Yoshsiz, Oʻzbekistondasiz, muammongizni yangi institut hal qilib bera oladimi?

Yoshlar

"Hozir haqiqatan ham maqsad yoshlar muammolarini ochish, Oʻzbekistonda kelajak kadrlarni tayyorlash boʻladigan boʻlsa, unda bir vaqtning oʻzida muammolarini ularning oʻzlaridan eshitgan holda yoʻl tutilishi lozim".

"Bu muammolarning bir taraflama, bir shaxs yoki bir guruh tomonidan yechilishini notoʻgʻri, deb hisoblayman".

Britaniyada tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalardan biri Abdumalik Soliyev Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyeyovning mamlakat yoshlariga oid soʻnggi qaroriga ana shunday munosabat bildirdi.

Toshkentdan olingan xabarlarga koʻra, Shavkat Mirziyoyevning yangi qaroriga muvofiq, yoshlar muammolarini oʻrganuvchi va istiqbolli kadrlarni tayyorlovchi yangi institut ochiladi.

"Oʻrtaga qoʻyilsin, muhokama qilinsin, Oʻzbekistondagi, tashqaridagi, muhojiratdagi yoshlar, soha mutaxassislari fikr bildirishsin", - deydi bu suhbatdoshimiz.

"Bildirilayotgan fikrlarni, oʻsha har bitta gapirilgan gap yoki har bitta fikrga bildirilgan raddiyani xalqqa, ommaga koʻrsatilsin".

"Hammaning fikrini ommaning oldida ommaviy koʻrsatiladigan boʻlsa, buni amaliyotda qoʻllash ancha oson boʻladi va qoʻllashga majbur boʻlinadi".

"Lekin, agar, bu har doimgidek oʻsha balandparvoz gaplardan yoki balandparvoz maqsadlarda koʻzlangan tashkilot proyektlaridan biri boʻladigan boʻlsa, unda, albatta, bu - faqatgina vaqtni keraksiz sarflash, ishtiyoqni soʻndiruvchi, keraksiz bir harakat talab qiluvchi bir tashkilot proyekti boʻlib qoladi, xolos", - deya oʻz soʻzlariga yakun yasaydi u.

Suhbatni mana bu link orqali batafsil tinglashingiz mumkin boʻladi.

Yangi maxsus institut

Institut yana Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi Akademiyasi qoshida tashkil qilinadi.

Taʼkidlash joiz, bunaqasi mustaqil Oʻzbekistonning 26 yillik tarixida kuzatilmagan.

Soʻnggi yangilik aynan prezident Mirziyoyevning "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakatining oʻrniga Oʻzbekistonda Yoshlar Ittifoqini tashkil etish tashabbusidan bor-yoʻgʻi ikki oycha oʻtar-oʻtmay kuzatilmoqda.

Maʼlum boʻlishicha, yangi institut davlat muassasasi hisoblanadi.

Yoshlarning muammolarini ilmiy-tadqiqot va tahliliy izlanishlar orqali oʻrganadi, ularning yechimi uchun ilmiy asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqadi.

Maxsus oʻquv kurslari orqali istiqbolli yosh kadrlarni qayta tayyorlaydi, malakasini oshiradi.

Ularning malakaviy rivojlanishini monitoring qiladi.

Bularning barchasi manzarasida hokimiyat organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi, hududiy jamoatchilik tashkilotlari uchun istiqbolli yosh kadrlarning maʼlumotlar bazasini tashkil qiladi.

Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi Akademiyasi va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi bu institutning muassislari hisoblanishadi.

Xabarlarga koʻra, ular bir oy muhlat ichida bu institutni qayddan oʻtkazishga tayyor qilishlari lozim boʻladi.

Bu muassasaga asos solish tashabbusi bilan esa, oʻtgan oy boshida yangi Yoshlar Ittifoqining raisi chiqqan.

Qahramon Quronboyev bu "bugungi davr talabi" ekanini aytgandi.

Oʻzbekiston va yoshlar

Agar, ayrim maʼlumotlarga tayanilsa, bugun Oʻzbekiston aholisining yarmidan ortiqrogʻini yoshlar tashkil qiladi.

Bu esa, Oʻzbekistonning mehnatga layoqatli aholisining katta qismi yoshlardan iborat ekanini anglatadi.

Mehnat vazirligi maʼlumotlariga qaraganda, respublikada har yili 560 ming yosh maxsus hunar bilim yurtlari, litsey va oʻquv yurtlarini bitirib chiqadi.

Biroq hukumat ularning barchasini ish bilan taʼminlashga qurbi yetmaydi.

Shu boisdan, millionlab mehnat muhojirlari har yili tirikchilik ilinjida tashqariga, asosan Rossiya va Qozogʻistonga, ish izlab borishga majburlar.

Birgina Rossiyaning oʻzida rasmiy hisoblarga koʻra, ikki million oʻzbekistonlik mehnat qiladi, ularning aksariyati yoshlarni tashkil qiladi.

Oldinroq BBC gaplashgan Rossiyadagi bir guruh mehnat muhojirlari vatanlarida ish boʻlsa, jon deb uyga qaytishlarini aytgandilar.

Shavkat Mirziyoyevning oʻtgan yil Oʻzbekiston muvaqqat prezidenti sifatida imzolagan ilk qonuni esa, aynan yoshlar toʻgʻrisida boʻlgan.

"Davlatning yoshlar siyosati haqida"gi ana shu qonunida ularning huquq va erkinliklari kafolatlanib, ijtimoiy himoya qilinishi, iqtidorli va qobiliyatli yoshlar davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi koʻrsatilgan.

Kuzatuvchilar esa, Shavkat Mirziyoyevning dastlabki qonuni yoshlar haqida boʻlgani bejiz emasligiga alohida diqqat qaratishgan.

Ularga koʻra, Oʻzbekistonning mehnatga layoqatli aholisining katta qismini yoshlar tashkil qilar ekan, prezidentlikka asosiy nomzod deb koʻrilgan Mirziyoyev uchun oʻsha paytda yoshlarning ovozini olish juda muhim boʻlgan.

"Kamolot"ning 30 iyun kungi soʻnggi qurultoyida 22 yoshli Alisher Saʼdullayevni kutilmaganda Oʻzbekiston Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari etib tayinlab esa, Shavkat Mirziyoyev mamlakat ichkarisi qolib, tashqarisida ham koʻpchilikning eʼtiborini oʻziga tortmay qolmagandi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02