Oʻzbekistonlik qullar: "shu yerdan chiqib ketsak boʻldi"

Saratov viloyati Engels tumani xaritasi Image copyright Google

Saratov viloyatida 5 nafar oʻzbekistonlik ishchi qullikka tushib qolgan. Engels tumani Karl Marks posyolkasida BBCga murojaat qiluvchilardan tashqari, yana taxminan 10 nafar fargʻonalik muhojirlar ham majburiy mehnat bilan shugʻullanishmoqda.

Muhojirga oʻqish muhimmi, pul?

Mirziyoyev migrantlar uchun nima qilib bersin?

Rossiya: yongʻin qurbonlari barchasi oʻzbekistonlik ekani tasdiqlandi

2017 yilning mart oyida vodiydan Toshkentga kelib yollanma ishchi boʻlib yurgan namanganlik yigitlar Saratovga ishlashga kelishgan. Kelishgan zahoti xujjatlari ish beruvchi tomonidan olib qoʻyilgan va ish haqi toʻlanmasdan ishlatilmoqda.

24 yoshli Islombek Sharipovning aytishicha, ish beruvchi bilan andijonlik Mamasharif Qambarov orqali gaplashishgan.

- "Pulsiz kelinglar, yoʻlkirani men toʻlayman. Ketishingizga oʻzingiz ishlab pul topasiz", degan edi boshliq. Hozir "ish ogʻirlik qilayapti, ketamiz", desak, senlar oʻynagani yo mehmonxonaga kelganmisizlar, ishlaysizlar, deb talab qilayapti. "Ishlamasang, kelgan yoʻlkira, xujjatlar, yeb-ichish, yotoq xarajatlarini ham toʻlaysan", deb 35 000 - 40 000 rubl (taxminan 600-700 $ )ni boʻynimizga ilib qoʻyyapti, - deydi Islombek Sharipov.

Image copyright AFP

Islombekka koʻra, 5 nafar namanganlik va 10 ga yaqin mehnat muhojirlari arman millatiga mansub "Valerik" ismli fermerning qoʻlida noiloj qolgan. Ish beruvchi oʻzbekistonlik mehnat muhojirlarining pasport va shaxsiy xujjatlarini olib qoʻyib, dalada majburan ishlatmoqda.

Namanganlik muhojirlar Toshkentda yollanma ishchi boʻlib birga ishlab yurgan paytlarida taxminan 50 yoshlardagi andijonlik Mamasharif Qambarov bilan tanishib qolishgan. Va Qambarov Saratovda yaxshi ish borligiga ishontirib, yigitlarni oʻzi bilan birga Saratovga olib kelgan. Oradan biro vaqt oʻtib Qambarov qochib ketgan.

- Har oy ish haqini naqd beradi, dam olish kunlari beriladi, degan edi. Bu yerga kelganimizdan keyin oʻzgarib qoldi. Tongdan kechgacha yer chopamiz, oʻt yulamiz, dalani hamma ishini qilayapmiz. Dam olish kuni yoʻq. Unisiga chidadik. Lekin kelganimizdan buyon bir marta 200 $ qoʻlimizga bermay, uyimizga joʻnatdi. Shu bilan umuman pul ham bermayapti, pasportimizni ham, - gapirib berdi Islombek.

Muhojirlar fermaning ichidagi vagonda yashab yurishibdi, ularga yaroqlilik muddati oʻtgan oziq-ovqatlar beriladi. Yuvinish joyi va hojatxona dalada.

"Pulimizni bermasa ham, shu yerdan chiqib ketsak boʻldi", deydi Islombek.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq