Oʻzbek alifbosining kelajagi borasida bahs qizimoqda

O'zbekistonda nashr qilinadigan gazetalar Image copyright Turbina.ru

Oxirgi kunlarda Internet ijtimoiy tarmoqlarida, Oʻzbekiston uchun Kirill alifbosida qolish yaxshimi yoki Lotinga oʻtish, degan savol atrofida bahs-munozara kuchaygani kuzatilmoqda.

10 avgust kuni adabiyotshunos, "Jahon adabiyoti" jurnalining Bosh muharriri Shuhrat Rizayevning "Prezidentga maktub" ochiq xati eʼlon qilindi.

"Kitob olami" web-saytida eʼlon etilgan maqola Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston ijodkorlari bilan uchrashuvi taassurotlariga bagʻishlangan.

Maqolada adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev mamlakat rahbari bilan muloqot payti aytishga jazm qilgan mulohazalarini yozganini aytgan.

Maqolada Oʻzbekiston Kirill alifbosiga qaytishi lozim degan taklif ilgari surilgan.

Shuhrat Rizayevning ushbu taklifiga qarshi qator ziyolilar qarshi chiqdilar.

Internetga #Kirillgaqaytmaymiz heshtegi ham olib chiqildi.

#Kirillgaqaytmaymiz heshtegi ostida Oʻzbekistonda tugʻilmagan oʻzbeklarning Prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaati ham eʼlon qilindi.

Bu murojaatda Afgʻoniston, Pokiston, Qirgʻiziston, Saudiya Arabistoni va Turkiyada tugʻilib voyaga yetgan oʻzbeklar Lotin alifbosi dunyo oʻzbeklarini birlashtirgan omil sifatida tilga olinadi.

Oʻzbekistonda soʻnggi 100 yil davomida 4 marta alifbo oʻzgardi.

1917 yilgi bolsheviklarning inqilobidan oldin Turkistonda Arab imlosi qoʻllanar edi.

Inqilobdan keyin kommunistlar Oʻzbekistonda Lotin alifbosini joriy etdilar.

Ikkinchi Jahon urushidan keyin Kirill alifbosiga oʻtildi.

Oʻzbekistonda 1989 yili Davlat tili haqidagi qonun qabul qilindi va bosqichma-bosqich Lotin alifbosiga oʻtishga qaror qilindi.

Maktablarda saboqlar Lotin alfavitida berilib, darsliklar shu alifboda nashr etilganiga qaramasdan, davlat idoralarida ish yuritish Kirill alifbosida qoldi.

Oxirgi yillarda jamiyatda Kirill alifbosiga qaytish muhimligi haqidagi fikrlar kuchaygani kuzatildi.

Internetda boshlangan alifbo borasidagi bahs yaqin orada jamiyatda yanada keng munozaralarni keltirib chiqarishi kutilmoqda.

Siz qanday fikrdasiz, Oʻzbekistonning kelajagi qaysi alifboda? Qaysi alifbodan oʻzbeklar koʻproq naf koʻradilar?

Oʻz fikr-mulohazalaringizni BBC O'zbekning Facebook, Odnoklassniki, Twitter, Instagramdagi sahifalarida boʻlashing!

Bu mavzuda batafsilroq