Rossiyada oʻzbekistonliklar qanday oʻgʻirlanadi?

Ali Feruzni deportatsiya qilish qarori vaqtincha toʻxtatilgan Image copyright facebook/aliferuz
Image caption Ali Feruzni deportatsiya qilish qarori vaqtincha toʻxtatilgan

Shu oy Rossiya sudi Ali Feruz taxallusi ostida "Novaya gazeta" muxbiri boʻlgan jurnalist Xudoberdi Nurmatovni Oʻzbekistonga deportatsiya qilish boʻyicha qaror chiqardi. Nurmatov oʻz vatanida uni qiynoqlar va oʻlim kutayotganini aytadi. Avvalroq Rossiya uning vaqtinchalik siyosiy boshpana uchun bergan arizasini rad etgandi.

Bu hafta sudning qarori vaqtincha toʻxtatildi. Hozirda uning ishini Yevropa Inson huquqlari sudi koʻrib chiqmoqda.

BBC boshpana izlovchilarga yordam koʻrsatuvchi "Grajdanskoye sodeystviye" qoʻmitasining raisi Svetlana Gannushkina bilan suhbatlashdi.

BBC: Hozirda Ali Feruzni qoʻllab-quvvatlash uchun katta kampaniya boshlangan. Yevropa inson huquqlari sudi uning ishi Strasburgda koʻrib chiqilmaguncha, uni deportatsiya qilishni taqiqlaydigan "39-qoida"ni ishga soldi. Bu qoida qanchalar tez-tez qoʻllaniladi?

Svetlana Gannushkina: Markaziy osiyolik qochqinlar Rossiyada deyarli boshpana olmaydilar. Oʻzbekiston qanaqaligini bilasiz. Bu totalitar tizim, va har qanday zulmkor rejim kabi unga dushmanlar kerak. U yerdan chiqib ketgan koʻp odamlar qidiruvga beriladi. Oʻzbekiston, va kamroq boʻlsa-da Tojikiston ham, Rossiyaga ekstraditsiya talablarini yuboradilar. Bizning xaloskorimiz, albatta, Yevrop Inson huquqlari sudi. Hamma uni juda sekin ishlaydigan idora deydi. Toʻgʻri, bir qarorni olish uchun 5-6 yil ketadi. Lekin, "39-qoida" - biz sigʻinadigan sanam. Chunki, u ishga solinsa, ish bir necha soat ichida koʻrib chiqilishi mumkin. 2004 yilda u birinchi bor qoʻllanganida, men shokka tushgandim. Toʻsatdan faksdan qaror chiqib keldi. Shundan beri Yevropa sudidan faol foydalanamiz va u muayyan ishlar toʻla koʻrib chiqilmaguncha, odamlarning oʻz vataniga topshirilishiga taqiq qoʻyadi.

BBC: Demak, uni xavfsizlikning 100% kafolati deyish mumkin?

Svetlana Gannushkina: Afsuski, yoʻq. Sud qaror chiqargan taqdirda ham, 100% kafolat yoʻq. Uch yil avval Mirsobir Hamidqoriyev ishi bizda edi. U Oʻzbekistonda biznes bilash shugʻullangan, xususan, korruptsiya haqidagi Karimovga qarshi filmga prodyuserlik qilgan. Uni qidiruvga berishgan va Oʻzbekiston uning ekstraditsiya etilishini soʻragan. Lekin, hakam vijdonli boʻlib chiqdi va Mirsobirni qaytarishmadi. Keyin biz uning nomidan boshpanaga ariza topshirdik, va albattaki, migratsiya xizmatidan rad javobini oldik va sudga murojaat qildik. Sud misli koʻrilmagan bir qarorni qabul qildi - u boshpana bermaslik borasidagi qarorni bekor qildi va migratsiya xizmatiga Mirsobirga boshpana berishni buyurdi. Aftidan, hakam bir narsani yaqqol koʻrgan: Oʻzbekiston Mirsobirni islomiy ekstremist deya talab qilayotgandi, lekin koʻrinishidan uning hech qanday ekstremist emas ekanligi koʻrinib turgandi. Yosh xotini homilador edi, havo juda issiq boʻlgani uchun, yelkalari ochiq kalta koʻylak kiyib yurgandi. Uni fundamentalistning xotini deya tasavvur qilib boʻlmasdi. Qisqasi, qaror chiqdi. Unga boshpana berish borasidagi qaror 10 kundan keyin kuchga kirishi kerak edi, lekin 7 kundan keyin uni oʻgʻirlab ketishdi. Avvaliga ehtiyotkor edi, eshigi ostida poylab yurgan oʻzbeklarni aylanib, derazasidan chiqardi. Afsuski, u bir ahmoqona xato qilgan. Taksi chaqirgan, mashina kelgan. U bola koʻtarib olgan xotini va bir doʻsti bilan mashinaga oʻtirgan. Haydovchi esa unga "Doʻstingni olmayman" degan. "Nega?" desa, "Siz ikki kishi uchun taksi chaqirtirdingiz", deya javob bergan. Bizda taksida toʻrt kishi yurishi normal holat. Ular atigi uch kishi edilar! Taksiga qanday oʻtirgan, tushunmayman. Qayerdadir toʻxtab, xotini bolasi bilan aptekaga chiqqanida, Mirsobir mashina bilan gʻoyib boʻlgan.

Image copyright Grajdanskoye sodeystviye
Image caption Mirsobir Hamidqoriyev Rossiyada boshpana olsa-da, gʻoyib boʻlgan

BBC: Uning izi keyin topildimi?

Svetlana Gannushkina: Qanchadir vaqt oʻtib uni Toshkentdagi toshturmadan topganlar. Islomiy ekstremist deb ayblanib sakkiz yilga qamalgan. Uni koʻrish uchun Oʻzbekistonga borgan advokatimizga Mirsobir uni Rossiyadan oddiy reys bilan olib chiqishganini aytgan. Ha, mayli, uni oʻzbeklar oʻgʻirlagan boʻlsin. Lekin, oʻylab koʻring, agar Amerikaning agentlari bizning koʻchalarimizda shunday amal qilsa, nima boʻlardi? Begona hududdagi bu qilmishlari uchun yillab turmada oʻtirgan boʻlardilar. Lekin, agar buni oʻzbeklar, yoki tojiklar qilsa, bu normal qabul qilinadi, chunki ular bir josuslik xizmatidagi sobiq hamkasblar. Bu dahshat. Mayli, oʻzbeklar ushlab olishgan, lekin keyin uni chegaradan olib oʻtishgan-ku. Chegarani kim himoya qiladi? FSB qayerga qaragan? Bu qanday yuz bergan? Oddiy: Oʻzbekiston SNB xizmati Rossiya maxsus xizmatlariga pul toʻlaydi. Qancha, bilmadim, lekin bu bir necha bor yuz berdi. Mirsobir gʻoyib boʻlgan kuni biz tungi soat 2gacha aeroportlarga, FSB va migratsiya xizmatlariga fakslar yuborganmiz. Ha, ha, deyishgan, lekin hech nima yordam bermadi. Kundek ravshan - buni maxsus xizmatlarimiz bilgan.

BBC: Xorijiy maxsus xizmatlari pul toʻlashini qayerdan bilasiz?

Svetlana Gannushkina: Bir necha bor biz odamlarni qutqarib qolishga muvaffaq boʻldik va ular butkul bir xil narsani aytib berdilar. Safixonov degan kishi bor edi. Uni Ozarbayjonga topshirayotganlarida, xotini Tatyana politsiya boʻlimida oʻtirgan boʻlgan. Ozarbayjonning maxsus xizmati Boquga telefon qilib: "Erkakni oldik, lekin xotinini berishmayapti... Qasam ichib aytaman, hamma pulni berdim", degan. Ayni shunday hikoyani ozarbayjonlik Ali Gasanov ham aytib bergan. U maxsus agentning oʻz rahbariyati bilan telefon suhbatiga guvoh boʻlgan. Agent telefonda uyalmasdan ochiq gapirgan: "Gasanovni berishmayapti, uning katta tanishlari bor ekan", deb.

BBC: Umuman, Rossiyada qancha odam boshpana olgan?

Svetlana Gannushkina: Rossiyada qochqin yoʻq. Chunki bunday rasmiy maqomni olgan atigi 598 odam Rossiyadek davlat uchun hech nima emas. Bu "hech nima"dan ham yomon. Bu Moskva tashqarisidagi Malaxovka posyolkasi uchun ham kam. Turkiya bilan solishtiring - u yerda 2,9 million qochqin bor, kichik Livan-chi, Iordaniya, Yevropa, u yerda millionlab. Bizda boshpana berish tizimi ishlamayapti. Faqat Ukrainadan qochgan odamlar avvaliga ham davlat, ham jamoatchilik tomonidan yaxshi qabul qilindi. 2015 yil oxirida Rossiyada vaqtinchalik boshpanaga ega 313 ming odam bor edi, lekin bu qochqin maqomi emas. U faqat 1 yilga berilgan, hali uni choʻzdirish kerak.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq