Nurulloh Muhammad Raufxon: men "qora roʻyxat"ga loyiq ish qilganim yoʻq

Yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon Image copyright ziyouz.uz

Taniqli yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon aytishicha, Oʻzbekistonning 25 yilllik muammolari haqida "Bu kunlar" asarini yozganini "qora roʻyxat"ga loyiq ish emas, aksincha yorugʻ ish deb biladi.

Yozuvchi Facebookdagi sahifasida oʻzini Oʻzbekistondagi "qora roʻyxat"dan oʻchirishgani haqida xabar tarqatdi.

"... men aytadigan gap boshqa: Men sizlarning "qora roʻyxat"laringga loyiq ish qilganim yoʻq! Men Islom Karimov oʻrnatgan tuzumning kamchiliklarini tahlil qilib kitob yozdim, shu xolos! Afsus, Karimov siyosati "Bu kunlar"da koʻrsatilgan kamchiliklar bir yoqda qolib, kamchilikni koʻrsatgan odam bilan shugʻullanishga kirishib ketdi", deb yozdi Nurulloh Muhammad Raufxon.

Yozuvchi Nurulloh Muhammad Raufxon bilan suhbatni BBC O'zbekning YouTubedagi kanalida tinglang

Oʻzbekistonda rasman "qora roʻyxat" mavjudligi eʼtirof etilmagan, biroq mamlakat mustaqilligining dastlabki yillaridan muxolif siyosatchilar, ziyolilar, oʻzgacha fikrlovchi insonlar, inson huquqlari faollari, sanʼatkorlarning "qora roʻyxati" amal qilib kelgan.

"Qora roʻyxat"ga nomi tirkalgan inson jamiyatda mushkulliklarga duch kelgan, ayrimlar hibs etilgan, xorijga chiqib ketishga majbur boʻlgan, ishga joylashish, oʻz asarini nashr etish, davlat tele va radio kanallarida koʻrsatish yoki eshittirish taqiqlandi.

Oʻzi va qarindoshlari noqonuniy diniy tashkilotga moyilligi bor deb koʻrilgan insonlar ham "qora roʻyxat"ga kiritildi.

Bunday insonlar mahalla-koʻyda yakkalab qoʻyildi, ular yon-atrofdagi dushmanona munosabatga duch keldilar.

Islomiy matn "oʻqimoqlik" yo "boʻlishlik" degani emas

Nurulloh Muhammad Raufxonning 'Bu kunlar'i

Mamadali Mahmud va Muhammad Bekjon "nazoratdagilar roʻyxati"dan oʻchirilgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyati faollari bilan uchrashuvda "notoʻgʻri yoʻlga kirib qamalgan" insonlar va ularning qarindoshlariga nisbatan davlat tomonidan notoʻgʻri munosabat koʻrsatib kelinganini tan oldi va munosabatni oʻzgartirishga chaqirdi.

Prezident Mirziyoyev topshirigʻi bilan Oʻzbekistondagi minglab dindorlar xalq tilida "qora roʻyxat" deb atalgan roʻyxatdan chiqarilayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

Avgust oyining boshida taniqli yozuvchi Evril Turon - Mamadali Mahmud oʻziga "qora roʻyxat"dan chiqarilganini aytishganini maʼlum qildi.

Dunyodagi qamoqda eng uzoq saqlangan jurnalist Muhammad Bekjon shu yil fevralida ozodlikka chiqarildi, u "qamoqdan chiqqanidan buyon kelib tilxat yozdirib ketishayotganini, lekin bir yarim oydan buyon kelishmayotgani"ni aytdi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq