Xorijda ishlaysiz, nima qilsa, Oʻzbekistonga qaytasiz?

Yevropa Image copyright AFP

Agar, soʻnggi paytlarda mamlakat rahbariyati darajasida yangrayotgan daʼvatlarga quloq tutilsa, Oʻzbekistonga qator sohalarda oliy malakali mutaxassislar kerak.

Bugun AQSh, Britaniya, Yaponiya doxil dunyoning yetakchi davlatlarida bank, konsalting, sugʻurtalash, ilm-fan, taʼlim, davlat xizmati, tibbiyot, informatsion texnologiya va logistika yoʻnalishida ishlayotgan oʻzbekistonliklar esa, yetarlicha topiladi.

Kuni-kecha poytaxt Toshkentda, xalqaro press-klubning taʼlim tizimiga bagʻishlangan navbatdagi yigʻinida kutilmaganda xuddi shu masala ham muhokama mavzusiga aylangan.

Yigʻinning oʻzi esa, "Taʼlim tizimi oʻzgaruvchan mehnat bozoriga moslashish yoʻlida", deb nomlangan.

Ishtirokchilarga hozir AQShda istiqomat qiluvchi asli samarqandlik Zafar Safarovning elektron maktubi ham oʻqib eshittirilgan.

Maktub mazmunidan, agar, daʼvat etilsa, u yerda turli sohalarda mehnat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolarining aksariyati ortga qaytish, oʻz malaka va xorijda orttirgan tajribalarini vatanda qoʻllashga hozir ekanliklari maʼlum boʻlgan.

Siz-chi? - BBC Oʻzbek Xizmati xuddi shunday savol bilan Britaniyada boʻlgan oʻzbekistonliklardan biri Abdumalik Soliyevga murojaat qildi.

Buning ortidan soʻz navbati berilgan Oʻzbekiston Oliy va oʻrta taʼlim vaziri "agar, ushbu mutaxassislar Vataniga qaytishni istashsa, ular uchun kerakli, munosib ish oʻrinlari yaratilayotgani..."ni aytgan.

"Bir necha katta loyihalar allaqachon boshlangani"ni bildirgan.

"Bizning iqtisod va bizning mamlakatga bunday mutaxassislar kerak", deya taʼkidlagan.

Vazirdan soʻng xorijda yetarlicha ish tajribasiga ega ekani maʼlum boʻlgan oʻzbekistonliklardan biri soʻz olgan.

Oʻzining "Singapur, Dubay, Amerika va Angliyada yashab, ishlagani,.. chet ellarda mehnat qilayotgan bir qancha tanishlari bilan gaplashganida, ulardan aksariyati ortga qaytish istagida ekanliklari"ni aytgan.

"Lekin ularning bamaylixotir ortga qaytishlari uchun dastlab javobini topishi kerak boʻlgan bir qancha tashkiliy mazmundagi savollar borligi"ga toʻxtalgan.

Ular uchun eng avvalo bolalarining sifatli taʼlim olishi bilan bogʻliq masala kun tartibiga chiqishini aytgan...

Shunday ekan, agar, siz xorijda yashab, tahsil olayotgan va mehnat qilayotgan boʻlsangiz, Oʻzbekistonga qaytish rejalaringiz qanday?

Agar, hozir qaytmoqchi boʻlsangiz, buning uchun qanday shart-sharoit lozim, degan fikrdasiz?

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq