Ali Feruzning Oʻzbekistonga qaytarilishi vaqtincha toʻxtatildi

Xudoberdi Nurmatov Image copyright Vlad Dokshin/Novaya Gazeta
Image caption Nurmatov politsiya tomonidan qiynoqqa solinganini daʼvo qilgan

Moskva shahar sudi Basmanny tumani sudining oʻzbekistonlik jurnalist Xudoberdi Nurmatovni Oʻzbekistonga qaytarish borasidagi qarorini vaqtinchalik toʻxtatdi. Bunga Yevropa inson huquqlari sudining talabi sabab boʻldi.

Xudoberdi Nurmatov Moskvada chop etiluvchi "Novaya gazeta"da Ali Feruz taxallusi bilan ishlab keladi.

"Novaya gazeta" oʻz saytida yozishicha, Yevropa sudi joylashgan Strasburgda Nurmatov ishi ustivor masala deya koʻrilmoqda. Yevropa sudi Moskvadan uning ishi toʻla koʻrib chiqilmaguncha, Oʻzbekistonga deportatsiya etilmasligini soʻragan.

Yevropa inson huquqlari sudi oʻz hukmini chiqarmaguncha, Nurmatov Ichki ishlar vazirligining Moskvadagi xorijiy fuqarolar vaqtincha saqlanadigan maxsus hibsxonasida ushlab turiladi.

"Novaya gazeta" bosh muharriri Dmitriy Muratov Nurmatovni hibsxonada borib koʻrgan. Uning xabar qilishicha, Nurmatov "sharoitlar yaxshi" ekanini aytgan.

Ammo, tahririyat Nurmatovning hibsda doʻpposlangani va qiynoqqa solingani borasidagi daʼvolari eʼtiborsiz qolmasligini aytmoqda.

Image copyright Viktoriya Odissonova/Novaya Gazeta
Image caption Sudda Nurmatovning keksa onasi ham koʻrsatma berdi

Sudda Nurmatovning onasi Zoya Nurmatova ham chiqish qildi.

Uning aytishicha, uning 10 farzandi boʻlgan, ammo faqat 5 nafari omon qolgan. Uning aytishicha, Xudoberdi uning eng kenjasi.

Onaning bildirishicha, Xudoberdidan boshqa barcha farzandlari Rossiya fuqaroligiga ega.

Xudoberdi Nurmatov SSSR davrida Rossiyada tugʻilgan, ammo oʻsmirligida otasi bilan yashash uchun Oʻzbekistonga ketgan va Oʻzbekiston pasportini olgan.

Nima uchun Oʻzbekistonga qaytishdan qoʻrqayotgani soʻralganda, u u yerda uni "sekin va ogʻriqli oʻlim" kutayotganini aytdi.

"Men uch yildan koʻp vaqtdan beri boshpana soʻrovchi maqomiga egaman. Bu vaqt mobaynida IIV tomonidan menga daʼvo boʻlmadi. Daʼvolar bu yil martida men Oʻzbekistondagi saylovlar haqida maqola yozganimdan keyin boshlandi. Men buni oʻz jurnalistik faoliyatimga bogʻliq deb bilaman", - dedi Nurmatov.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq