Rufat Risqiyev: "Osmondan bir qop oltin tushgandek boʻldi..."

Rufat Risqiyev Image copyright fergana.ru

Oʻzbekistonlik boks afsonasi prezident Shavkat Mirziyoyevning sovrindor sportchilarga oid payshanba kuni imzolagan yangi qaroriga xuddi ana shunday munosabat bildirdi. Bunaqasi esa, mustaqil Oʻzbekiston tarixida kuzatilmagan.

"Kim xursand boʻlmaydi?!. Mana, hozir tepadan bir qop oltin tushgandek boʻldi. Bunga men juda xursandman. Salomat boʻlishsin. Omad yor boʻlsin", - deydi Toshkentdan BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida Rufat Risqiyev.

Prezident Mirziyoyevning yangi qarori esa, "nufuzli xalqaro sport musobaqalarida yuksak natijalarga erishgan Oʻzbekiston sportchilarini jamoat va sport ishlariga keng jalb etish"ni koʻzda tutadi.

Bundan tashqari, bu qaror "sportchilar va ular trenerlarini ragʻbatlantirish"ni ham oʻz ichiga oladi.

Nomdor suhbatdoshimizning aytishicha, Oʻzbekiston rahbarining soʻnggi qarori mamlakatda sportning yanada koʻtarilishiga xizmat qiladi.

Suhbatimizni nazardan qochirmang

"Yaxshi natijalarga erishamiz. Sportchilar koʻtariladi. Stimul, degan narsa - katta narsa. 100 mingtasi sport bilan shugʻullansa, oʻshandan mingtasi katta natijaga erishadi. Mingta sportchi Oʻzbekistonimiz uchun juda katta narsa", - deydi u kishi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning yangi qaroriga muvofiq, Olimpiya va Paralimpiya Oʻyinlari, nufuzli xalqaro sport musobaqalarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilarga umri davomida oylik toʻlovlar berib boriladi. Ulardan daromad soligʻi ham olinmaydi.

Bundan tashqari, bu kabi sportchilarni jismoniy tarbiya va sport sohasini boshqarishga faol koʻmaklashish, jamoat va sport ishlariga bosqichma-bosqich jalb etishi rejasi borligi aytiladi.

Shuningdek, xususiy sport muassasalarini barpo etib, oʻzlarining mahorat maktablari faoliyatini keng yoʻlga qoʻyishlari uchun yaratilajak imkoniyatlar ham tilga olinadi.

Qaror tafsilotlaridan maʼlum boʻlishicha, buning ularga "nolь" qiymatida binolar berish, yer hamda banklardan kreditlar ajratish, boshqa imtiyozlar berish yuzasidan zaruriy choralar koʻriladi.

"Qogʻozbogʻlik bilan shugʻullanishim uchun endi vaqt oʻtgan. Buni xohlamayman. Men maslahat berishim mumkin. Bolalarga boksning texnik, taktik jihatlarini koʻrsatishim mumkin. Ular men bilan bir-ikki kun gaplashishsa, osmonga uchib ketishadi. Mana, Ruslan Chagayevga ham men ikki hafta oʻrgatganman, jahon chempioni boʻlib ketgan", - deydi Rufat aka Risqiyev qaror tafsilotlariga munosabat bildirarkan.

"Men kim, qanaqa, nimaga qodirligini bilaman, koʻraman. Yoshim 15 da emas. Chunki butun hayotim ana shu boksning ichida oʻtgan. Maqtanish emas, Oʻzbekistonda boksni menchalik yaxshi biladigan odam yoʻq".

Tashrif

Oʻtgan oy Virtual qabulxona rahbariyati, Toshkent shahar hokimiyati xodimlari va boshqa masʼul tashkilot vakillaridan iborat ishchi guruh dongdor bokschi suhbatdoshimizning hol-ahvoli bilan ham qiziqishgani maʼlum boʻlgan.

Aytilishicha, ana shu tashriflari chogʻida ishchi guruh oʻtgan yil bir oyogʻi amputatsiya qilingan boksiga "qanday yordam koʻrsatish mumkinligini aniqlagan".

BBC Oʻzbek Xizmati xuddi shu xabarlar manzarasida Toshkentdan Rufat Risqiyevning oʻzi bilan bogʻlanib, ayni tashrif tafsilotlari bilan qiziqqan.

"Prezidentimiz ularga aytgan ekan. Hammasi keldi, polkovnik, prokuror keldi, nimalar keldi...Olma olib kelishdi, keyin yana mayda-chuyda...Boʻldi, endi, hammasi boʻladi, deb nima qilishdi-da, podʼezdlarimiz oldida meni rasmga tushirishdi. Shu bilan ketishdi", - degandi oʻshanda suhbatdoshimiz.

Ishchi guruhining kutilmagan bu tashrifidan qanchalik mamnun boʻlganiga oid savolimizga esa, Rufat Risqiyev, "Olma yemagandim, mana, olma yeyapman, Xudoga shukr", - deya javob bergandi.

Oʻzbekistonlik taniqli bokschi 75 kg vazn toifasida 1974 yilgi jahon chempioni.

1976 yilgi Monreal Olimpiada Oʻyinlari kumush medali sovrindori, qator xalqaro turnirlar gʻolibi.

Rufat aka, bundan tashqari, Kuba Ochiq chempionatining ikki karra chempioni ham boʻladi.

U kishi havaskor ringda oʻzining mahorati bilan "Toshkent yoʻlbarsi" laqabini qozongan bokschidir.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq