Erkin Komilov: dabdabali toʻylarni, asosan, haromdan pul topganlar qiladi

Erkin Komilov Image copyright kino-teatr.ru
Image caption Erkin Komilov

Oʻzbekiston Xalq artisti Erkin Komilovning aytishicha, "dabdabali toʻylarni, asosan, haromdan pul topganlar qiladi". Kun.uz nashri bilan suhbatida sanʼatkor toʻylardagi isrofgarchilik haqida oʻz fikrlarini izhor qildi.

"Chaqalab, tiyinlab, soʻmlab bir joyga tashlagan, men iloyim toʻy qilay, bir bokira kelin uchrasin, deb niyat qiladi oʻsha chaqalab pul topganlar", - dedi Komilov.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oy boshida sanʼatkorlar bilan uchrashuv oʻtkazar ekan, toʻy-hashamlardagi dabdababozlikni qattiq tanqid qilgandi.

"Mana, oʻzinglar koʻryapsizlar, soppa-sogʻ yurgan ayrim odamlar ellikka kirmasdan turib toʻsatdan insult boʻlyapti, infarkt boʻlyapti. Sababini surishtirsangiz, boshqalardan qolmaslikka tirishib, katta toʻy qilaman, deb qarzga botgan boʻladi. Hali qarzidan qutulmasdan, yana toʻy qilishi kerak. Ochigʻini aytadigan boʻlsak, toʻy-hashamlar bilan bogʻliq ortiqcha xarajatlar ming-minglab oilalarning nafaqat iqtisodiy ahvoliga, balki, butun hayotiga jiddiy salbiy taʼsir koʻrsatmoqda", - deb aytgan Mirziyoyev.

Image copyright darakchi
Image caption Erkin Komilov isrofgarchilikka qarshi chiqdi

Erkin Komilov prezident soʻzlarini qoʻllab-quvvatlab, masalaning iqtisodiy tarafiga eʼtiborni qaratdi.

"Men toʻylarga boradigan boʻlsam, hayron boʻlaman. Bir aylana stolda bir kambagʻal toʻy qilsa boʻladi. Baʼzilar qarzga olib toʻy qilayapti, keyin bu qarzini vaqtida toʻlay olmagandan soʻng turli kasalliklarga giriftor boʻlayapti", - dedi u.

"Kuyovnavkar mayli bor, kelinnavkar, degan narsalar qayerdan chiqqan? Oʻntalab kiyimlarni kiydirib qoʻyish... Bularning bari ongsizlik, tafakkurning yoʻqligidan, maʼnaviy pastlikdan kelib chiqadi. Boshi bir devorga tegmasidan avval ota-ona, bolalari oʻylashi kerak: nimaga, kimga kerak unday toʻy - yeydi, ichadi, ketadi. Endi qoʻshiqchilar menga falon pul, dollar bersang boraman, derkan. Bu qanday ahmoqlik? Bir kambagʻal necha yillab ishlaydi ularni toʻrtta ashulasiga. Buni ham sal tartibga chaqirish kerak. Amru-maʼriflarda ortiqcha gaplarning koʻpayib ketishini ham tartibga solish kerak. Nikoh boʻlsa, nikoh haqida gapirish kerak. Mahalla bir oy gapirar, yarim oy gapirar, yeydi, ichadi, ketadi. Oʻsha dabdabali toʻy qilganlarning barchasi ham baxtli yashayotgani yoʻq. Oʻshalar ajrashmoqda-ku arzimagan narsadan", - deya qoʻshimcha qildi u.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq