Oʻzbekistonda internet tezligi nega buncha sust?

Qudrat Bobojon Image copyright courtesy

Internet yuklanish tezligi boʻyicha eʼlon qilingan yangi reytingda Oʻzbekiston Tojikiston bilan birga eng quyi yigirmalikdan joy olgan ikkita Markaziy Osiyo davlati boʻlishgan.

Hatto, shunda ham, Tojikiston 177-oʻrin bilan Oʻzbekistondan bir pogʻona yuqori natija qayd etgan.

Oʻzbekiston esa, dunyoning yangi xalqaro tadqiqot qamrab olgan 189 davlati orasidan 178-oʻrinni egallagan.

Ayni oʻrinda taʼkidlash joiz, internet yuklanish tezligi boʻyicha bir necha oʻn yillik urushlar ichida boʻlgan Afgʻoniston ham bu ikki mintaqa davlatidan anchayin yaxshi natija koʻrsatgan. Roʻyxatda 150-oʻrinda kelgan.

Bu haqda Buyuk Britaniyaning yetakchi cable.co.uk maslahat xizmati xabar bergan.

Suhbatimizga mana bu link orqali quloq tuting.

Ayni shu xabarda keltirilgan tahlil va tafsilotlarga tayanilsa, Oʻzbekistonda internet yuklanish tezligi soniyasiga 0,76 Mbitni tashkil etadi.

Roʻyxatda nomlari keltirilgan qolgan MDH davlatlari bilan taqqoslanganda, bu - eng past koʻrsatkich ekani maʼlum boʻlgan.

Internet yuklanish tezligi boʻyicha 82-oʻrin(4 Mbit/s) bilan Markaziy Osiyo Qozogʻiston ilgʻorlik qilgan.

Turkmaniston 142-oʻrin (1.4 Mbit/c) va Qirgʻiziston 166-oʻrin (0.98 Mbit/c)ni egallab, mintaqada yuqori uchlikka kirishgan.

Sobiq Sho'ro davlatlari orasidan esa, Latviya 6-oʻrin bilan eng yaxshi natijani qayd etgan.

Latviyada hozir internet yuklanish tezligi soniyasiga 30.36 Mbitdan iborat ekani maʼlum boʻlgan.

Rossiya esa, yangi roʻyxatda 43-oʻrin bilan kifoyalanishga majbur boʻlgan.

Reytingda dunyoning 189 davlati orasidan Singapur ilgʻorlik qilgan, eng quyi oʻrinni egallagan davlat esa, nizolar va ocharchilik girdobida boʻlgan Yaman boʻlib chiqqan.

Yamanda joriy paytda internet yuklanish tezligi 0.34 Mbit/c ni tashkil etgan.

Bu amalda nimani anglatishi ham shu roʻyxatning oʻzida misol bilan keltirib oʻtilgan.

Deylik, yamanlik internet foydalanuvchisi hajmi 7,5 GB boʻlgan Full HD filmini yuklab olmoqchi boʻlsa, buning uchun unga oz emas, koʻp emas, naq 2 kun 2 soatu 2 daqiqa 28 soniya kerak boʻlarkan.

BBC Oʻzbekiston doxil Markaziy Osiyo davlatlaridagi tilga olib oʻtilgan vaziyat sabablari borasida fikrlarini bilish uchun hozir Yevropada yashab, faoliyat olib borayotgan asli oʻzbekistonlik internet bilagʻoni Qudrat Bobojonga murojaat qildi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02