Tolibon Turkmaniston yaqinida ketma-ket ikki tumanni bosib oldi

Tolibon Image copyright courtesy

Afgʻoniston shimolida IShID bilan birga oʻnlab kishini "shafqatsizlarcha qirib tashlashi" barobarida Tolibon mamlakatning Turkmanistonga bevosita chegaradosh yana ikki shimoliy viloyatida birvarakayiga hujumga oʻtgan.

Oʻtgan bir necha haftaning oʻzida Jauzjonda oʻnga yaqin qishloq, shanba kuni esa, Faryobda butunboshli Gʻoʻrmoch tumanini bosib olishga muvaffaq boʻlgani maʼlum boʻlgan.

Afgʻoniston shimoli va shimoli-sharqi katta sondagi Gʻarb boshchiligidagi ittifoq qoʻshinlari mamlakatni tark etgan oʻtgan uch yil ichida Tolibon harakati bahorgi amaliyotlarining dastlabki nishoniga aylangan mintaqa boʻladi.

Xuddi shu vaqt oraligʻida Tolibon yakka oʻzi va IShID bilan hamkorlikda Afgʻonistonda uyushtirishga muvaffaq boʻlgan eng halokatli hujumlari va eng yirik muvaffaqiyatlari ham ayni shu mintaqa hisobiga toʻgʻri keladi.

Shundoqqina biqinlarida kuzatilayotgan bu kabi holat esa, oʻtgan uch yil davomtda barcha Markaziy Osiyo davlatlari qatorida Rossiya va Xitoyning ham jiddiy xavotirlariga sabab boʻlib keladi.

Gʻoʻrmoch

Faryoblik masʼullarga koʻra, Gʻoʻrmoch taslim boʻlishi ortidanoq, oradan sanoqli soatlar oʻtib, tumandagi yuzlab toliblarga qarshi ham havodan va ham yerdan harbiy amaliyotlar boshlanib ketgan.

Oʻtgan ikki kunning ichida qator yuqori martabali qoʻmondonlari va bir oʻzbekistonlisi doxil ellikdan ortiq jangari oʻldirilgan, yana oʻnlabiga tan jarohati yetkazilgan.

Faryob viloyati hokimi matbuot voizi Ahmad Jovid Bedorning BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, tan jarohati yetkazilganlari orasida Tolibon harakatining Gʻoʻrmochdagi hokimi Mulla Nodir ham bor.

Oʻldirilgan oʻzbekistonlik jangarining shaxsi va Tolibon saflaridagi mavqei oʻrganilmoqda.

Unga koʻra, Tolibon saflarida oʻzlariga qarshi yana pokistonlik va chechen jangarilari ham jang olib borishmoqda.

Matbuot voizining soʻzlaridan ayon boʻlishicha, oʻtgan ikki kun ichida toliblarga qarashli ikkita tank, zirhli ulov va katta miqdordagi ogʻir aslahalar ham vayron qilingan.

Oʻzlari besh nafar askarlarini boy berishgan, oʻnga yaqini esa, yaralangan.

Mingga yaqin harbiy, bir qancha qiruvchi tikucharlar jalb etilganiga qaramay, tuman hanuz toliblar nazorati ostida ekani, oʻzaro janglarning hali-hamon davom etayotgani aytiladi.

Toliblar bundan sal avval Faryobning Koʻhistonot tumanini ham oʻz tasarruflari ostiga olishgan, viloyatning strategik jihatdan muhim joylashuvi nazarda tutilarkan, mavjud holat masʼullar, parlament vakillari va mahalliy aholining jiddiy xavotirlariga sabab boʻlgan.

Tumanni toliblardan tozalash uchun ham havodan va ham yerdan yoʻlga qoʻyilgan harbiy amaliyotlar esa, bir necha kunga choʻzilgan.

Koʻhistonot barobarida Turkmanistonga shundoqqina qoʻshni Faryob viloyatining yana uch tumanida yoʻlga qoʻyilgan harbiy amaliyotlarning esa, hanuz davom etayotgani aytiladi.

Buyogʻi Jauzjon

Xuddi shu janglar manzarasida toliblar Faryobga bevosita chegaradosh va soʻnggi yillarda IShID jangari guruhi ham faollashib borayotgani aytilgan Jauzjonda ham oʻnga yaqin qishloqni bosib olishgan.

Jauzjon Afgʻonistonning Turkmanistonga shundoqqina qoʻshni va aksariyat tumanlarida xavfsizlik bilan bogʻliq vaziyat jiddiy izdan chiqib borayotgani aytiluvchi boshqa bir shimoliy viloyati boʻladi.

Aynan shu viloyatda IShIDning Afgʻonistonda bir viloyat uchun tayin etgan ilk hokimi qoʻlga olingan, IShID ilk bor katta sondagi tinch fuqaroning umriga zomin boʻlgan, oʻzining "zindoniga asos solib, oʻz mahkamalarini ham yoʻlga qoʻygan".

Soʻnggi bor Oʻzbekiston Islomiy harakati marhum lideri Tohir Yoʻldoshning oʻgʻli oʻtgani aytilgan Darzob tumani ham xuddi shu Jauzjonda joylashgan.

Jauzjon viloyat hokimi matbuot voizi Muhammad Rizo Gʻafuriyning BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, bir necha haftadirki, bu qishloqlar toliblar nazorati ostida, u yerlarda yuzlab toliblar hozir va ularga qarshi turish uchun viloyatda yetarlicha kuch yoʻq.

Suhbatdoshimizga koʻra, bu xususda koʻmak soʻrab, markaziy afgʻon hukumatiga ham murojaat qilishgan va Saripuldagi harbiy amaliyotlar poyoniga yetgach, ularga madad yetkazilishi aytilgan.

Ammo, suhbatdoshimizning aytishicha, hozir faqat mudofaa mavqeida ekaniliklariga qaramay, mavjud imkoniyatlaridan kelib chiqib, orada kechgan vaqt davomida besh qoʻmondoni doxil kamida 45 nafar tolibni oʻldirishgan. Tolibonning Jauzjon boʻyicha hokimi muovini Qori Hafizni ogʻir yaralashgan.

Matbuot voiziga koʻra, janglar natijasida mahalliy aholi ham jabr koʻrgan, uy-joy, mol-mulklari vayron boʻlgan, sonlari aniq emasa-da, qurbonlar orasida, hatto, bolalar ham bor.

Yuzlab odamlar esa, toliblardan qochib, Oqcha shahriga kelishgan, yozning jazirama issigʻida xiyobonlardan boshpana topishgan.

Xorijiy jangarilar

Ham Faryob, ham Jauzjon va ham Saripul soʻnggi yillarda afgʻonistonlik masʼullar Oʻzbekiston Islomiy harakati aʼzolariga nisbat beruvchi oʻnlab oʻzbekistonlik jangarilar oʻz oilalari bilan kirib borib, joylashishga muvaffaq boʻlgan asosiy viloyatlari sanalishadi.

Oʻzbekiston Islomiy harakati esa, 2015 yilning avgustida Yaqin Sharqdagi IShID jangari guruhiga toʻligʻicha bayʼati keltirgan, ammo oradan qisqa vaqt oʻtmay, harakat saflarida parchalanish yuz bergani, yana Tolibonga moyil oʻzagi ajralib chiqqani aytilgan.

Jauzjon viloyati hokimi matbuot voizi Muhammad Rizo Gʻafuriyning aytishicha, bu jangarilar oʻz ayollari bilan birga asosan jang olib borish, portlovchi uskunalar yasash va ularni oʻrnatishdan saboq berish ishlari bilan shugʻullanishadi.

Ammo, suhbatdoshimizga koʻra, oxirgi oylarga kelib, Jauzjondagi oʻzbekistonlik jangarilar soni anchayin kamaygani kuzatilgan.

Oʻtgan yaqin-oylar ichida esa, aynan Jauzjonda Tolibon va IShID jangarilari orasida ketma-ket shiddatli janglar kuzatilganiga oid xabarlar ham olingan.

Ammo har uch shimoliy viloyatdagi soʻnggi beqarorliklar manzarasida Tohir Yoʻldosh oʻgʻlining nomi alohida kun tartibiga chiqmagan.

Uning oʻzi ham bu xususda rasman va oshkora biror bir bayonot bilan chiqmagan.

Ammo, lekin, biroq...

Bundan bor-yoʻgʻi 10 kun burun Tolibon IShID bilan birga Jauzjonga bevosita chegaradosh Saripul viloyatining Sayyod tumanida qonli hujum uyushtirishning uddasidan chiqqan.

Tumanning Mirzavalang qishlogʻida aksariyati begunoh bolalar va ayollardan iborat kamida 50 kishini "shafqatsizlarcha qirib tashlagan".

Buning ortidan, bir necha yuz kishilik qishloqni qariyb bir hafta davomida qamal qilib turgan, faqat viloyat hokimi va mahalliy oqsoqollarning muzokaralari ortidangina, ulardan 235 nafarini qoʻyib yuborishga rozi boʻlgan.

Xuddi shu xabarlar manzarasida viloyat masʼullari Mirzavalangda yana katta sondagi odamlar qolgan boʻlishlari mumkinligidan oʻz xavotirlarini izhor etishgan.

Tolibon va IShIDning hamkorlikdagi hujumi ortidan, mintaqaga yuzlab qoʻshimcha madad kuchlari yuborilgan, ammo oradan faqat bir hafta oʻtibgina, oʻtgan payshanba kuniga kelib, Sayyodni jangarilardan tozalashga qaratilgan yirik harbiy amaliyotlar boshlangan.

Amaliyotga mingga yaqin harbiy, qiruvchi vertoletlar va josuslik samolyoti ham jalb etilgan.

Ammo, mintaqadan olingan eng soʻnggi xabarlarga koʻra, ham yerdan va ham havodan turib olib borilayotganiga qaramay, harbiy amaliyotlar juda sekinlik bilan kechmoqda.

Ayon boʻlishicha, jangarilar qishloqdagilarning uylariga joylashib olishgan va insoniy talafotlarning oldini olish maqsadida harbiylar xuddi shunday yoʻl tutishga majbur boʻlishmoqda.

Viloyat masʼullariga koʻra, mavjud vaziyatga qaramay, orada kechgan toʻrt kun davomida qator yuqori martabali aʼzolari doxil oʻnlab tolibni oʻldirishgan. Katta sondagisini yaralashgan.

Halok etilganlar orasida Tolibonning Saripuldagi hokimi sobiq muovini Mavlaviy Abdulvahob, viloyatdagi Targʻibot ishlari boʻyicha masʼuli Mavlaviy Sodiq va mintaqadagi muhim qoʻmondonlaridan biri boʻlgan Qori Qodirlar ham bor.

Agar, harbiylarning soʻzlariga tayanilsa, shu paytgacha Sayyoddagi olti muhim xavfsizlik nazorat nuqtasini ham toliblardan qaytarib olishga muvaffaq boʻlishgan.

Ammo, Kobuldagi muxbirimiz Abdulmoʻbin Gʻafuriyning aytishicha, na-da masʼullar va na-da harbiylar oʻzlari va oddiy insonlar orasidan berilgan talafotlar haqida bir soʻz deyishmagan.

IShID va Afgʻoniston shimoli

Sayyodda hamkorlikda olib borgan qaqshatqich janglar ortidan, Tolibon bilan urishib, ular saflarini tark etgani etgani aytilgan IShID jangarilarining ham xuddi shu mintaqada hozir ekanliklari aytiladi.

Ammo oʻtgan payshanba kuni yoʻlga qoʻyilgan yirik harbiy amaliyotlar ularni ham qamrab olish-olmasligi hozircha maʼlum emas.

Sayyod - shu yil boshida Yaqin Sharqdagi IShID jangari guruhi bayrogʻi ostida "afgʻon hukumatiga qarshi janglarini boshlash uchun" Oʻzbekiston Islomiy harakatining hamasoschisi va dastlabki lideri marhum Tohir Yoʻldoshning oʻgʻli oʻtgani aytilgan tuman boʻladi.

2001 yildagi AQSh boshchiligidagi ittifoq qoʻshinlarining harbiy amaliyotlari ortidan, Tohir Yoʻldoshning oilasi va omon qolgan jangarilari bilan Afgʻonistonga qoʻshni Pokistondan boshpana topib kelgani aytib kelingan.

Ammo 2009 yilda amerikaliklarning dron hujumida oʻldirilgani ortidan, marhum Tohir Yoʻldosh oilasining qayerda jon saqlab kelayotganiga oid aniq va mufassal maʼlumotlar shu kungacha imkonli emas.

Shaxsiga oid maʼlumotlar hali-hanuz nomaʼlumligicha qolayotgan oʻgʻlining esa, qisqa vaqtning ichida Sayyoddan Jauzjonning, yillarki, ikkita eng beqaror tumanidan bittasi va soʻnggi paytlarda IShID jangarilari faollashayotganidan jiddiy xavotirlar yangrayotgan Darzob tumaniga oʻtgani aytilgan.

Ayon boʻlishicha, saflarida xorijliklari ham boʻlgani aytilgan jangarilardan butkul tozalanmas ekan, Saripulning Sayyodidagi yirik harbiy amaliyotlar davom etadi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq