Ixcham toʻylar qilishda rahbarlar oʻrnak boʻlishi kerakmi?

toʻylar Image copyright Umida Ahmedova

Toshkent shahar hokimiyati toʻylarni tartibga solish toʻgʻrisida navbatdagi farmoyishni chiqargan. Internetga sizdirilgan farmoyish ilovasida kelin-kuyov mashinasidan tashqari boshqa mashinalarni taqiqlashdan tortib muchal va aqiqa toʻylarini oʻtkazmaslik tavsiya qilingan.

Farmoyishdagi taqiq tavsiyalarini 1news.uz sayti chop qilgan.

Videolavhani tomosha qilish uchun linkni bosing

"Shahar hokimi farmoyishi bilan tasdiqlangan tartibnomaga koʻra, endilikda Toshkent shahrida toʻy-hasham, tantana, marosim va boshqa oilaviy tadbirlarga taklif etilganlar soni 300 kishidan ortmasligi shart. Bundan buyon yana Toshkentdagi toʻylarda kelin-kuyovning vals tushishi, pul sochishu gul otish hamda tort kesish taʼqiqlanadi", - deyiladi xabarda.

Farmoyish ilovasidan maʼlum boʻlishicha, faqat kelin-kuyov mashinalariga ruxsat beriladi. Audio soz-ovozlarni pasaytirish, milliy qoʻshiqlarni koʻpaytirish tavsiya qilingan.

Bundan tashqari qovurdoq, challar va quda chaqirish marosimlari bekor qilingan. Muchal toʻyi va aqiqa marosimini oʻtkazmaslik haqida yozilgan..

Shuningdek, sepga kelinlik odobi, kuyovning oilaviy oʻrni haqidagi adabiyotlardan qoʻshish soʻralganligi aytilmoqda.

Toshkent shahar hokimiyati faromoyish 18 iyulda chiqarilganligini tasdiqladi. Ammo poytaxt hokimiyatida shu yilning yanvar oyidan beri matbuot kotibi yoʻqligi bois, farmoyishning matni borasida hech kimdan maʼlumot olishining imkoni boʻlmadi.

Mutaxassislar shahar hokimining farmoyishi mahalla raislari va toʻyxonalarga tavsiya sifatida berilishini aytishadi. Ushbu cheklovlarni qonunan amalga oshirish uchun hukumat miqyosida qonun ishlab chiqarilishi kerakligi aytiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning toʻylardagi yangi odatlarni tanqid qilganidan soʻng Oʻzbekistondagi markaziy kanallar ushbu muammoga bagʻishlangan maxsus koʻrsatuvlar tayyorlashgan.

"Munosabat" koʻrsatuvida chiqish qilgan Toshkent shahar bosh imom xatibi Anvar qori Tursunov oʻzi duch kelayotgan yangi odatlarni sanab bergan va ularni qoralagan.

Anvar qori Tursunov sep berishda Muhammad Paygʻambar (s.a.v)dan misol keltirgan.

"Paygʻambar (s.a.v) toʻy qilganida soʻragan ekanlar. Madinada eng kam taʼminlangan kishi qiziga nima sep qiladi, desa, bitta koʻylak, bitta doshqozon, bitta koʻrpa qiladi desa. Men ham Fotimaga bitta koʻylak, bitta doshqozon, bitta koʻrpa qilaman, dedilar. Yaʼni eng kam taʼminlangan faqir xafa boʻlmasin, dedilar. Qalbida zarracha kibri bor odam jannatga kirmaydi, degan hadislar bor. Mana bu narsalar taʼsir qilmasa nima taʼsir qiladi", degan u.

Imomning gapi ixcham toʻylarni oʻtkazishda rahbarlar oʻrnak boʻlishi kerakmi, degan savolni paydo qilgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq