Qashqadaryo militsiyasi 20 ming soʻmga tanasini sotayotgan ayolni qoʻlga oldi

Suratning maqolaga aloqasi yoʻq Image copyright AFP
Image caption Suratning maqolaga aloqasi yoʻq

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani Pomuq qishlogʻida yashovchi 36 yoshli ayol 20 ming soʻmga (2,5 dollar) kelishib tanasini sotayotganda militsiya tomonidan qoʻlga olingan. Ayolga maʼmuriy ish ochilgan.

Daryo.uzning Ichki ishlar vazirligiga tayanib yozishicha, pomuqlik ayol va erkakning jinsiy aloqasi tumanda oʻtkazilgan "Tozalash" tadbiri davomida aniqlangan.

"Mirishkor tuman IIBda oʻtkazilayotgan "Tozalash" tadbirida profilaktika inspektorlari tomonidan fohishalik bilan shugʻullangan ayol ushlandi. Mirishkor tumani Pomuq qishlogʻida yashovchi 1981-yili tugʻilgan fuqaro Sh.Z. shu qishloqda yashovchi fuqaro A.S. bilan 20 ming soʻm pul evaziga jinsiy aloqada boʻlayotganligi aniqlandi", - deb yozadi daryo.uz.

Xabardan anglashilicha, Ichki ishlar xodimlari 20 ming soʻmga tanasini sotgan ayolga nisbatan maʼmuriy ish ochib uni tuman sudiga yuborgan.

Ayolni yollagan erkakka qanday chora koʻrilgani borasida hech qanday xabar berilmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu xabar ostiga izoh qoldirganlar ayolning 20 ming soʻmga tanasini sotishga majbur boʻlayotganiga eʼtibor qaratishgan.

Fohishalarni qoʻlga olish va bu ish bilan shugʻullanadigan joylarni fosh qilish soʻnggi vaqtda Toshkent shahrida avj olgan.

Xabarlarda fohishaga borganlar uchun qanday qora koʻrilgani borasida hech narsa aytilmagan.

Ayrim rivojlangan davlatlarda va qoʻshni Qozogʻistonda ham fohishalik bilan shugʻullanish legallashtirilgan.

Qozogʻistonda fohishalarga qarshi jazo yoʻq, biroq qoʻshmachilar jazoga tortiladi.

Kuzatuvchilar eʼtiborini ayollarni himoya qilish yoʻlida Shvetsiya tomonidan 1999 yili qabul qilingan qonun tortgan.

Bu oʻzgarishga Shvetsiya fohishalar borasida tasavvurni "oyogʻini osmondan keltirdi", deya taʼrif beriladi.

Qonunga koʻra, Shvetsiyada 1999 yildan eʼtiboran tanani sotish qonuniy qoldi, biroq uni sotib olish jinoyatga tenglashtirildi.

Yaʼni fohishalar tanasini sotishi mumkin, biroq undan foydalanmoqchi boʻlib pul toʻlaydigan erkaklar javobgarlikka tortiladi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq