Rossiya Xavfsizlik Kengashi raisi nega noqonuniy migratsiyadan xavotirda?

Rossiya Image copyright courtesy

Nikolay Patrushevning bayon qilishicha, haliyam Rossiyada noqonuniy migrantlar sonini jiddiy kamaytirishga muvaffaq boʻlishmagan.

Rossiya Xavfsizlik Kengashi raisiga koʻra, "bu kabi holat ijtimoiy xavfsizlikka tahdid solishda davom etmoqda".

"Hanuz mamlakatda terrorchilik, chegaralarosha jinoyatchilikni oziqlantirishi mumkin boʻlgan muhitni paydo qilmoqda, iqtisodiy aloqalarning jinoiylashuviga xizmat qilmoqda".

Nikolay Patrushev bu haqda dushanba kuni Yoqutistonda boʻlib oʻtgan milliy xavfsizlik masalalariga bagʻishlangan koʻchma yigʻin chogʻida bayon qilgan.

Uning taʼkidlashicha, xorij fuqarolari uchun Rossiyada ishlash shart-sharoitlarining yengillashtirilishi, migrantlarning Rossiya jamiyatiga moslashib ketishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ham bu masalada oʻzlariga yordam bera olmagan.

Baribir, "Rossiyada haliyam noqonuniy migratsiya koʻlamini jiddiy qisqartirishga muvaffaq boʻlinmagan".

Nikolay Patrushev, "migrantlar tomonidan soxta hujjatlardan foydalanish, qalbaki yoʻllar bilan Rossiyada rasman qayddan oʻtish hollarining bugungi surʼati befarq qarab boʻlmaslik darajasida" ekanini qoʻshimcha qilgan.

Rossiya va oʻzbekistonliklar

Rossiya, yillarki, ham dunyo davlatlari va ham sobiq Shoʻro Respublikalari nazarda tutilganda, eng katta sondagi Oʻzbekiston fuqarolari mehnat muhojirligi uchun yuz tutayotgan mamlakat boʻladi.

Birgina rasmiy raqamlarga tayanilganda ham, u yerda joriy paytda ikki millionga yaqin oʻzbekistonlikning yashab, mehnat qilayotgani aytiladi.

Agar, Rossiya ommaviy-axborot vositalari xabariga tayanilsa, 2017 yilda bu kabi oʻzbekistonliklarning soni yanada ortishi kutilmoqda.

Rossiyadagi ekspert, faol va kuzatuvchilar esa, mamlakatdagi oʻzbekistonlik migrantlar sonining rasmiy raqamlarga keltirilayotganidan koʻra ancha koʻp ekanini aytishadi.

Bundan tashqari, ayniqsa, aynan soʻnggi yillarga kelib, Rossiyada migratsiya tartib-qoidalarining jiddiy keskinlashtirilishi va patent sarf-xarajatlarining oʻta qimmatlashuvi sabab, ular orasida noqonuniy maqomda yashab, mehnat qilishga majbur boʻlayotganlari soni ozmuncha emasligini taʼkidlashadi.

Oʻzbekiston mustaqilligi ortidan kechgan qariyb chorak asrlik vaqt davomida "millionlab" sondagi fuqarolarining Rossiyada mehnat muhojirligida band ekanliklari voqeʼligiga qaramay, faqat oʻtgan yili yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev qudratga kelishi ortidangina ayni muammo hukumat darajasida eʼtibor topgan.

Shavkat Mirziyoyevning shu yil aprel oyida Moskvaga qilgan davlat tashrifi chogʻida Oʻzbekiston fuqarolarini Rossiyada tashkillashtirilgan tartibda ishga yollash haqida shartnoma imzolangan.

Rossiyada ishlayotgan oʻzbekistonliklarni "dangasalar", deb atagan marhum prezident Islom Karimovdan farqli tarzda, Oʻzbekistonning yangi rahbari ularni "farzandlarimiz", deya tilga olgan.

Shavkat Mirziyoyev mehnat muhojirlari muammosi oʻzini oʻtgan 15 yil davomida qiynab kelganligini aytgan.

Kelajakda bu kabi oʻzbekistonliklar oʻz vatanlarida ham ish topa oladigan boʻlishlarini taʼkidlagandi.

Chiqish va maqsad

Gʻarbning yangi sanktsiyalari istiqboli va kelasi yil boshida kutilayotgan Rossiya prezident saylovlari manzarasida Xavfsizlik Kengashi raisi Nikolay Patrushevning noqonuniy migratsiya tahdididan ayni mazmundagi ogohlantirishi aksariyat mintaqaviy tahlilchilarning eʼtiborlaridan chetda qolmagan.

Ularga koʻra, bu - rossiyaliklarga qaratilgan informatsion, mafkuraviy, psixologik bir siyosat boʻladi.

Bundan maqsad esa, "rasmiy Kreml, shaxsan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va uning atrofidagi shaxslarning mavqeʼlarini mustahkamlashga qaratilgan".

"Rossiyadagi saylovlar yili va sanktsiyalar fonidagi ijtimoiy inqirozning kuchayib borishi, Rossiyadagi iqtisodiy retsessiyaning chuqur ildiz otishi bilan bogʻliq boʻlgan ijtimoiy kayfiyat va unga qarama-qarshi vosita sifatida xavfsizlikning taklif qilinishi...", - deydi, jumladan, Frantsiyadan siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimov.

"Yaʼni, jamiyatga, "och boʻlishlaring mumkin, iqtisodiy qiynalishlaring mumkin, lekin terror xavfi turganida, hokimiyatga rozi boʻlishlaring va uni qoʻllab-quvvatlashlaring kerak", degan bir mujda yuborilayapti".

Ammo, suhbatdoshimizga koʻra, Rossiya Xavfsizlik Kengashi raisining chiqishidan yana bir maqsadni anglash mumkin.

Uning aytishicha, "Rasmiy Kreml mehnat muhojirlari soni va ularga bosim oʻtkazish orqali, ayni paytda, oʻziga geosiyosiy resurs ham shakllantirmoqda".

Mening nazarimda, bu bilan Markaziy Osiyoga bir siyosiy-psixologik bosim oʻtkazish maqsadi istisno qilinmaydi, deydi tahlilchi suhbatdoshimiz biz bilan suhbati yakunida.

Eng soʻnggida eslatib oʻtish joiz, Oʻzbekiston yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga davlat tashrifi arafasida Sankt-Peterburg yirik portlash hodisasiga sahna boʻlgan.

Uning xudkushlik hujumi ekani, asli qirgʻizistonlik oʻzbek millatiga mansub 22 yoshli Akbarjon Jalilov tomonidan uyushtirilgani iddao qilingan.

Portlashga aloqadorlik gumoni bilan poytaxt Moskva va Sankt-Peterburgda oralarida oʻzbekistonliklari ham doxil barchasi Markaziy Osiyo fuqarolari boʻlgan oʻndan ortiq kishi hibsga olingan.

Orada kechgan vaqt davomida ulardan aksariyatiga rasman "Terrorchilik" bilan bogʻliq ayblovlar ham ilgari surilgan.

Ammo bu portlashga masʼuliyatni Shimoliy Kavkazdagi "Imom Shomil bataloni" oʻz zimmasiga olib chiqqandi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq