Shimoliy Afgʻoniston: "Jangarilar oʻnlab odamni qirib tashlashdi"

Saripul Image copyright Map

Afgʻon mulozimlariga koʻra, Saripuldagi hujum Tolibon va IShID jangarilarining ishi boʻlgan.

Hujumchilar avvaliga viloyatning Mirzavalang mintaqasidagi politsiya nazorat nuqtasiga hujum qilishgan.

Keyin qishloqqa bostirib kirishgan, ayollar va bolalar doxil kamida "50 kishini qirib tashlashgan".

Saripul viloyat hokimi matbuot voizining aytishicha, "ular noinsoniy bir shaklda, shafqatsizlarcha oʻldirilgan".

Qurbonlar aksariyatining shia musulmonlari ekanliklari aytilmoqda.

Rasmiy xabarlarga koʻra, jangarilarning hujumlarida, bundan tashqari, oʻnga yaqin afgʻon harbiysi ham oʻldirilgan.

Maʼlum qilinishicha, bu jangarilar saflarida xorijliklari ham boʻlgan.

Afgʻoniston Tolibon harakati rasmiylarning bu bayonotlarini rad etib chiqqan.

Jangarilari mintaqadagi hukumat tomonidan dastaklangan 28 nafar yarim harbiylarni oʻldirganliklarini aytgan.

IShID jangarilari esa, hozircha jim, bu xususda oʻz munosabatlarini rasman bildirishmagan.

Afgʻoniston prezidenti va ijroiy raisi esa, katta sondagi tinch fuqarolarning oʻldirilishini keskin qoralashgan.

Saripuldagi qonli hujumni, hatto, "urush jinoyati"ga tenglashtirishgan.

Soʻnggi oylarda butun Afgʻoniston boʻylab jangarilar hujumlarining yanada faollashgani kuzatiladi.

Agar, Birlashgan Millatlar Tashkilotining hisob-kitoblariga tayanilsa, birgina joriy yilning olti oyida qariyb 2 mingga yaqin tinch fuqaro oʻldirilgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq