Oʻzbekistonda 50 mingtalik banknot chiqadi

Yangi banknot Image copyright cbu.uz
Image caption Yangi banknot

Oʻzbekiston Markaziy banki 22 avgustdan boshlab qiymati 50 000 soʻm boʻlgan banknot koʻrinishidagi pul birligi muomalaga chiqishini maʼlum qilgan. Xabar qora bozorda dollarning narxi tushib borayotgan bir mahalda chiqqan. Oʻzbek soʻmi Markaziy Osiyoda hozircha eng qadrsiz pul birligi boʻlib turibdi.

Markaziy Bank xabarida aytilishicha, 50 mingtalik soʻmning old tomonida markazida Mustaqillik maydonidagi "Ezgulik" arkasi tepasidagi parvozga shaylangan laylaklar tasvirlangan.

Banknot chap tarafining pastki qismida 50 000 raqami va "ELLIK MING SO'M" yozuvi lotin alifbosida yozilgan va, banknotning qiymatini bildiradi.

"Banknotning orqa tomoni chap qismidagi oq rangli sathda suv belgilari koʻrinadi. Oq rangdagi sathning yuqori qismida arka tasviri mavjud boʻlib, yorugʻlikda koʻrilganda banknot old qismidagi tasvir bilan bir-birini toʻldiradi. Banknotning markazida "ANJUMANLAR SAROYI" meʼmoriy binosi tasvirlangan", - deyiladi xabarda.

Shu yilning mart oyida muomalaga 10 ming soʻmlik banknotlar muomalaga chiqarilgan edi.

10 mingtalik chiqishi bilan dollar qora bozorda 500 soʻmga qimmatlagandi.

Markaziy Bank tomonidan yangi banknotning eʼlon qilinishi Oʻzbekistonda valyuta konvertatsiyasi toʻliq erkinlashishi borasida gap-soʻzlar urchigan bir mahalga toʻgʻri kelgan. Shu kunlarda "Xalq banki" tomonidan Toshkent bozorlarida pul chiqarib olish uchun bankomatlar oʻrnatilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan surat va tasvirlardan odamlarning bankomatdan pul chiqarish uchun toʻplanib turganini koʻrish mumkin.

Shu vaqtgacha Oʻzbekistonda bankomatdan naqd pul chiqarib olish deyarli imkonsiz boʻlgan.

Soʻnggi bir hafta davomida esa qora bozorda dollar narxining tushayotgani kuzatilgan. 14 avgust kuni 1 dollar 7150 soʻmdan sotib olingan va 7300 soʻmdan sotilgan.

Shunday boʻlsa-da oʻzbek soʻmi Markaziy Osiyoda eng qadrsiz valyutalardan boʻlib turibdi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq