Namangan hokimi: "Oʻqituvchi va shifokorlar obodonlashtirish ishlariga jalb qilinmaydi"

oʻqituvchilar Image copyright Qo'rqmaslar
Image caption Jizzax dalalaridagi oʻqituvchilar

Namangan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov oʻqituvchi va shifokorlarning obodonlashtirish ishlariga jalb qilinayotganini tan olgan. Hokim buning natijasida onalar va goʻdaklar oʻlimi oshganini aytgan. U bunday ishlarga endi chek qoʻyilishini maʼlum qilgan.

Oʻzbekiston Xalq demokrakti partiyasi (XDP) saytining maʼlum chilishicha, Xalqaro press klubning navbatdagi sayyor majlisi Namangan viloyatida boʻlgan.

Unda fuqaro Sohibjon Bobojonovning oʻqituvchilarning obodonlashtirish ishlariga jalb qilinayotgani va ishdan ajralib qolishdan qoʻrquv sabab bu narsaga ular qarshilik bildira olmayotgani haqidagi savoli oʻqib eshittirilgan.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ushbu muammoni tan olgan.

"Bu bor haqiqat, buni yashirib boʻlmaydi. Ularni nafaqat obodonlashtirish ishlarida, hatto qishloq hoʻjaligi ishlarida ham ishlatib keldik. Oʻqituvchini oʻzini ishini qildirmadik, fermerga bogʻladik. Vrachlarimizga oʻz ishini qildirmadik, QVP (Qishloq vrachlik punkti) da oʻz ishlari qolib, qishloq xoʻjaligi ishlari bilan band boʻlishdi", deya hokimning soʻzlaridan iqtibos keltirgan XDP sayti.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Oʻzbekiston davlat televideniyesi majburiy mehnat muammosiga eʼtibor qaratdi.

Onalar va goʻdaklar oʻlmoqda...

Hokim buning natijasida onalar va bolalar oʻlimi soni oshganini va bu holatga endi cheklov qoʻyilganini bildirgan.

"Natijada nima boʻldi, natijada bugun onalar oʻlimi oshdi, goʻdaklar oʻlimi oshdi, lekin xech kim QVP ga yordam bergani yoʻq. Qachonki endi biz koʻzimizni ochib koʻrsakki, qanaqadir ogʻir ahvolda. Shuning uchun qatʼiy cheklangan hozir, oʻqituvchilarimizni, umuman byudjet xodimlarini jalb qilish. Qaysidir shanbalik, qaysidir tadbir boʻlsaki mayli shunda umumiy tartibda chaqiriladigan boʻlsa. Bizning eng zabardast sohalar ikki soha ham, eng ishongan sohalarimiz. Bularni unaqangi ishlarga, mana hokimlar ham turibdi, ularni bu ishlarga jalb etish taʼqiqlanadi, chiqarmaymiz ularni bunday ishlarga", degan u.

Oʻzbekistonda byudjet tashkilotlari xodimlari, jumladan oʻqituvchi, shifokor va bogʻcha xodimlarini obodonlashtirish, dala ishlariga jalb qilish odatiy holga aylangan.

Oʻqituvchi va shifokorlar bu kabi ishlarga ixtiyoriy-majburiy ravishda jalb qilinadi va aksar hollarda mehnatiga haq olmaydi.

Oʻzbekistonda hokimiyatga Shavkat Mirziyoyev kelgach mamlakat ichidagi internet nashrlari ushbu muammolarni ochiq koʻtarib chiqa boshlagan.

Xalqaro press klubda 7 iyul kungi muloqotda Senator Bahodir Tojiyev viloyatlar boʻylab deputatlar bilan oʻtkazilgan uchrashuvlarda birorta oʻqituvchi "koʻcha tozalayapmiz" deya shikoyat qilmaganini bildirgan. Jurnalistlar bilan muloqot qilgan yana bir senator Svetlana Ortiqova tozalash ishlarini ham kimdir qilishi kerakligini taʼkidlagandi.

Sof.uz sayti Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumanidagi oʻqituvchi va bogʻcha xodimlarining dala ishlari, pensiyalarni plastikka oʻtkazish kabi hokimiyat tomonidan buyuriladigan ishlarga jalb qilinayotgani haqidagi majlis audiosini chop qilgan.

Natijada majlisni oʻtkazgan tuman xalq taʼlim boshqarmasi mudirasi ishdan olingan, biroq viloyat hokimiyati hodisaga izoh bermagan.

Jurnalist Karimberdi Toʻramurod Samarqand shahrida byudjet tashkilotlari, jumladan oʻqituvchilarning qurilish ishlariga hokimiyat tomonidan majburlanayotgani haqida hujjatlarni oshkor qilib maqola yozdi.

Samarqand shahar hokimiyati axborot xizmati esa ushbu tashabbus oʻqituvchilardan chiqqanini aytib, ularning jamoaviy yozgan murojaatini chop qildi.

Kuzatuvchilar Namangan viloyati hokimining muammoni tan olib, unga barham berishga soʻz berishi bu borada mamlakatda keskin burilish boʻlishi mumkinligini aytishmoqda.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq