Tolibon yuzlab odamni ozod qilgan, ammo "jasadlarni qaytarmagan"

Toliblar Image copyright courtesy

Ular Afgʻonistonning Oʻzbekiston Islomiy harakati marhum liderining oʻgʻli oʻtgani aytilgan shimoliy Saripul viloyati Sayyod tumanidagi qishloqda besh kundan buyon toliblar tutqunida boʻlishgan.

Buncha odamni garovga olishdan avval Tolibon IShID bilan birga Mirzavalangda bolalar va ayollar doxil oʻnlab kishini "shafqatsizlarcha qirib tashlagan".

Saripul viloyati hokimi matbuot voizining aytishicha, haliyam katta sondagi odam qishloqda qamalib qolishgan.

Kobuldagi muxbirimiz Fazl Ahmad Yolgʻuzning aytishicha, qishloq yuzlab sondagi toliblar tomonidan oʻrab olingan, unga eltuvchi barcha yoʻllar toʻsib qoʻyilgan.

235 nafar odam esa, viloyat hokimi va qavm oqsoqollarining oraga tushishlari, toliblar bilan til topishishlari ortidan qoʻyib yuborilgan.

Biroq Saripul hokimi Muhammad Zohir Vahdatning mahalliy "Tolo News" televizion kanaliga aytishicha, toliblar, baribir, jasadlarni qaytarishga rozi boʻlishmagan.

Tafsilotlar

Toliblar Mirzavalang qishlogʻini oʻtgan hafta, payshanba kuni boshlagan ikki kunlik qaqshatqich janglari ortidan qurshab olishgan.

Muxbirimiz Fazl Ahmad Yolgʻuzning aytishicha, qishloq qamalida IShID jangarilarining ishtiroki boʻlmagan.

Ular janglar ortidan, toliblar bilan urushib qolib, mintaqani tark etishgan.

Toliblar hanuz qishloqda qolarkan, IShID jangarilarining hozir aynan qayerda ekanliklari maʼlum emas.

Soʻnggi oylarda ularning Afgʻonistonning Saripul va Turkmanistonga bevosita chegaradosh shimoliy Jauzjon viloyatida oʻta faollashib borishayotgani kuzatiladi.

Marhum Tohir Yoʻldosh oʻgʻlining ham Saripulning Sayyodidan keyin aynan Jauzjonning Darzobiga oʻtgani aytilgan, uning Yaqin Sharqdagi IShID guruhi bayrogʻi ostida afgʻon hukumatiga qarshi janglar boshlash niyatida ekani ham aytilgandi.

Muxbirimizga koʻra, yuzlab toliblarning hozirliklariga qaramay, Mirzavalang qishlogʻi hozir tinch.

Mintaqani jangarilaridan tozalash uchun esa, bugun Afgʻoniston Ichki ishlar vaziri muovini Saripulga joʻnab ketgan.

Afgʻoniston Qurolli kuchlarining Afgʻoniston shimolidagi boʻlinmasidan viloyatga Mozori Sharif va Jauzjon orqali yuzlab madad kuchlari yuborilgan.

Tutqunlar

Tolibon seshanba kuni qoʻyib yuborgan ikki yuzdan ortiq tutqun viloyat markaziga keltirilgan.

Saripul hokimining aytishicha, "tutqundagilar shu qadar shokda boʻlishganki, hatto, qishloqda qancha odam qolgani haqida ham bir soʻz ayta olishmagan".

Sayyod soʻnggi yillarda Saripulning nisbatan beqaror tumani sifatida koʻrib kelinsa-da, oralarida xorijliklari ham borligi aytilgan buncha katta sondagi jangarilarning qanday qilib kutilmaganda bu qadar hujum uyushtirish, butunboshli qishloqni qamal qilishga muvaffaq boʻlishgani sababi maʼlum emas.

Mahalliy masʼullarga koʻra, qurbonlar va garovdagilarning aksariyati shia musulmonlari boʻlishgan.

Yaqin Sharq va Afgʻonistondagi bu yaqin yillardagi jang tajribasi tahlil etilganda esa, shia musulmonlarini, odatda, IShID guruhi nishonga olib kelgan.

Ammo, janglardan qariyb bir hafta oʻtayotgan esa-da, IShID Sayyoddagi qonli hujum yuzasidan biror bir bayonot bilan chiqmagan.

Bundan bir oycha burun Nato va Amerika kuchlarining Afgʻonistondagi Bosh qoʻmondoni IShIDning uchinchi liderini ham oʻldirishga muvaffaq boʻlishganini bayon qilgan, ammo general Nikolsonning bu bayonotiga ham guruh biror bir munosabat bildirmagan.

Ammo shu paytgacha guruh Abu Sayidning oʻrniga oʻzining Xuroson qanoti yangi rahbari etib kimni tayinlagani maʼlum emas.

Tolibon esa, faqat 30 ga yaqin afgʻon yarim harbiysini oʻldirganliklarini aytib, katta sondagi odamlarning qirib tashlanishi hodisasiga oʻzlarining hech bir aloqalari yoʻqligini aytgan.

Bunga qoʻshimcha, Sayyodga IShID bilan birga hujum qilganliklarini ham rad qilgan.

Hamkorlik

Bu ikki jangari guruhning Afgʻonistonning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoli va shimoli-sharqida hamkorlikda uyushtirgan dastlabki qonli hujumi 2015 yilga toʻgʻri keladi.

Ikkovlon ittifoqchilikda Tojikistonga qoʻshni Qunduz viloyatiga har tomondan hujum qilishgan, muayyan muddatga viloyat markazini bosib olishgan.

Bu - toliblarning Islomiy Amirligini qulatilgan 2001 yildan buyon Afgʻonistonda qoʻlga kiritgan eng yirik yuutugʻi sifatida baho topgandi.

Ammo Saripuldagi soʻnggi "qirgʻin" unga qoʻshni Jauzjon viloyati IShID va Tolibon oʻrtasidagi ustma-ust shiddatli janglarga sahna boʻlishidan qisqa vaqt oʻtmay kuzatilmoqda.

Soʻnggi oylarda esa, butun Afgʻoniston boʻylab jangarilar hujumlarining faollashgani kuzatiladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining hisob-kitoblariga koʻra, birgina joriy yilning 6 oyi ichida jangarilar Afgʻonistonda ikki mingga yaqin tinch fuqaroning umriga zomin boʻlib ulgurishgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq