Toshkent: "Oʻzbekiston nomini suiisteʼmol etayotgan guruhdan xavotir"

Oʻzbek jangarilari Image copyright videodan

Ayon boʻlishicha, Oʻzbekiston tomonining bu kabi soʻzlari Afgʻoniston Milliy Xavfsizlik Kengashi maslahatchisi boshchiligidagi hayʼatning yaqinda Toshkentga qilgan safari chogʻida yangragan.

Kuzatuvchilar va tahlilchilar Oʻzbekiston tomoni bu qabila "xavotir bildirgan" guruhni Oʻzbekiston Islomiy harakatiga yoʻyishgan.

Harakat qariyb yigirma yildirki, Oʻzbekiston tashqarisida - Afgʻoniston va Pokistonda xuddi shu nom ostida faoliyat yuritib keladi.

Oʻtgan oy oxirida Toshkentda boʻlib oʻtgan ayni muzokaralar Oʻzbekiston Islomiy harakati Afgʻonistonning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh qator shimoliy viloyatlarida IShID bayrogʻi ostida qayta faollashish harakatida boʻlgan bir manzarada kuzatilgan.

Shu yil boshida Oʻzbekiston Islomiy harakati hamasoschisi va birinchi lideri marhum Tohir Yoʻldosh oʻgʻlining dastlab shimoliy Saripul viloyati, oradan qisqa vaqt oʻtmay, unga va Turkmanistonga bevosita qoʻshni Jauzjon viloyatiga oʻtganiga oid xabarlar olingan.

Uning mahalliy yoshlar orasidan oʻziga yangi aʼzolar yollayotgani va afgʻon hukumatiga qarshi jang olib borishga hozirlik koʻrayotganidan jiddiy xavotirlar yangragan.

Har ikki viloyat masʼullar tomonidan mavjud voqeʼlikka jiddiy eʼtibor qaratishga oid daʼvatlar yangragan.

Hujumlar va janglar

Bu xabarlardan bor-yoʻgʻi bir necha oy oʻtib, IShID jangarilarining avval Jauzjonda, shu kunlarda esa, Saripulda qarshi hujumga oʻtganliklari kuzatilgan.

Orada Jauzjonning ayrim tumanlarida IShID jangarilariga qarshi kurashish va oʻzlarini himoya qilish uchun, hatto, ayrim xotin-qizlarning qoʻllariga qurol olishganiga oid xabarlar ham olingan.

Agar, mintaqadan olingan eng soʻnggi xabarlarga tayanilsa, IShID Tolibon bilan hamkorlikda marhum Tohir Yoʻldosh oʻgʻli dastlab oʻtgani aytilgan Saripul viloyatining Sayyod tumanida ham bolalar va ayollar doxil aksariyati shia musulmonlari boʻlgan oʻnlab odamlarni "shafqatsizlarcha qirib tashlagan".

Afgʻoniston shimoli va shimoli-sharqidagi xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyat soʻnggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari qolib, Rossiya va Xitoyning ham jiddiy xavotirlariga sabab boʻlib keladi.

Mintaqa katta sondagi Gʻarb boshchiligidagi ittifoq qoʻshinlari Afgʻonistonni tark etishi ortidan kechgan oʻtgan uch yil ichida Afgʻoniston Tolibon harakati bahorgi amaliyotlarining ilk nishoniga aylanib keladi.

Tolibon Islomiy Amirligi qulatilgan 2001 yildan buyon yakka oʻzi va IShID bilan hamkorlikda amalga oshirishga muvaffaq boʻlgan eng yirik, muvofiqlashtirilgan va qonli hujumlari ham aynan Afgʻoniston shimoli va shimoli-sharqiga toʻgʻri keladi.

Harakat kuni-kecha Afgʻonistonning Turkmanistonga bevosita chegaradosh yana bir shimoliy viloyati - Faryobda ham keng koʻlamli hujumlar uyushtirgan, Koʻhistonot tumanini bosib olgan, yana uch tumanida vaziyatni jiddiy izdan chiqarishga urinib koʻrgandi.

Bularning barchasi, ustiga ustak, Afgʻoniston birinchi vitse-prezidenti, taniqli Oʻzbek generali Abdulrashid Doʻstum ayni shu mintaqada olib borgan ketma-ket yirik harbiy amaliyotlar ortidan kuzatilgan.

Toshkentdagi muzokaralar

Xabarlarga koʻra, Toshkentda ekan, Afgʻoniston Milliy Xavfsizlik Kengashi maslahatchisi oʻzbekistonlik masʼullarni biror bir jangari guruhning afgʻon tuprogʻidan turib, Oʻzbekiston xalqiga ziyon yetkazishlariga izn bermasliklariga ishontirgan.

Muhammad Xanif Atmar hukumati Oʻzbekistonning dushmanlarini oʻz dushmanlari, deb bilishi, xuddi shu bois ham, ularga qarshi chora koʻrishdan tap tortib oʻtirmasligini taʼkidlagan.

Bu haqda Oʻzbekistonga safari ortidan, Afgʻoniston Milliy Xavfsizlik Kengashi eʼlon qilgan rasmiy bayonot tafsilotlaridan maʼlum boʻlgan.

Ayni shu bayonot tafsilotlaridan ayon boʻlishicha, muzokarachi tomonlar Toshkentda oʻzaro davlat chegarasini yanada mustahkamlash choralari xususida ham soʻz yuritishgan.

Hamkorlikda chegara hududlarida terrorchilik faoliyatlari, giyohvand moddalar kontrabandasi va uyushgan jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan bitim loyihasini ishlab chiqishga ham kelishib olishgan.

Bundan tashqari, terrorchilikka qarshi kurashda qoʻshma strategiya yaratish xususida ham bir toʻxtamga kelishgan.

Maʼlum boʻlishicha, Oʻzbekiston Ichki ishlar vaziri muovini ham Afgʻonistondagi terrorchilik faoliyatlaridan yaxshi boxabar ekanliklari va unga qarshi kurashda qoʻshnilarini tashlab qoʻymasliklarini aytgan.

Har tomonlama hamkorlik

Oʻzbekistonni chorak asrdan ortiqroq vaqt mobaynida boshqarib kelgan marhum prezidenti Islom Karimov davrida rasmiy Toshkent oʻzining bu janubiy qoʻshnisiga eng avvalo xavfsizlik prizmasidan qarab kelgan.

Oʻzbekiston hukumatining Afgʻonistonga nisbatan, yillarki, oʻzgarishsiz qolayotgan bu kabi qatʼiy mavqei oʻtgan yil oxirida, prezident Islom Karimovning kutilmagan vafoti ortidan oʻzgarishlarga yuz tutgan.

Hali Oʻzbekiston muvaqqat prezidenti ekan, Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yil oktyabrь oyida Afgʻoniston bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istagida ekanliklarini bayon qilgan.

Oradan bor-yoʻgʻi bir necha kun oʻtib, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va uning afgʻonistonlik hamkasbi Salohiddin Rabboniy Toshkentda ikki davlat oʻrtasida ekstraditsiya toʻgʻrisidagi ilk bitimni imzolashgan. Ammo yangi bitim tafsilotlari oshkor etilmagandi.

Buning ortidan qariyb chorak asr deganda, ilk bor Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Kobulga safar qilgan, yangi prezidenti esa, mustaqil Oʻzbekiston oʻz tarixida birinchi marta Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakilini tayin etgan.

Ammo barcha bu xabarlar manzarasida ham Oʻzbekiston Islomiy harakati nomi biror bir shaklda tilga olingan-olinmagani nuqtasi qorongʻuligicha qolgandi.

Ekstraditsiya

Oʻzbekiston 2005 yilda Afgʻonistonga bevosita qoʻshni va Oʻzbekiston Islomiy harakati Tolibon, "al-Qoida" tarmogʻi jangarilari bilan birga 2001 yilgi AQSh boshchiligidagi harbiy amaliyotlar ortidan yaqin-yaqingacha jon saqlab kelgan Pokiston bilan ekstraditsiya toʻgʻrisidagi bitimni imzolagan.

Buning ortidan olingan xabarlarda mazkur bitimning 2006 yil mayidan boshlab kuchga kirgani, uning doirasida Pokiston oʻnlab terror gumondorlarini Oʻzbekistonga topshirgani aytilgan.

Hozirga qadar Afgʻoniston bilan ekstraditsiya bitimi nega imzolanmagani sabablari maʼlum emas.

Harbiy manbalarda Tolibon boshqaruvi davrida yuzlab oʻzbekistonliklar Afgʻonistonda panoh topgani, ularning koʻpchiligi afgʻon vatandoshligiga ega boʻlgani taxmin etiladi.

Oʻzbekiston esa, Afgʻonistondagi fuqarolarini asosan islomiy jangarilar sifatida koʻrib kelgan.

Afgʻonistondagi jangu jadallar orasida qolib ketgan yuzlab oʻzbek oilalari AQSh boshchiligidagi 2001 yilgi harbiy amaliyotlar sabab, qoʻshni Pokiston va Eronga qochib oʻtisharkan, ulardan ayrimlari Birlashgan Millatlar Tashkilotidan rasman qochqinlik maqomini ham olishgan.

Yevropa Inson Haqlari mahkamasi esa, orada Erondan Turkiyaga qochib oʻtishga uringan oʻzbek qochqinlarini ortga qaytargan Turkiyadan kamida bir oʻzbek muhojirining oilasiga tovon puli undirgan.

Oʻtgan yillar davomida xalqaro ittifoq qoʻshinlari va afgʻon harbiylari Afgʻonistonning aynan qator shimoliy va shimoliy-sharqiy viloyatlarida Oʻzbekiston Islomiy harakati yuqori martabali qoʻmondonlaridan bir qanchasini qoʻlga olganliklarini bir emas, bir necha bor aytib chiqishgan.

Ammo ularning keyingi taqdirlari nima boʻlgani tafsilotlari maʼlum emas.

Bundan bir necha yil burun Faryob viloyatida ham oʻzbekistonlik "uch isyonchi ayol" ushlanganiga oid xabarlar olingan, ammo, afgʻon hukumati, alal-oqibat ularni yana toliblarga qaytarishga majbur boʻlgani ham aytilgandi.

Hozir birgina Saripul va Faryob viloyatining toliblar nazorati yoki hozirligi ostidagi eng beqaror tumanlaridan boshpana topgan oʻzbekistonlik jangarilar oilalarining soni oʻnlab ekani aytiladi.

Mahalliy masʼullarga koʻra, ular sharoitga qarab, ayollari bilan birga bir Tolibon va bir IShID saflarida jang qilishadi.

Oʻzbekiston Islomiy harakati

Harakat mintaqadagi eng yaqin ittifoqchisi - Afgʻoniston Tolibon harakatidan yuz oʻgirib, Yaqin Sharqdagi IShID guruhiga rasman bayʼat keltirgan 2015 yilda oʻzining Afgʻonistonga toʻligʻicha qaytganini rasman maʼlum qilgan.

Ammo, oradan qisqa vaqt oʻtmay, Afgʻonistonning janubiy Zobul va sharqiy Gʻazna viloyatlarida toliblar bilan qaqshatqich janglarga kirishgan.

Bu janglar ortidan harakatning qancha sondagi jangarisi omon qolgani va lideri Usmon Gʻoziyga nima boʻlganiga oid aniq maʼlumotlar imkonli emas.

Orada kechgan vaqt davomida harakatning oʻzi ham liderining taqdiri borasida biror bir bayonot bilan chiqmagan.

Usmon Gʻoziyning oʻzi ham biror bir audio yoki videomurojaatini eʼlon qilmagan.

Oʻtgan yil iyun oyida Oʻzbekiston Islomiy harakati saflari parchalangani, uning saflaridan oʻzini yana xuddi shu nom bilan atovchi IShID dan mustaqil alohida bir guruh ajralib chiqqaniga oid xabarlar olingan.

Ammo oradan yil oʻtib ham, bu ikki guruhga kim rahbarlik qilayotgani, ularning bugungi qudrati va jangarilarining soni borasida deyarli hech narsa maʼlum emas.

"Ammo bir narsa aniqki, bu guruh afgʻon hukumatiga qarshi kurashib kelgan. Asosiy maqsadi sifatida esa, baribir, Markaziy Osiyo davlatlarida jang olib borishni koʻzlagan. Xuddi shu bois ham, Oʻzbekiston va Afgʻoniston tomoni harakat va boshqa jangari guruhlar ham oʻzlari, ham butun mintaqa tinchligi va barqarorligiga solayotgan umumiy tahdid masalasini muhokama etishgan", - deydi BBC Afgʻon Xizmati muharriri Dovud Aʼzamiy.

Pokistonning Afgʻonistonga bevosita chegaradosh qavmlar yashovchi Vaziriston mintaqasidan boshpana topib kelgan yillarda Oʻzbekiston Islomiy harakati aʼzolari sonining 3 mingga yaqin ekani taxmin qilingan.

Ammo, suhbatdoshimizga koʻra, Pokiston Qurolli Kuchlari tomonidan Vaziristonda yoʻlga qoʻyilgan 2014 yilgi harbiy amaliyotlar, AQSh harbiylari tomonidan uyushtirilgan dron hujumlari, toliblar bilan kechgan shiddatli janglar va ayrimlarining jang qilish uchun Yaqin Sharqqa ketishgani nazarda tutilsa, bugun Afgʻonistondagi harakat aʼzolarining sonini bir necha yuz, deb taxmin etish mumkin.

Harakat qisqa vaqtning ichida yuz tutgan yoʻqotishlar va toʻqnash kelgan mushkulotlar bois, anchayin parokanda, shu bois, yangi rahbariyati borasida ham mufassal maʼlumotlar hozircha imkonli emas, deydi u.

Tohir Yoʻldoshning oʻgʻli

Dovud Aʼzamiyning aytishicha, hozir aynan marhum Tohir Yoʻldoshning oʻgʻli oʻzining yetakchiligi ostida harakatni qayta birlashtirish, boshqalarni ham oʻzlariga qoʻshilishga undash istagida ekaniga oid xabarlar chiqmoqda.

Unga koʻra, hozir harakat, taʼbir joiz, oʻtish davrida va xuddi shu bois ham, sharoitga qarab ish tutish, oʻzlariga qanchalik xavf tugʻdirishi-tugʻdirmasligiga qarab, hali u, hali bu jangari guruh safiga oʻtib jang qilish yoʻlini tutishmoqda.

Suhbatdoshimizning aytishicha, xuddi shu narsa hozir Oʻzbekiston Islomiy harakati toʻqnash kelib turgan asosiy mushkulotlardan ham biri boʻladi.

Afgʻoniston milliy birdamlik hukumatining rasman bayon qilishicha, joriy paytda afgʻon tuprogʻida 20 ta jangari guruh jang olib boradi.

Ulardan aksariyati esa, xalqaro va mintaqaviy aloqalarga ega, deb koʻriladi.

Rasmiy Kobul Oʻzbekiston Islomiy harakatini ham xuddi ana shu guruhlardan biri sifatida koʻradi.

BBC Afgʻon Xizmati muharriri Dovud Aʼzamiyning aytishicha, xuddi shu bois ham afgʻon hukumati bu kabi jangarilik muammosiga qarshi yolgʻiz oʻzi kurash olib bora olmaydi.

"Chunki bu allaqachon mintaqaviy, global muammoga aylanib boʻlgan. Shu bois ham, afgʻon hukumati bu masalada mintaqa va xalqaro davlatlarning koʻmagi, qoʻllovi va hamkorligi lozim, degan oʻyda, ishonchda".

Bu kabi davlatlar esa, jangarilar oqimi, qurol-yarogʻ, isyonchilar uchun moliya manbasi boʻlib kelayotgan giyohvand moddalar kontrabandasining oldini olish, josuslik maʼlumotlarini ayirboshlash kabi turli yoʻllar orqali Afgʻonistonga yordam berishlari mumkin, deydi u.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq