Ayol va erkaklar birga namoz oʻqiydigan masjid ochildi

Seyran Atesh va Lyudovik-Muhammad Zohid Yevropa boʻylab ekspansiyani koʻzlashmoqda Image copyright AFP
Image caption Seyran Atesh va Lyudovik-Muhammad Zohid Yevropa boʻylab ekspansiyani koʻzlashmoqda

Qizil gʻisht, gumbaz, rangli oynalar: tashqaridan Berlindagi Avliyo Ioann cherkovi boshqa protestant ehromlaridan farq qilmaydi. Ammo, uning hovlisidagi bir xona gʻayrioddiy.

Yorugʻ zalga kiraverishda poyafzal sochilgan, ichkarida esa - rang-barang joynamozlar. Bu masjid.

U Germaniyadagi ilk shunday masjid.

Uning farqi faqat nasroniylar ehromida joylashgani emas, balki, unda erkaklar va ayollar yonma-yon namoz oʻqishi va hatto ayollarga juma namoziga imomlik qilishga ham ruxsat berilishida. Undan tashqari, u gey jamoatchilik vakillariga ham ochiq.

"Masjidimiz hamma uchun ochiq. Biz Tangri emasmiz. Kim yaxshi yo kim yomon musulmon ekanini biz hal qilmaymiz", - deydi uning asoschisi, advokat va feminist Seyran Atesh.

Inklyuziv Islom, yaʼni barchani qabul qiluvchi bu harakat tarafdorlari soni ortib bormoqda. Uning yangi masjidlari ochilmoqda, ammo, hozircha asosan xususiy uylarda.

Image copyright Reuters
Image caption Berlindagi Ibn Rushd-Gyote masjidida erkaklar va ayollar birga namoz oʻqiydilar

Berlindagi bu Ibn Rushd-Gyote masjidi esa dunyodagi ilk doimiy liberal masjid.

"Bu qandaydir yopiq klub yo joy emas, bu yerga faqat tanish-bilishchilik bilan kelmaysiz. Biz hammani kutishimizni ochiq aytamiz", - deydi asli turk boʻlgan germaniyalik Atesh.

Islomiy reformatsiya

Ilk inklyuziv masjidlardan birini 2012 yilda Parijda Lyudovik-Muhammad Zohid ochgandi. U asli jazoirlik gey-imom va Frantsiyada oʻzining qonuniy turmush oʻrtogʻi bilan yashaydi.

Zohid Yevropaning boshqa burchaklarida masjidlar ochishda Ateshga yordam bermoqda.

"Evropa Islomni reformatsiya (isloh) qilish yoʻlida ishlashimiz uchun juda qulay joy. Bu yerda soʻz erkinligi, demokratiya, taʼlim va ijtimoiy koʻmak bor", - deydi Zohid Berlindagi masjidda oʻtkazgan suhbatimizda.

"Zamonaviy ayollar va geylar taqvodor boʻla olmaydi deydigan birodarlarimga yuzlanib shuni aytmoqchiman: haqiqiy musulmon hamjinslarga yovqarash, ayollarni tahqirlash va antisemitizmni qoralashi kerak, chunki Islom oʻzliging va atrofingdagilar bilan tinchlikda yashashga oʻrgatadi", - deydi u.

Tahdidlar

Yangi masjidning erkin tartibi hammaga ham yoqib tushgani yoʻq.

Image caption Avliyo Ioann cherkovi koʻrinishidan oddiy nasroniy ehromi

Ateshga bir necha bor oʻlim tahdidi qilingan. Turkiya televideniyesida nemislar Qurʼonni oyoq osti qilganlari koʻrsatilganidan keyin bu tahdidlar koʻpaygan.

Ateshga koʻra, bu qoʻpol va soxta yangilik edi. Unga koʻra, turk kanali xodimining oʻzi Qurʼonni yerga tashlab, toptagan.

Turk rasmiylari Ateshni musulmon ulamo Fathulla Gulan bilan aloqa qilishda ayblaganlar. Turkiya hukumati Gulanni oʻtgan yilgi davlat toʻntarishi harakatining muallifi deb biladi.

Misr hukumati ham Ateshni Islomga isnod keltirishda ayblagan.

Bu tahdidlar ortidan shundoq ham Ateshni himoya qiladigan politsiya qoʻriqlovni kuchaytirdi.

Ateshga qarshi tahdidlarni qoralaydiganlarning hammasi ham uning fikriga qoʻshilmaydi.

Opa ismli yigit Germaniyaga Gambiyadan kelgan. U ayol va erkaklarning birga namoz oʻqishini haliyam qabul qila olmasligini aytadi.

Uning aytishicha, oʻzga jins vakilining boʻlishi namozxonni chalgʻitishi mumkin.

"Hukm chiqarmang"

Miriam masjiddagi Qurʼonni yodlash darslarini olib boradi.

Image caption Laka va Miriam

Uning aytishicha, asosiy vazifasi musulmonlar orasida sabr-toqatga erishishdir.

Uning oʻzi Ateshning dunyoqarashiga toqat bilan yondoshadimi?

"Menga qarab turib buni tushunsangiz kerak. Men hijob oʻrayman, u esa bunga boshqacha yondoshadi. Lekin, u bu yerda "Seyran Atesh masjidi" emas, balki barcha musulmonlar masjidi boʻlishini xohlaydi. Men liberal, anʼanador degan yorliqlarni taqishni istamagan boʻlardim. Mening dinimdagi eng asosiy qadriyat - toqatli boʻlish", - deydi u.

28 yoshli pokistonlik Laka uning fikriga qoʻshiladi. "Barchamiz tengmiz. Tashqi koʻrinishimiz, terimiz rangi va jinsiy oriyentatsiyamizga qaramay", - deydi u.

"Men qayerdan bilay Ollohga kim yaqinroq ekanini? Nega men buni hal qilishim kerak? Buni qilolmayman. Va qilmayman", - deya qoʻshimcha qiladi Laka.

Berlin masjidida hijob muhokama qilinmaydi. Bu yerdagi suhbatlar jiddiyroq mavzularga asoslangan. Ateshning maqsadi - Islomni butunlay yangilash.

"Biz anʼanadorlar va fundamentalistlarni qanday qabul qilgan boʻlsak, ular ham bizni shunday qabul qilishlarini istayman. Islomning barcha oqimlari birlashsin. Mening orzuim shu", - deydi u.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq