IShID: "Sayyoddagi odamlarni biz oʻldirganmiz"

Tolibon Image copyright courtesy

Afgʻonistonning Saripul viloyati, Sayyod tumanida ikki haftacha burun "kamida ellik kishi shafqatsizlarcha qirib tashlangan".

Ammo oradan shuncha kun oʻtsa-da, bu qotilliklarga masʼuliyatni biror bir guruh oʻz zimmasiga olmay kelayotgandi.

Sayyoddagi qonli hujumni Tolibon IShID bilan hamkorlikda amalga oshirgan.

Tolibon faqat 30 ga yaqin hukumatparast yarim harbiyni oʻldirganini aytib, bu qotilliklarga hech bir aloqasi yoʻqligini aytib, raddiya bilan chiqqan.

Ammo IShID jangari guruhi shu paytgacha Sayyoddagi hujum va "oʻnlab odamlarning shafqatsizlarcha qirib tashlangani" yuzasidan biror bir munosabat bildirmay kelayotgandi.

Soʻnggi yillarda Afgʻonistonning aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga bevosita chegaradosh shimoliy va shimoliy-sharqiy mintaqalariga sizib kirishga muvaffaq boʻlgan IShID jangarilari esa, aynan Oʻzbekiston Islomiy harakati aʼzolariga nisbat beriladi.

Harakat 2015 yilning avgust oyida Yaqin Sharqdagi IShID jangari guruhiga bayʼat keltirgan.

Orada saflari parchalanib, yana oʻzlarining eski ittifoqchilari boʻlmish Tolibonga moyil oʻzagi ham ajralib chiqqan.

Ikkiga boʻlinib ketgan harakat aʼzolarining bugungi soni va liderlari borasida aniq maʼlumotlar imkonli emas.

Ammo ularning bu daʼvolarini hozircha mustaqil manbalardan tasdiqlashning imkoni boʻlmagan.

Shimoliy Afgʻoniston va IShID

Ammo Oʻzbekiston Islomiy harakati marhum hamasoschisi va dastlabki yetakchisi Tohir Yoʻldoshning oʻgʻli shu yil boshida IShID bayrogʻi ostida "afgʻon hukumatiga qarshi janglarini boshlash uchun" aynan shimoliy Saripul viloyatining Sayyod tumaniga oʻtgan.

Tumandagi soʻnggi qonli hujum manzarasida viloyat masʼullari jangarilar saflarida xorijliklari ham borligini aytishgan.

Sayyodga hujum qilgan toliblarning sonlari yuzlab ekani taxmin etilgan bir paytda, IShID jangarilarining soni, ularga aynan kim boshchilik qilgani ham nomaʼlum qolgandi.

Ammo hujum ortidan, IShID jangarilarining toliblar bilan urishib qolib, Mirzavalang qishlogʻini tark etishgani, ammo oʻsha mintaqaning oʻzida qolishayotgani aytilgan.

Tolibon esa, Mirzavalang qishlogʻini yuzlab aholisi bilan yana besh kungacha qamal qilib turgan.

Faqat Saripul hokimi va qavm oqsoqollarining muzokaralari ortidangina, ulardan 235 nafarini qoʻyib yuborishga rozi boʻlgandi.

Yangi daʼvolar

Tolibon va IShIDning hamkorlikdagi hujumi ortidan, mintaqaga yuzlab qoʻshimcha madad kuchlari yuborilgan,.

Ammo oradan faqat bir hafta oʻtibgina, oʻtgan payshanba kuniga kelib, Sayyodni jangarilardan tozalashga qaratilgan yirik harbiy amaliyotlar boshlangan.

Amaliyotga mingga yaqin harbiy, qiruvchi vertoletlar va josuslik samolyoti ham jalb etilgan.

Lekin bu harbiy amaliyotlar IShID jangarilarini ham qamrab olishi-olmasligi savoli ochiq qolgandi.

Oradan toʻrt kun oʻtib, shu hafta dushanba kuni harbiylar Mirzavalangni toliblardan tozalashga muvaffaq boʻlishganini aytishgan.

Ammo, mintaqadan bugun olingan xabarlarga koʻra, toliblar yana qishloqni oʻz tasarruflari ostiga olishga muvaffaq boʻlishgan.

Mahalliy masʼullar esa, ularning bu daʼvolarini rad etishgan, lekin bir xavfsizlik nazorat nuqtasini bosib olishganini tasdiqlashgan.

Ayni shu xabarlar manzarasida harbiylar qishloqdan "shafqatsizlarcha qirib tashlangan oʻnlab odamlar"ning jasadlarini olib chiqishga muvaffaq boʻlganliklarini aytishgan.

Maʼlum boʻlishicha, bu jasadlar kecha seshanba kuni Saripul shahriga olib kelingan va bugun ularning dafn marosimlari boʻlib oʻtmoqda.

Afgʻon hukumati ularning oʻldirilishini yana bir bor "qirgʻin"ga tenglashtirgan.

Sayyoddagi soʻnggi janglar sabab yuzlab odamlar oʻz turar-joylarini ham tashlab chiqishgan, darbadarlikka yuz tutishgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq