Rossiyadagi oʻzbek opa-singillar urushi: "U tugʻishga keldimi?"

Rossiyada koʻp oʻzbekistonliklar norasmiy turmush qurganlar
Image caption Rossiyada koʻp oʻzbekistonliklar norasmiy turmush qurganlar

Buxorolik opa oʻz singlisining pasportini olib qoʻyib, uni tunda yosh bolasi bilan uydan chiqarib yubordi.

Moskvaga ishlashga kelgan opa-singillar orasida janjal chiqib, opa oʻz singlisi va uning bolasining pasportini olib, Oʻzbekistonga ketgan. Xujjatsiz qolgan ayol BBCga yosh bolasi bilan sarson boʻlayotganini aytadi.

Suhbatni tinglash uchun mana bu yerga bosing.

Buxorolik 27 yoshli Nodira (ismi o'zgartirilgan) tojik millatiga mansub yigit bilan birga yashab, oʻgʻil farzand koʻrgan. Shu yilning may oyida tojikistonlik mehnat muhojiri uni tashlab ketgan. Nodira qoʻlida bolasi bilan Oʻzbekistonga qaytganida oila aʼzolari qabul qilmasligidan qoʻrqadi. Shu vaqtda Moskvada ishlayotgan opasi Gulmira (ismi o'zgartirilgan) singlisini yoniga ishlashga chaqiradi.

- Senga yordam qilaman, uy olasan, dedi. Yoʻlkiramni toʻladi, keldim. Ozarbayjonlarning doʻkonida ishladim, ish haqimni bermadi. Pul bermaganini eshitib opam pasportimni olib, bolam bilan kechasi 12 yarimda haydab yubordi. Pasportimizni bering, deb shuncha yalindim, bermadi, - deydi Nodira .

Image caption Nodira uyiga qaytishga qoʻrqadi

Pasportini opasidan olish maqsadida Nodira politsiya boʻlimiga murojaat qilganini aytadi. Uning bu harakati Gulmirani jahlini chiqargan. U singlisining xujjatlarini olib, Oʻzbekistonga ketib qolgan.

Nodira opasi yoʻlkiraga bergan qarzini ishlab qaytarmagani uchun xujjatlarini olib ketib qolganini aytadi. U ayni paytda 1 yarim yoshli bolasi bilan Moskvada xujjatsiz va ishsiz.

Opaning javobi

Buxorodan Gulmiraning aytishicha, uning bu harakatiga singlisining ishsiz qolgani emas, ijara uyidagi yigit bilan janjallashgani va ayniqsa, Nodira "yana yengiloyoqligini boshlashi" sabab boʻlgan.

- Molimni sotib, oʻzi bilan bolasini yoʻlkirasiga berdim. Kelgach, 15 kun bolasiga qaradim, ishladi. Qanday ishladi, bilmayman, puliniyam bermadi. Oʻsha kuni bir ogʻiz "endi jim yur" deganimga janjal boʻldi. Bu tugʻishga kelganmi, ishlashgami?! Har yili har kimdan tugʻadi. Oʻsha kuniyam yarim kechasi bir erkak bilan mashinaga oʻtirib ketvordi. Pasportini olib qoʻydim. Eng yomon taʼsir qilgani, politsiyaga borgani boʻldi. Opam deport boʻlgan, ketmay yuribdi, deb aytib bergan. Qadrimga achindim. Endi 300 dollar pulimni bersin, berib yuboraman, - deydi Gulmira.

Rossiyada nikohsiz farzand koʻrgani uchun ota-onasi, aka-opalari Nodiradan voz kechishgan.

- Pasportimni olsam boʻldi, endi shu yerlarda bir amallab kunimni koʻrib yuraveraman-da.., - deydi Nodira.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02