"Dahriylar dindorlarga qaraganda axloqsizroq"

Dindorlik yoki dahriylik masalasini koʻtarib chiqqan inson Image copyright AFP
Image caption Hamon koʻp insonlarning nazarida axloq Xudoga ishonishning natijasidir

Oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, aksar odamlar ateistlarni dindorlarga nisbatan xavfliroq va axloqsizroq kishilar deb bilishar ekan.

Nature Human Behaviour ilmiy jurnalida eʼlon qilingan tadqiqot Yevropa, Osiyo, Afrika, Amerika va Avstraliya qitʼalaridagi 13 mamlakatda oʻtkazilgan jamoatchilik fikrini oʻrganish xulosalariga tayangan.

Soʻrovda 3000 dan ortiq kishi ishtirok etgan.

Ular Finlandiya, Yangi Zelandiya, Britaniya, Gollandiya, Chexiya, Avstraliya, Mavritaniya, Gonkong, AQSh, Xitoy, Birlashgan Arab amirliklari, Singapur va Hindiston yashovchilari boʻlganlar.

Soʻrov qatnashchilariga berilgan savol mazmuni taxminan shunday boʻlgan:

"Tasavvur qiling, bir inson bolaligida jonivorlarni qiynagan, voyaga yetganidan keyin oʻqituvchi boʻlgan, soʻng esa boshpanasi yoʻq 5 insonni oʻldirgan. Sizningcha, bu odam dahriymi yoki dinga ishonadigan odammi?"

Hoynahoy, bu ateist boʻlsa kerak, deya fikr bildirganlar soni, bu odam dindor, deb aytganlarning sonidan ikki baravar koʻp boʻlgan.

Tadqiqot mualliflaridan biri, Kentukki universiteti professori Uill Jervening xulosa qilishicha, axloq masalasiga kelganda baʼzan ashaddiy dahriylar ham "aksilateistik bir yoqlamalik"ka yoʻl qoʻyadilar.

"Oʻylaymanki, bu diniy tushunchalar insonlarning ongiga chuqur singib ketgani bilan bogʻliq. Hatto mutlaqo dunyoviy sifatida koʻriladigan hududlarda ham odamlar intuitiv ravishda dinga axloqiy himoya sifatida munosabatda boʻladilar", - deb aytgan professor Jerve "Frans-Press" axborot agentligiga.

Tadqiqot mualliflarining fikricha, din insonlarning axloqiy xulosa va qarorlariga taʼsir koʻrsatsa-da, asosiy axloqiy instinktlarning dindan mustaqil ekani koʻzga tashlanadi.

Hamon koʻp insonlarning nazarida axloq Xudoga ishonishning natijasidir.

Tadqiqot xulosasiga koʻra, dunyoviy jamiyat va dunyoviy mamlakat deb koʻrilgan jamiyat va mamlakatlarning nisbatan barqarorligi kuzatilgan.

"Koʻp insonlar, hatto ateistlar ham Dostoyevskiyning "agar Xudo boʻlmasa, hamma narsani qilish mumkin ekan-da?" degan savoliga "ha", deya javob qaytaradilar. Chunki "hamma narsa" deganda dahriylar ham mutlaq axloqsizlikni tushunadilar", deyiladi tadqiqotda.

Olimlar xulosasiga koʻra, ochiqdan-ochiq dindorlik olqishlanmaydigan dunyoviy jamiyatlar soni koʻpayib borayotgan esa-da, hali ham din insonlarning axloqiy intuitsiyasiga katta taʼsir oʻtkazib kelayapti.

U yoki bu dinga eʼtiqod qiladigan insonlarning soni koʻp boʻlgan AQSh, Birlashgan Arab amirliklari va Hindiston singari mamlakatlarda dahriylarni yomon koʻrish koʻproq kuzatilar ekan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq