Rossiyada tugʻilish kam, migrantlar esa koʻpaymoqda

Rossiya oʻzbek migrantlarni oʻziga tortishda davom etyapti
Image caption Rossiya oʻzbek migrantlarni oʻziga tortishda davom etyapti

Rossiyadagi statistika markazi 2017 yilning yanvar-may oylari mobaynidagi demografik koʻrsatkichlarni eʼlon qildi.

Bu vaqt ichida 679,2 ming nafar farzand dunyoga kelgan, oʻlim hollari esa 791 mingni koʻrsatmoqda. Tabiiy kamayish 111,8 ming kishiga pasaygan. Bu oʻtgan yillardagiga qaraganda uch barobar koʻp demakdir.

2016 yilning ayni shu davrida 762,5 ming bola tugʻilgan, yaʼni tugʻilishlar soni qariyb 11% ga tushdi.

Tugʻilishlar soni 2015 yil boshidan buyon muntazam ravishda kamayib bormoqda edi, ammo bu yil boshida keskin qisqardi.

"Bizni tugʻilishlar soni keskin yomonlashuvi bilan bogʻliq vaziyat kutmoqda, va bu ortib boraveradi", - deb hisoblaydi Rosstat sogʻliqni saqlash va aholi statistikasini boshqarish eksperti Aleksey Raksha.

Ekspert nafaqat tugʻilishlar soni kamayishi, balki tugʻishning, yaʼni bir ayolga tugʻilgan bolalar soni hisobi keskin qisqarishi kutilayotganini bildirdi. Amalda bu yosh ayollar farzand tugʻishni ortga surayotgani yoki bola koʻrishni rad etayotganliklarini bildiradi.

Image caption Koʻp migrantlar oilalari bilan keladilar

Migrantlar oqimi esa ortib bormoqda

Shu kunlarda Rossiya matbuotida tugʻilishning keskin qisqarishi va oʻlimning ortishi barobarida yana bir maʼlumot jaranglamoqda: Rossiyada muhojirlar soni mamalakat umumiy aholisining 12 foizini tashkil etadi.

Migrantlar oqimining tobora ortib borayotgani hisobga olinsa, Rossiya demografiyasida yuzaga kelgan boʻshliqni muhojirlar toʻldira oladimi?

Ayni paytda mamlakatda 10,2 mln muhojir qonuniy qayd etilgan.

Rosstatning rasmiy maʼlumotiga koʻra, migratsiya oqimining oʻsishi aholi soni qisqarishini 72,2 foizga qoplab turibdi.

Tugʻilish 110 mingdan ziyodga kamaygan bir vaqtda, yaʼni shu yilning yanvar-may oylarida muhojirlar soni 80,7 ming kishiga ortdi.

Mamlakatga keluvchilarning asosiy qismi Ukraina (2.246.048), Oʻzbekiston (1.923.388), Tojikiston (1.067.247) fuqarolarini tashkil etadi.

Kamida 2030 yilgacha Rossiyada tugʻilishlar soni qisqarishi aytiladi.

"Ayni paytda faqat migrantlar yordamida aholi sonini bir maromda saqlab qolish mumkin. Hozir migratsiya oqimining oʻsishi yiliga 200-300 ming kishini tashkil etmoqda. Toki tugʻilish soni koʻpaymas ekan, 2032 yilgacha bu oqim aholi sonini qoʻllab turadi", - deydi Aleksey Raksha.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02