Oʻzbekistonda "halol" markali mahsulotlarga ruxsat beriladi

goʻsht Image copyright AFP

"Oʻzstandart" agentligi Oʻzbekistonda "halol" standarti joriy etilishini maʼlum qilgan. Ushbu agentlik 2011 yili mahsulotlarga "halol" markasini yopishtirishga taqiq qoʻygan edi.

Kun.uz saytining xabar berishicha, "Oʻzstandart" agentligi direktor oʻrinbosari Jamshid Mirsaidov 11 avgust kuni matbuot anjumanida "halol" standarti joriy qilinishi haqida gapirgan.

"Hozirda biz Malayziya va Turkiyadan "halol" standartlarini olib kelib, ixtiyoriy tarzda joriy qilinadi. Aynan "halol" standartni kiritish boʻyicha maxsus dastur ham ishlab chiqilgan. Nasib etsa, joriy yilning uchinchi choragida mazkur standartni yoʻlga qoʻyish boʻyicha qaror qabul qilinadi", deya Jamshid Mirsaidov soʻzlaridan iqtibos keltirgan nashr.

"Halol" standartidan foydalanish istagida boʻlgan tadbirkorlar hamda ishlab chiqaruvchilar agentlikka murojaat qilishi soʻralgan.

Mirsaidov "halol" standartini joriy qilish topshirigʻi hukumat tomonidan bildirilganini aytgan. Bu borada maxsus qaror qabul qilinishi va u eksport salohiyatining oʻsishiga turtki berishi aytilgan.

Matbuot anjumanida "halol" markali mahsulotlarning boʻlishi chet eldan Oʻzbekistonga keladigan musulmon sayyohlarning mahsulotlarga boʻlgan ishonchini ortishiga sabab boʻlishi ham aytilgan.

"Oʻzstandart" agentligi tomonidan Oʻzbekistonda 2011 yili mart oyida mahsulotlarga "halol" markasini yopishtirish rasman toʻxtatilgan edi.

Agentlik ushbu qarorni mamlakatda "halol" standarti ishlab chiqilmagani va bu bozorda qalbaki mahsulotlarning paydo boʻlishiga olib kelishi bilan izohlagan.

Undan oldin ushbu taqiqlar ogʻzaki buyruq asosida amalga oshirib kelingan.

Avvaliga shaharlarda "halol" markasi ostidagi tamaddixonalar peshtoqlaridan ushbu soʻzni olib tashlashga, ayrim oʻrinlarda uni "taqvo" soʻziga almashtirishga majbur boʻlishgan.

Keyinchalik bu kabi tamaddixonalarda sohiblarining va musulmon xoʻrrandalarning eʼtiqodlariga zid ravishda alkogol mahsulotlarini sotish majburiy qilib qoʻyilgan.

2011 yili "halol" markasining Oʻzbekistonda rasman taqiqlanishi qozogʻistonlik tadbirkorlarga qoʻl kelgani yozildi.

Qozogʻiston halol industriyasi uyushmasi prezidenti Marat Sarsenbayev, Oʻzbekistondagi taqiq qozogʻistonlik kolbasa, makaron va qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga qoʻl kelishini aytgan.

"Halol" markasi ostida savdo dunyoda eng koʻp foyda keltirayotgan sohalardan biriga aylangan. Hatto aksar aholisi musulmon boʻlmagan Braziliya va Argentina ham ushbu bozorga moslashib "halol" markasi ostida goʻsht mahsulotlari eksporti bilan shugʻullanadi.

Halol qoʻy goʻshti eksport qilish boʻyicha Yangi Zelandiya dunyoda birinchi oʻrinda turadi.

Halol mahsulotlar sirasiga Ollohning nomini aytib soʻyilgan mol, qoʻy va parrandalar, hamda tarkibida Islomda taqiqlangan narsalar qoʻshilmagan mahsulotlar kirishi aytiladi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq