"Maoshimiz past, shunaqa ham yashash boʻladimi?.."

Soʻm

Agar, yangi soʻrov natijalariga tayanilsa, hozir Rossiya aholisining qariyb chorak foizi xuddi ana shunday kayfiyatda.

Ularning nazdlarida, aynan oylik maoshlarining kamligi va turmush darajasining pastligi bugun Rossiya qarshisida turgan eng asosiy muammo boʻladi.

Soʻrov VTsIOM (Butunrossiya Omma Fikrini Oʻrganish markazi) tomonidan oʻtkazilgan.

Ustiga ustak, bu kabi holat ustma-ust oʻtgan uch oy davomida qayd etilgan.

Rossiyaning tashqi, ichki siyosati va mamlakat ichkarisida siyosiy vaziyat esa, bugun hatto mamlakat aholisini eng koʻp qiynayotgan oʻnta muammo safidan ham joy ololmagan.

Oʻzbekistondagi vaziyatga nazar tashlash uchun mana bu linkni bosing.

Oʻtgan yilning iyul oyi bilan qiyoslanganda, bu yil ish haqlarining kamligidan tashvishda boʻlgan rossiyaliklarning soni 10 foizga ortgan.

Bu koʻrsatkich joriy yil boshidan buyon tinimsiz oʻsishda davom etgan.

Hozirga kelib, ikki barobardan ortiqroqqa oshgan va qariyb 30 foizga yetib qolgan.

Rossiyaning tashqi, ichki siyosati va mamlakat ichkarisida siyosiy vaziyat esa, bugun mamlakat aholisini eng koʻp qiynayotgan oʻnta muammo safidan joy ololmagan.

Muammolar va xavotirlar

Yangi soʻrov tafsilotlaridan hozir rossiyaliklarni koʻproq iqtisodiy inqiroz, hukumatning iqtisodiy, ijtimoiy siyosati, sogʻliqni saqlash, taʼlim tizimi bilan bogʻliq muammolar, ishsizlik, pensiyalarning kamligi, inflyatsiya, narx-navolarning ortib borishi, korruptsiya va kommunal xizmat koʻrsatish tizimining bugungi ahvoli koʻproq oʻylantirishi maʼlum boʻlgan.

Tadqiqotda alohida taʼkidlanishicha, bu muammolarning Rossiya aholisi nazdidagi dolzarbligi oʻtgan bir yil ichida yanada kuchaygan.

Sotsiologlarga koʻra, hatto, jahon bozorida neft narxining oʻynoqlab turishi, Ukraina mojarosi va Suriya urushidagi ishtiroki yuzasidan Gʻarb tomonidan kiritilgan ustma-ust jazo choralari natijasida boʻy koʻrsatgan iqtisodiy boʻhronlar yumshab borayotgani ham rossiyaliklarning xavotirlarini arita olmagan.

Mualliflarga koʻra, odamlardagi bu kabi kayfiyat Rossiyadagi ikkinchi ogʻriqli mavzu boʻlgan ijtimoiy muhofaza masalasini qayta kun tartibiga olib chiqqan.

Soʻrov 27 iyul-1 avgust kunlari oraligʻida ikki mingga yaqin kishi ortida olib borilgan.

Markazning tadqiqoti Rossiyaning sakkiz federal okrugidagi jaʼmi 48 ta respublika, oʻlka va viloyatni qamrab olgan.

Soʻrov ishtirokchilarining fikrlari oʻzaro suhbat vositasida oʻrganilgan.

Bir nazar yoki tahlil oʻrnida

Kuzatuvchilar nazdlarida aksariyat aholisi jahon standartlarida oʻrtahol yashovchi Oʻzbekistonda xuddi shu masala joriy yil boshida xosan kun tartibiga koʻtarilgan.

Harakatlar strategiyasi muhokamasiga bagʻishlangan mediahaftalik doirasida ijtimoiy sohani rivojlantirishdagi ustivor yoʻnalishlar eʼlon qilingan.

Oʻsha paytda maʼlum qilinishicha, soʻnggi toʻrt yilda Oʻzbekistonda oʻrtacha ish haqi ikki barobar, minimal ish haqi esa, ikki barobardan koʻproqqa oshirilgan.

Oʻtgan yil ish haqi 1 million 300 ming soʻmga yaqinlashgan, oʻrtacha pensiya miqdori 490 mingdan oshgan.

Harakatlar strategiyasidagi ustivor yoʻnalishlar asosida esa, ish haqi, pensiyalarni bosqichma-bosqich koʻtarish rejalashtirilayotgani taʼkidlangan.

2017 yilda ularning miqdorini kamida 10 foizga oshirish koʻzda tutilayotgani aytilgan.

Bugun chetda mehnat muhojirligida band eng katta sondagi oʻzbekistonliklar esa, aynan Rossiya hisobiga toʻgʻri keladi.

Birgina rasmiy raqamlarning oʻzida ularning soni hozir ham ikki millionga yaqin ekani aytiladi.

BBC Oʻzbek Xizmati Rossiyada oʻtkazilgan ayni soʻrov manzarasida Toshkentdan huquq faoli Surat Ikromov bilan bogʻlanib, aholining bugungi yashash tarzi haqida soʻradi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq