Mirziyoyev: Amaldorlarni xalq bilan hisoblashishga majburlashimiz kerak

Mirziyoyev Image copyright President.uz

Prezident Mirziyoyev Olmaliqqa tashrifi davomida xalqning jamiyatda boʻlayotgan oʻzgarishlarda faol ishtirok etishi kerakligi haqida gapirgan. U hukumat tomonidan qilinayotgan harakatlar odamlarni gapirishga va erkin yashashga oʻrgatish uchun ekanligini aytgan. Prezident amaldorlar xalq bilan hisoblashishga majbur boʻlishi kerakligini taʼkidlagan.

Videoni tomosha qilish uchun linkni bosing

"Biz kam xato qilishga harakat qilyapmiz. Bexato faqat Parvardigor. Ming harakat qilsak ham xato boʻladi. Qachon xato kamroq boʻladi. Shu jarayonda xalqning oʻzi bevosita, salgina boʻlsa ham munosabatini bildirsa, takliflarini bersa xato kamroq boʻladi", - degan Mirziyoyev.

Prezident boʻlayotgan harakatlar odamlarni davlat hayotida faol ishtirokini taʼminlash uchun qilinayotganini bildirgan.

"Hammalaringiz bilasizlar qabulxonalar, virtual qabulxonalardan maqsad muddoamiz odamlarni gapirtirishga oʻrgatishimiz kerak. Odamlarni sal erkin yashashga oʻrgatishimiz kerak. Odamlar bilan hisoblashishga majbur qilishimiz kerak. Odamni eng katta qadriyat qilib yuqoriga qoʻymasak boʻlmaydi", degan u.

Mirziyoyev amaldorlarning xalqqa hisobdor boʻliishi uchun Toshkent viloyati, jumladan Olmaliq shahrida oʻziga xos tajribani joriy qilayotganini maʼlum qilgan.

Unga koʻra, tumandagi hokim, prokuror, ichki ishlar boshqarmasi va soliq idorasi rahbarlari tuman uchun hokim bilan birdek javob beradi. Ular oʻzlari istagan joyda emas, balki davlat tomonidan oddiy odamlarning ichida ajratilgan uylarda yashaydi. Idoraga kam keladi va avjiga chiqqan majlisboslik yoʻq qilinadi.

"Olmaliq 120 ming aholisi boʻlsa, toʻrt rahbar boʻlinadi. Mahalla, koʻcha qilib boʻlib oladi. Shuning oʻrtasidan davlat uy beradi, kvartira beradi. Oʻsha yerda yotadi, oʻsha yerda nafas oladi. Svet boʻlsa svet bilan yashaydi, svet boʻlmasa svetsiz yashaydi. Yoʻl boʻlmasa yoʻlsiz yashaydi. Suv boʻlmasa suvsiz yashaydi", - degan Shavkat Mirziyoyev.

Ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildiruvchilar davlat organlarining koʻngildagidek ishlashi uchun jamoatchilik nazorati kuchli boʻlishi kerakligini yozishgan.

Fikr bildiruvchilar buning uchun kezi kelganda Prezident Mirziyoyevning oʻzini ham tanqid qila olish huquqi saqlanib qolishi kerakligini va buning uchun hech kim taʼqibga uchramasligi lozimligini taʼkidlashadi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq