Mirziyoyev: "To‘ylarda yevropacha likillagan diskoteka bo‘lmaydi"

Mirziyoyev Olmaliqda Image copyright President.uz
Image caption Mirziyoyev Olmaliqda

Prezident Mirziyoyev to'ylarni tartibga solish bo'yicha Olmaliq shahrida tajriba o'tkazilishini ma'lum qilgan. Prezidentning so'zlaridan endi nikohni qayd qiluvchi ZAGS idoralarining vakolati oshirilishini payqash mumkin. To'ylarda g'arbga taqlid qo'shiqlarni taqiqlash kerakligini aytgan Mirziyoyev yoshlar o'zimizning "Munojot"ga o'ynasin deb kesatgan.

"ZAGSning mudirasi faqat registratsiya qilib yurmaydi. ZAGSning ichida ham 200 kishilik to'y qiladigan joy bo'ladi. To'yda qancha artist bo'ladi, qancha ichimlik bo'ladi, go'shti qancha, puli qancha hammasini aytadi", - degan Mirziyoyev

O'zbekiston Prezidentining ta'kidlashicha, Olmaliqdagi ZAGS idorasi xodimlari qo'lida to'ylarning tartibi tushirilgan qog'oz bo'ladi. O'shanga mos kelgan to'ylarning nikohi qayd qilinadi, mos kelmasa boshqa shaharga borib nikohdan o'tish tavsiya qilinadi.

Hukumat tomonidan qabul qilingan qaror bo'yicha to'y qilinmaganda ZAGS va tuman hokimlari javobgarlikka tortiladi.

Videoni tomosha qilish uchun linkni bosing

"ZAGS idorasida chiroyli qilib to'y qilib uyiga olib borib beramiz. Unda ikkita kitob, to'rtta she'r o'qiydi. Eshitmaydigan artistlarning likillagan yevropacha diskotekasi yo'q bo'ladi. Ashula aytadi. Uning ashulasini tushunish kerak. O'yinga chiqadi. "Munojot"ga o'ynasin kerak bo'lsa. Men "munojot"ni kesatib aytayapman. Sal bizga munosib o'yinga o'ynasin axir. Yechinmasdan, kiyinib, urf-odatimizga moslab".

Mirziyoyev ushbu tartibga amal qilmagan ZAGS rahbarlari ishdan olinishini va pora berib nikohni qayd qiladigan zamon o'tganini aytgan. U agar shunday qilinmasa, bu illat yaxshilikka olib kelmasligini ta'kidlagan.

Prezident Mirziyoyev to'ylar mavzusini birinchi marta ko'tarayotgani yo'q. Oldinroq Toshkent shahrida paydo bo'layotgan yangi odatlar uchun poytaxt hokimini o'rnidan turg'izib dakki bergan edi.

Biroq 9 avgust kuni videoselektorda Toshkent hokimi Rahmonbek Usmonovni Prezidentning to'ylar haqidagi so'zlarini noto'g'ri talqin qilgani uchun yana bir bor eslab o'tgan.

"Bitta gap aytgandim, shahar hokimi keyingi kuni shahardagi hamma restoranni yoptiribdi. Bu menga qilgan do'stligimi? "Mirziyoyev aytdi, hammayoqni yopish kerak, to'y bo'lmaydi" dermish. Avval tizim qil, tartib qil. Yoningga kallasi ishlaydigan odamlarni yig'sang bo'lmaydimi? Odamlar og'zida gap yuribdi. "Nima emish, Mirziyoyev to'yni yopish kerak, deganmish".

Men to'yxonalarni yopish kerak demadim, to'ylarni tartibga keltirish kerak dedim", deya Mirziyoyev gaplaridan iqtibos keltirgan kun.uz nashri.

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq