Tohir Yoʻldoshning oʻgʻli oʻtgani aytilgan tumanda qonli hujum

Saripul Image copyright BBCUzbek

Oʻzbekiston Islomiy Harakati marhum hamasoschisi va dastlabki yetakchisi oʻgʻlining kelib, joylashib olganiga oid rasmiy xabarlardan sanoqli oylar oʻtib, Afgʻonistonning shimoliy Saripul viloyati Sayyod tumani jangarilarning qonli hujumlariga sahna boʻlgan.

Harakat bundan ikki yil burun rasman toʻligʻicha bayʼat keltirgan IShID jangari guruhi Tolibon bilan birga tumanning Mirzavalang mintaqasidagi bir qishloqda "kamida 50 nafar tinch fuqaroni shafqatsizlarcha qirib tashlagan".

Hamkorlikdagi soʻnggi qonli hujum bu ikki jangari guruh oʻrtasida aynan Afgʻoniston shimolida keskin ziddiyatlar kuzatilayotgani, oxirgi oylarda ikkovlon bir-birlariga qarshi shiddatli janglarga kirishishganiga oid xabarlar manzarasida kuzatilmoqda.

Taʼkidlash joiz, bu ikki jangari guruh shu paytgacha Afgʻonistonning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy va shimoliy-sharqiy mintaqalarida bir hujumda buncha katta sondagi oddiy insonlarning umrlariga zomin boʻlmagan.

Xorijiy jangarilar

Saripul viloyati masʼullariga koʻra, hujumchilar orasida xorijiy jangarilar ham boʻlgan. Ammo ular bu jangarilarning qay bir davlat fuqarolari ekanliklarini ochiqlashmagan.

Saripul esa, katta sondagi xorijiy ittifoq qoʻshinlari Afgʻonistonni tark etgan oʻtgan uch yil ichida mamlakatning aynan Oʻzbekiston Islomiy harakati aʼzolari faollashgan ikkita shimoliy viloyatidan bittasi sifatida koʻriladi.

Jangarilar tomonidan Sayyodda "shafqatsizlarcha qirib tashlangan"i aytilayotgan bu odamlar orasida bolalar va ayollarning ham borliklari xabar berilgan.

Ustiga ustak, ular qurbonlarining aksariyati shia musulmonlari boʻlishgan.

Bu qishloqqa hujum qilgan har ikki jangari guruh ham sunniy musulmonlariga mansub.

Ammo ham Yaqin Sharq va ham Afgʻoniston urush tajribasi tahlil qilinganda, shia musulmonlarini asosan IShID jangari guruhi hujumga tutib kelgan.

Bu har ikki mintaqada oʻtgan yaqin yillar ichida shia musulmonlariga qarshi uyushtirilgan eng qonli hujumlarga masʼuliyatni ayni shu guruh oʻz zimmasiga olib kelgan.

Saripulning Sayyod tumanidagi soʻnggi qonli hujum manzarasida esa, Afgʻoniston Tolibon harakati raddiya bilan chiqqan.

Oʻzlarining biror bir tinch fuqaroning umriga zomin boʻlmaganliklarini iddao qilgan.

Ammo, mintaqadan olingan eng soʻnggi xabarlarga koʻra, "oʻnlab shia musulmonlari shafqatsizlarcha oʻldirilishi" ortidan, Mirzavalangda 100 dan ortiq odam toliblar qurshovida qolishgan. Ularning orasida ham ayollar va bolalarning borliklari aytilmoqda.

Xabarlarga koʻra, oralarida kelib chiqqan kutilmagan ixtilof ortidan, IShID jangarilari mazkur hududni tark etishgan.

Afgʻonistonlik masʼullar esa, Tolibon qamalidagilarni ozod qilish uchun tez orada yirik harbiy amaliyot olib borishlarini bildirishgan.

Tohir Yoʻldoshning oʻgʻli

Marhum Tohir Yoʻldosh oʻgʻlining Afgʻoniston shimolida ekaniga oid xabarlar turli matbuot nashrlarida shu yil boshida paydo boʻlgan.

Xabarlarda uning IShID guruhi nomi ostida aynan Saripul viloyatining Sayyod tumaniga kelib joylashib olgani va afgʻon hukumatiga qarshi jang boshlayotgani haqida aytilgan.

Saripullik masʼullar, oʻz taʼbirlarida, Oʻzbekiston Islomiy harakati marhum rahbarining oʻgʻli Saripul va Jauzjon viloyati oʻrtasidagi mintaqalarda katta moliyaviy imkoniyat bilan faoliyat boshlaganidan jiddiy tashvishlarini izhor etishgan.

Buning ortidan, marhum Tohir Yoʻldosh oʻgʻlining Turkmanistonga bevosita chegaradosh Jauzjon viloyatining soʻnggi oylarda eng beqaror Darzob tumaniga oʻtganiga oid xabarlar ham olingan.

Saripul viloyat hokimi matbuot voizi Zabiulloh Omoniy BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida, "Bu jangarilar mintaqada IShID guruhi faoliyatini kengaytirishga urinib, mahalliy aholi orasidan oʻzlariga yangi aʼzolar yollashga harakat qilishayotgani, oʻzlarining bundan tashvishda" ekanliklarini bildirgandi.

Bundan avval Afgʻoniston Tolibon harakati saflarida jang qilgan bu jangarilarning hozirga kelib, IShID guruhi bayrogʻi ostida jang qilishayotganini maʼlum qilgandi.

Xuddi shu manzarada Saripulga qoʻshni va Turkmanistonga bevosita chegaradosh shimoliy Jauzjon viloyati masʼullari ham chekka mintaqalarda IShID guruhi faoliyati kuchayib borayotganidan oʻz xavotirlarini izhor etishgan.

Jauzjon viloyati hokimi matbuot voizi Muhammad Rizo Gʻafuriy BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida, "IShID guruhi aʼzolari viloyatning chegara tumanlarida, hatto, mahalliy aholi ustidan mahkama oʻtkazishgacha borishayotgani, masjidlardan birini oʻz zindonlariga ham aylantirishga ulgurishgani"ni aytgandi.

Xuddi shu manzarada har ikki viloyat masʼullari markaziy hukumatdan mavjud vaziyatga jadallik bilan eʼtibor qaratish, IShID guruhi faoliyatining oldini olish va ularni yoʻq qilishni ham soʻrashgan.

Ular, aks-holda, Afgʻonistonning shimoliy mintaqalari Tolibon oʻrniga IShID guruhining faoliyati kengayishi mumkinligi bilan ogohlantirishgandi.

Ammo har ikki viloyat masʼullari ham marhum Tohir Yoʻldosh oʻgʻlining IShID saflarida qanday maqomda ekani, jangarilarining soni va ularning aynan qay bir davlat fuqarolaridan iborat ekanliklari doxil unga oid biror bir shaxsiy maʼlumotni ochiqlashmagandi.

Oʻzbekiston Islomiy Harakati 2015 yilning sentyabr oyida rasman bayonot bilan chiqib, oʻzlarining Pokistondan toʻligʻicha Afgʻonistonga qaytishganini maʼlum qilgan.

Buning ortidan, Oʻzbekiston Islomiy Harakati aʼzolarining avvaliga Afgʻonistonning Pokistonga bevosita chegaradosh janubiy, janubiy-sharqiy va sharqiy mintaqalarida qayta faollashishgani kuzatilgan. Qisqa vatqning oʻzida qadamlari mamlakat shimoli va shimoli-sharqiga yetgani ham ayon boʻlgan.

Ammo, oradan uncha oʻtmay, Afgʻonistondagi eng yirik jangari guruh sifatida eʼtirof etiluvchi Tolibon bilan oralarida shiddatli janglar kechganiga oid xabarlar olingan.

Zobul va Gʻaznada kechgan bu janglarda Oʻzbekiston Islomiy harakati aʼzolarining jiddiy shikast koʻrganligi ham aytilgan. Oʻsha janglar ortidan, harakat rahbari Usmon Gʻoziyning taqdiri ham hanuz nomaʼlumligicha qolmoqda.

Soʻnggi oylarga kelib esa, afgʻon masʼullari aksariyatini Markaziy Osiyo fuqarolariga nisbat berayotgan IShID jangarilarining, kutilmaganda, Afgʻonistonning Turkmanistonga bevosita chegaradosh ikki shimoliy viloyati: Saripul va Jauzjonda faollashib borishayotgani kuzatilgan.

Jangarilar

Afgʻonistonlik masʼullar oʻtgan yil oʻrtalarida birgina Zobul va Gʻazniydagi Oʻzbekiston Islomiy Harakati aʼzolari boʻlgan aksariyati markaziy osiyolik jangarilar oilalar sonining oʻzi olti yuzlar atrofida ekanini taxmin etishgandi.

Masʼullarga koʻra, bu jangarilarning ayollari ham jang olib borish sanʼatini puxta egallashgan, bundan tashqari, ular turli portlovchi moddalar yasash, josuslik maʼlumotlari yigʻish va mahalliy aholini urushga targʻib etish bilan ham shugʻullanishadi.

Pokiston Qurolli kuchlarining Afgʻoniston bilan bevosita chegaradosh Shimoliy Vaziriston mintaqasida oʻtgan yil yozidan buyon olib borayotgan keng koʻlamli harbiy amaliyotlari va ikki guruh aʼzolari orasida kechgan shiddatli janglar ortidan, harakat aʼzolarining bugungi soni maʼlum emas.

Ammo afgʻonistonlik masʼullarning soʻnggi oylardagi chiqishlaridan ular jangarilarining soni yuzlab ekani anglashiladi.

Afgʻonistonning qator shimoliy viloyatlarida IShID guruhining faollashish harakatida ekaniga oid xabarlar mamlakat birinchi vitse-prezidenti general Abdulrashid Doʻstumning shu xususdagi jiddiy ogohlantirishidan bor-yoʻgʻi sanoqli oylar oʻtib oʻrtaga chiqqan.

Jangarilarga qarshi keng koʻlamli harbiy amaliyotlarga shaxsan boshchilik qilish uchun Afgʻoniston shimolida ekan, general Doʻstum oʻtgan yil oxirida Yaqin Sharqdagi IShID guruhi Markaziy Osiyo davlatlarini koʻzlab, mintaqaga oʻn mingga yaqin jangarisini sizdirish niyatida ekanini aytgandi.

Ammo, eng soʻnggida taʼkidlash joiz, IShID jangari guruhi mamlakat birinchi vitse-prezidentining bu bayonoti doxil, Afgʻoniston shimoli va shimoli-sharqidagi afgʻon masʼullari oʻzlariga nisbat berayotgan biror bir qotillikka rasman va oshkora munosabat bildirishmagan.

Shu jumladan, Saripulning Sayyod tumanida amalga oshirilgan soʻnggi qonli hujum borasida ham guruh, hozircha, jim.

Lekin bir hujumning oʻzida aksariyati shia musulmonlaridan iborat oʻnlab kishining qirib tashlanishi IShID guruhining Yaqin Sharqda deyarli tanazzulga uchrab boʻlgani, islomiy xalifati barham topgani va lideri Abu Bakr al-Bagʻdodiyning oʻldirilganiga oid bayonot, xabar hamda iddaolar manzarasida kuzatilgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq