Xurshid Davron teleradiokompaniya rahbari ishdan olinganiga fikr bildirdi

Xurshid Mirzohidov Image copyright Gazeta.uz
Image caption Xurshid Mirzohidov oʻz lavozimida 6 oy ham ishlamadi. (Surat Gazeta.uz saytidan olindi.)

Milliy Teleradiokompaniyaning "Oʻzbekiston" kanalining sobiq direktori, xalq shoiri Xurshid Davron teleradiokompaniyaning rahbari Xurshid Mirzohidov oʻz lavozimidan chetlatilganiga Facebookdagi sahifasida fikr bildirdi.

Xurshid Mirzohidov shu yilning fevralida 12 yil davomida televideniyega rahbarlik qilgan Alisher Xoʻjayev oʻrniga rahbar etib tayinlangan edi. U seshanba kuni ishdan olingani borasida maʼlumot tarqaldi.

Bu xabarni tarqatgan Kun.uz sayti Mirzohidov, baʼzi manbalarga koʻra, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan maddohlikda ayblanib ishdan olinganini yozgandi.

Biroq, endilikda oʻzgartirilgan maqolada aytilishicha, "hozircha uning isteʼfosi sababi aniq keltirilmadi. Turli manbalarning maʼlumotlari bir-biriga mos kelmayapti".

Sobiq televideniye rasmiysi Xurshid Davronning yozishicha, Mirzohidovning tayinlanishi xato amal boʻlgan.

"...Alisher Xodjayevning ham, Xurshid Mirzohidovning ham MTRK - Milliy teleradiokompaniyaga rahbar etib tayinlanganini-yu tayinlanishini TV va radio faoliyatiga zid ekanini qatʼiy aytishim kerak. 20 yillik TVdagi faoliyatim buni qatʼiy aytishimga sababdir. TV va radio faoliyatini ikki dunyoda ham texnar xodim boshqarmasligi shart. TV va radio eng avvalo mafkura va ijod. Ayni shuning uchun bu tizimni mafkura bilan ijodni uygʻun etgan maʼrifatchi kishi boshqarishi kerak (Aytishim shart va lozimki, bu oʻrinda mutlaqo oʻzimni koʻrmayapman). Bilmadim, bundan keyin kim MTRK rahbari boʻladi. Davlat maslahatchisi maqomidagi oʻzbek Beriyasi taklifi bilan yana qaysi uning odami (odami ham boʻlmasligi mumkin, unga muhimi ogʻizsiz va tilsiz boʻlishi shart. Yaqinda tasdiqlangan matbuot qoʻmitasi rahbariga oʻxshagan) tayinlanadi-yu bir necha oydan keyin ishni battar qilib ishdan ketarkan? Lekin, juda va juda uzoq ishlashi ham mumkin. Bu esa nafaqat TV va radioga, umummilliy taraqqiyotga faqat zarar keltiradi", - deb yozdi Xurshid Davron.

2012 yilda BBC bilan boʻlgan suhbatda Xurshid Davron Oʻzbekistondagi televideniye va undagi tsenzura haqida fikr bildirgandi.

Uning aytishicha, "Oʻzbekiston" telekanalida davlat buyurtmasi va sof ijod "50ka 50" boʻlgan.

"Yoshlar" kanalida ham "Oʻzbekiston" kanalida ham ishlaganimda vijdonimga xilof ish qilmaganman. Masalan, "Yoshlar" kanalida koʻrsatuvlar 10 foizi hukumat topshirigʻi bilan boʻladigan boʻlsa, 90 foizi jamoaning, mening buyurtmam asosida boʻlgan. Demak bu maʼlum maʼnoda oʻzini oqlagan. Endi "Oʻzbekiston" telekanali davlatning asosiy kanali boʻlgani uchun davlat buyurtmasi bilan sof ijodiy ish 50ka 50 edi. Ruslarda bir gap borku, kim pulini toʻlasa oʻsha musiqani eshitadi, degan. Bu hamma joyda bor narsa. Menga hech kim "shuni qilasan" deb majburlamagan. Televideniyeda ishlaganimda iloji boricha kitob targʻibotiga, adabiyotga eʼtibor qaratishga harakat qilganman, deb oʻylayman.

Oʻzbekiston hukumati hozircha nega Mirzohidov yarim yillik xizmatidan soʻng ishdan olinganiga rasmiy izoh bermadi.

Oʻzbekistondagi saytlarda tarqagan baʼzi taxminlarga koʻra, uning ishdan chetlanishiga aslida "Tahlilnoma" koʻrsatuvida Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov hamda bugunga qadar yuritilgan siyosat tanqid qilingani sabab boʻlgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02