Oliy sud Mavlon Umrzoqovni oqlagan

Chapdan oʻngga "Dunyo oʻzbeklari" Bosh muharriri Ismat Xushev, Mavlon Umrzoqov, shoir va jurnalist Karim Bahriyev Image copyright dunyouzbeklari.com
Image caption Chapdan oʻngga "Dunyo oʻzbeklari" Bosh muharriri Ismat Xushev, Mavlon Umrzoqov, shoir va jurnalist Karim Bahriyev

Oʻzbekiston Oliy sudi hayʼati marhum prezident Islom Karimovning sobiq davlat maslahatchisi Mavlon Umrzoqov arizasini koʻrib chiqqan va toʻla-toʻkis oqlash haqida qaror chiqargan.

Arizasida 67 yoshli Mavlon Umrzoqov oʻziga nisbatan 23 yil oldin ilgari surilgan ayblovlar asossiz boʻlganini yozgan va sud hukmini qayta koʻrib chiqishni soʻragan.

8-avgust kuni Oʻzbekiston Oliy sudi Mavlon Umrzoqovni "toʻla-toʻkis oqlash va moddiy va maʼnaviy zararni qoplash" haqida qaror chiqargan.

Mavlon Umrzoqov 1994-yilgacha prezident Islom Karimovning kadrlar siyosati boʻyicha davlat maslahatchisi lavozimida faoliyat yuritgan.

U davlat maslahatchisi lavozimidan boʻshatilib, Sirdaryo viloyat hokimining oʻrinbosari etib tayinlangan, biroq oradan ikki oy oʻtib hibsga olingan.

1994 yil oxirlarida boʻlib oʻtgan mahkama Mavlon Umrzoqovni qator jinoiy bandlar, xususan, poraxoʻrlikda aybdor deb topgan va 6 yillik ozodlikdan mahrum etish hukmini chiqargan.

Mavlon Umrzoqov bilan birga uning rafiqasi Halima Xudoyberdiyeva ham Xotin-qizlar qoʻmitasi raisligi va boshqa lavozimlaridan mahrum etilgan.

Image copyright "O'zbekiston" telekanali
Image caption 23 yil mobaynida Mavlon Umrzoqovga ham, rafiqasi Halima Xudoybrediyevaga ham ishlashlariga ruxsat berilmagan, shoira Halima Xudoyberdiyevaning kitoblari nashr etilmagan

Ikki yillik qamoqdan keyin Mavlon Umrzoqov ozodlikka chiqarilgan.

Ammo uning oʻziga ham, rafiqasi Halima Xudoybrediyevaga ham, Umrzoqov yordamchilari boʻlgan insonlarga ham davlat ishlarida ishlashlariga ruxsat berilmagan, 1994 yildan buyon shoira Halima Xudoyberdiyevaning kitoblari nashr etilmagan.

Oʻz arizasida Mavlon Umrzoqov oʻziga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi siyosiy ish boʻlganini aytgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 70 yillik yubileyi munosabati bilan Halima Xudoybediyevani "El-yurt hurmati" ordeni bilan mukofotladi.

23 yil davomida davlat televideniye va radiosida efirga chiqarish taqiqlangan Halima Xudoyberdiyeva davlat telekanallarida koʻrsatildi.

Ushbu oʻzgarishlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning marhum Karimov zamonida yomonotliq qilingan arboblarni oqlash amallari deb koʻrilmoqda.

Marhum prezident Islom Karimov hukumatida ishlagan Ismoil Joʻrabekov, Kozim Toʻlaganov, Zokir Almatov, Samoydin Husenov va boshqa rahbarlar turli jinoyatlarda ayblanganlar va ularga nisbatan turli choralar koʻrilgan edi.

Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari boʻlganidan keyin bu siyosatchilar yana oliymaqom tadbirlarda koʻrina boshlaganlar, ayrimlari davlat ishlariga ham qaytganlar.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq