Tramp: Virjiniyadagi hodisada ikki tomon ham aybdor

Tramp millatchilarni yetarlicha qoralamaslikda ayblanmoqda Image copyright Reuters
Image caption Tramp millatchilarni yetarlicha qoralamaslikda ayblanmoqda

AQSh Prezidenti Donald Tramp Virjiniya shtatidagi qonli zoʻravonliklarda mojaroning ikki tarafi - ham millatchi oʻng qanot va ham oʻta soʻl qanot faollar aybdor ekanini aytdi.

Dushanba kuni Tramp oʻz bayonotida oq irqchilarni qoralagandi. Lekin, seshanba kuni Nyu-Yorkda qilgan chiqishida u soʻl qanotdagilarni barcha aybni "alt-oʻngchilar"ga yuklashga urinishda aybladi.

U, shuningdek, Sharlottsvilldagi mojaro boʻyicha rasmiy munosabatning kechikkaniga barcha faktlarni yigʻish zarurati sabab boʻlganini bildirdi.

Oʻtgan dam olish kunlarida tanqidchilar Trampni mazkur voqea borasida oʻz taʼziyasini izhor qila turib, oʻng qanotchilarni qoralamaganlikda ayblashdi.

Uning dushanba kuni aytishicha, oʻz mashinasini olomon ustiga haydab 32 yoshar ayolni oʻldirgan haydovchi oʻzini va oʻz mamlakatini sharmanda qildi.

Image copyright Getty Images
Image caption Heather Heyer olomon ustiga mashina haydalganida halok boʻldi

"Alt-oʻngchilar" haqida gapiryapsiz... Mayli, lekin, "alt-oʻngchilar"ga hujum qilish uchun kelgan "alt-soʻlchilar"-chi? Ularda ham ozgina boʻlsa ham, ayb bormi? Ular qoʻllariga toʻqmoq olib, qurollangan holda urushga tayyorlanib kelganiga nima deysiz?" - dedi Tramp matbuot anjumanida bir muxbirga yuzlanib.

Oʻzlarini "alt-oʻngchilar" deb taʼriflaydigan millatchi va vatanparvar tashkilot va guruhlar Sharlottsvill hokimiyatining fuqarolar urushida konfederatlar tomonida kurashgan general Robert Lining haykalini olib tashlash qaroriga qarshi namoyishlar qilishdi.

Trampning aytishicha, Ku-kluks-klan, neonatsist va oq irq ustunligini targʻib qilayotgan tashkilotlar ichida yaxshi odamlar ham bor.

Shanba kuni davom etgan namoyishda bir "alt-oʻngchi" mashinasini olomon ustiga haydashi oqibatida Heter Heyer ismli namoyishchi halok boʻldi, 19 kishi yaralandi.

U AQSh prezidentlari Jorj Vashington va Tomas Jeffersonning ham haykallarini quldor boʻlganlari uchun olib tashlash kerakmi, deb soʻradi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq