTA bandasi" nomi bilan mashhur boʻlgan guruh tashkilotchisi va aʼzolari kelib chiqishiga koʻra, Markaziy osiyoliklar boʻlgan.

Guruh asoschisi Qirgʻiziston fuqarosi Ibaydullo Subxanov ekani, jinoyatlarda Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Qozogʻiston fuqarolari qatnashgani xabar qilingan.

1 avgustdagi otishmada 3 nafar ayblanuvchi halok boʻlgan, 2 nafari ogʻir jarohatlangan.

Rasmiylar xabar qilishlaricha, sud ishida tanaffus eʼlon qilinib, sudlanayotganlar soqchilar hamrohligida liftga olib chiqilganda hujum yuz bergan.

"Sudlanuvchilardan biri soqchiga tashlangan va uni boʻgʻa boshlagan. Natijada sudlanuvchilar ozod boʻlishgan va soqchining qurolini egallashgan. Soqchilardan biri "Rosgvardiya" xodimlarini chaqirishga ulgurgan", - dedi Rossiya Tergov qoʻmitasining rasmiy vakili Svetlana Petrenko.

Sud matbuot kotibi Natalya Osipovaning soʻzlariga koʻra, hujumchilar soqchini garovga olishgan.

"Liftda sudlanuvchilar soqchilar - ikki nafar politsiya xodimiga xujum qilishgan, ularning qurollarini egallashgan, oʻzlarini garovga olib sud majlisi zaliga olib oʻtishgan", - deb bildirdi Osipova.

Otishma sudlanuvchilar 3-qavatda, "Rosgvardiya" xodimlarini kutib turgan joyda boshlangan.

"Jinoyatchilar qutilib chiqishga uringan holda otishmani boshlashdi. Natijada "Rosgvardiya" xodimi jarohatlandi, javob oʻqlarida uch nafar xujumchi: Mamadchonov, Mirzosharipov va Subxanovlar yoʻq qilindi, ikkki nafari - Hasanov va Gʻulomov jarohatlandi va xavfsizlantirildi" - qoʻshimcha qildi sud matbuot kotibi.

Moskva viloyat sudidagi hodisada jami besh kishi jarohatlandi(hujumchilarni hisobga olganda). "Rosgvardiya" xodimi yelkasidan yaralangan, yana ikki soqchi tan jarohatlari olishgan.

Sud binosida otishma sodir boʻlganligi haqida birinchi boʻlib advokat Sofya Rubasskaya jurnalistlarga maʼlum qilgan. Uning aytishicha, kamida 20 marta oʻq uzilganini eshitgan va sud pristavi yaralanganini koʻrgan.

"Uchinchi qavat zinasidan toʻrtinchiga koʻtarilayotganimda yaralangan pristav ayolni koʻrdim, uning yuzlari qon edi. Shundan soʻng sud binosida boʻlgan barcha odamlarni koʻchaga chiqarishdi", - deya hikoya qildi BBC Rus xizmatiga advokat.

Keyinroq Moskva oblasti Sogʻliqni saqlash boshqarmasi xujum oqibatida ikki soqchi - bir ayol va bir erkak shifoxonaga joylashtirilganini, ularda oʻq yaralari yoʻqligini xabar qildi.

Moskva oblasti sudi matbuot kotibi Natalya Osipova BBCga barcha xodimlar evakuatsiya qilinganini xabar qildi.

Guvohning BBCga aytishicha, sud binosiga reanimatsiya boʻlimi va Tergov qoʻmitasining avtomobillari kelgan. Voqea joyida koʻp sonli politsiya xodimlari boʻlgan.

Markaziy osiyolik jinoyatchilar toʻdasi

"GTA bandasi" - tergov maʼlumotiga koʻra, Moskva shahri va oblasti, Kaluga oblastlari ("Don"M4 trassasi) avtomobil yoʻllarida 2014 yilning may oyidan noyabr oyiga qadar qotilliklar sodir etgan odamlar guruhi.

Guruh aʼzolari 15 nafardan ziyod Markaziy osiyoliklar boʻlib, uni 2012 yil mart oyida qirgʻizistonlik Ibaydullo Subxanov (u Rustam Usmonov nomida soxta pasportga ega boʻlgan) tashkil etgan. Guruhda ukasi Xoliq Subxanov (43 yosh), Zafarjon Gʻulomov (27 yosh), Hazratxon Dodoxonov (34 yosh), Sherjon Qodirov (31 yosh), Abdumuqim Mamadchonov (36 yosh), Anvar Ulugʻmurodov (40 yosh), Umar Hasanov va Fazliddin Hasanov (ular 31 yosh), hamda boshqa Oʻzbekiston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston respublikalarining fuqarolari boʻlgan. Ularning qatʼiy reja asosida faoliyat yuritgani xabar qilingan.

Guruh nomi Grand Theft Auto kompyuter oʻyinlari qahramonlari nomidan olingan.

Tergovchilarning maʼlumotlariga koʻra, guruh aʼzolari 16 ta hujum uyushtirgan, ularda 17 nafar kishi halok boʻlgan, yana 2 nafari yaralangan.

"GTA bandasi"ning toʻqqiz nafar aʼzosi ishi boʻyicha tergovlar 2015 yilning oktyabrida yakunlangan.

Guruh aʼzolari ustidan sud 2016 yil avgustida boshlangan.

Ilk sud ishida 9 nafar barcha sudlanuvchilar oʻz ayblarini qisman tan olishgan.

Ayblanuvchilar hakamlik sudini rad etishgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02