Mamadali Mahmud va Muhammad Bekjon "nazoratdagilar roʻyxati"dan oʻchirilgan

Evril Turon Mamadali Mahmud Image copyright FACEBOOK

Taniqli yozuvchi Evrin Turon - Mamadali Mahmud oʻzi yashaydigan Toshkent shahri Mirzo Ulugʻbek tumani rahbarlari tashkil etgan uchrashuvga chaqirtirilgan.

Yozuvchining BBCga aytishicha, uchrashuv Jismoniy tarbiya instituti binosida boʻlib oʻtgan.

Tuman hokimi, prokurori, boshqa huquq-tartibot organlari uyushtirgan uchrashuvga 60 tacha "roʻyxatdagi inson" taklif qilingan.

Ular orasida taxminan 15 roʻmol oʻragan ayol bor edi, deydi adib.

Rasmiylar roʻyxatdan oʻchirilganlarning ism-sharifini oʻqib eshittirganlar.

"Lekin mening ismi-sharifimni eʼlon qilishmadi. Ichki ishlar boʻlimi vakilidan soʻraganimda, "uchrashuvda qatnashganlarning hammasi nazoratdan chiqarildi", deb aytdi, dedi Mamadali Mahmud.

"Ozodlikka chiqqanimga 4 yil boʻlgan boʻlsa ham men va oʻgʻlim har oyda tilxat yozib berib turardik, har Yangi yil, Mustaqillik bayramlari oldidan oʻzimizning qayerda ekanimizni xabardor qilib turishimiz shart edi", deydi yozuvchi.

Dunyodagi qamoqda eng uzoq saqlangan jurnalist Muhammad Bekjon shu yil fevralida ozodlikka chiqarildi, hozir u Xorazm viloyati Yangibozor tumanida istiqomat qilmoqda.

Image copyright BBC UZBEK

Muhammad Bekjonning BBCga aytishicha, "nazoratdagi insonlar roʻyxati"dan chiqarilgani haqida oʻziga xabar berishgani yoʻq.

"Ammo qamoqdan chiqqanimdan buyon kelib tilxat yozdirib ketishayotgandi, bir yarim oydan buyon kelishmayapti", dedi jurnalist.

Avgust oyining boshida futbol sharhlovchisi va diniy radioeshittirishlari bilan tanilgan jurnalist Xayrulla Hamidov "qora roʻyxatdan chiqarilgan".

BBCga maʼlum boʻlishicha, Oʻzbekiston qamoqxonasida 23 yil 4 oy saqlangan Samandar Qoʻqonovni ham jamiyat uchun tahdid deb bilinadigan shaxslar roʻyxatidan chiqarishgani haqida xabardor qilishgani yoʻq.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati faollari bilan uchrashuvda "notoʻgʻri yoʻlga kirib qamalgan" insonlar va ularning qarindoshlariga nisbatan davlat tomonidan notoʻgʻri munosabat koʻrsatilganini tan oldi.

Prezident Mirziyoyev topshirigʻi bilan Oʻzbekistondagi minglab dindorlar xalq tilida "qora roʻyxat" deb atalgan roʻyxatdan chiqarilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

Musulomonlar idorasidagi manba 10 mingdan ortiq insonning ushbu roʻyxatdan chiqarilishini va ularni mahalliy imomlar kafillikka olishini maʼlum qilgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq