Prokuraturani "axlatdan" tozalashga Mirziyoyevga kim halaqit bergan?

Mirziyoyev Image copyright President.uz

Prezident Mirziyoyev 2 avgust kuni oʻtkazilgan videoselektorda prokuratura xodimlarini qattiq tanqid qilgan. U oldingi tizimdan qolgan prokurorlarning 80 foizini boʻshatganini va oxirigacha oʻzgartirishni vaʼda bergan. U prokurorlarni yomon koʻrishini bildirgan.

"Men oʻzi prokuror degan odamni, kechirasizlaru, juda yomon koʻraman. Buni ochiqcha aytyapman, nimaga desangiz men rayon hokimi boʻlganman, viloyat hokimi boʻlganman. Bu noinsoflarni gʻoʻddayishini, prokurorcha boʻlib darrov yurishi oʻzgarib qolishini, odamni mensimasligini juda yaxshi bilaman. Oʻzi eng katta oʻgʻri ular", - degan u.

Prezidentning prokurorlarni tanqid qilgan audio yozuvi internetga sizdirilgan. U oldingi Bosh prokurordan qolgan tizimni axlatga tenglashtirgan.

"Mana biz yangi Bosh prokuror qoʻydik, 80 foiz odamni oʻzgartirdik, oldingi qolgan axlatdan, oldingi tizimdan, Bosh prokuror qoldirgan oʻgʻri tizimidan 20-15 foiz odamlar yuribdi. Baribir oʻzgartiramiz oxirigacha. Yo prokuror halol boʻlib ishlaydi, yo umuman prokuraturani yoʻq qilamiz", - degan Prezident.

Prezident ayrim prokurorlarni "ahmoq" degan va familiyasini ham toʻgʻri yozolmasligini aytgan. Mirziyoyev davlat oldida hech kim avtoritet boʻlmasligini va faqat xalq avtoritet ekanligini taʼkidlagan.

Mirziyoyev bir necha yil Jizzax va Samarqand viloyatlarida hokim boʻlib ishlagan. 13 yil Bosh vazir lavozimini egallagan.

Mutaxassislar prokuratura tizimidagi bosh-boshdoqliklarni jilovlash uchun mamlakatdagi advokatlarga koʻproq huquq va vakolatlar berish kerakligini aytishadi.

Prezident Islom Karimov davrida prokuratura, umuman kuch ishlatar tizim va huquq tartibot organi xodimlari ochiq tanqid qilinmagan. Bu kabi tanqidlar boʻlgan boʻlsa-da, uning ovozi sizdirilmagani aytiladi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq