Rossiya 20 yil qidiruvda boʻlgan oʻzbekni ushlaganini aytmoqda

Qoʻlga olingan shaxsning ismi ochiqlanmadi Image copyright 39.mvd.rf
Image caption Qoʻlga olingan shaxsning ismi ochiqlanmadi

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Kaliningrad viloyati jinoyat qidiruv boshqarmasi goʻyoki 20 yildan beri xalqaro qidiruvda boʻlgan 46 yoshli Oʻzbekiston fuqarosi qoʻlga olinganligi haqida xabar berdi.

Rossiya IIV matbuot xizmatining bildirishicha, Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan mazkur oʻzbekistonlik Kaliningrad viloyati hududida yashab yurganligi haqidagi maʼlumot yuborilgan.

Unga koʻra, 1996 yilda jinoiy guruh tomonidan amalga oshirilgan bosqinchilik va qotillik jinoyatlarini sodir etishda ishtirok etgan bu shaxs 20 yildan buyon jinoiy javobgarlikdan qochib yurgan.

Kaliningrad viloyati Jinoyat qidiruv boshqarmasi rahbari Sergey Poryvakin oʻzbekistonlikni qoʻlga olish tadbiri Oʻzbekiston talabi bilan amalga oshirilganini bildirdi.

"Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻzbekistonlik fuqaroning joylashgan manzili aniqlandi va u qoʻlga olindi. Ayni paytda Oʻzbekistonga ekstraditsiya qilish tadbirlari koʻrilmoqda. Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish idoralari jinoyatda ayblanayotgan fuqaroning qoʻlga olinganidan xabardor qilindi", - dedi Poryvakin.

Image copyright 39.mvd.rf
Image caption Oʻzbekiston begunoh fuqarolarni ham qidiruvga eʼlon qilishi hollari koʻp uchraydi

Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan yuborilgan talabiga asoslanib Oʻzbekiston fuqarolarini Rossiyadan ekstraditsiya qilish hollari roʻy berib turadi.

Rossiyada qochqinlar va boshpana izlovchilarga koʻmaklashuvchi "Grajdanskoye sodeystviye" qoʻmitasining raisi Svetlana Gannushkinaga koʻra, ularning xalqaro majburiyatlarga xilof ravishda oʻgʻirlab ketilishi hollari ham bor.

"Oʻzbekiston totalitar tizim, va har qanday zulmkor rejim kabi unga dushmanlar kerak. U yerdan chiqib ketgan koʻp odamlar qidiruvga beriladi. Oʻzbekiston, va kamroq boʻlsa-da, Tojikiston ham, Rossiyaga ekstraditsiya talablarini yuboradilar", - dedi Gannushkina oʻtgan hafta BBCga bergan intervyusida.

Sergey Poryvakin BBC oʻzbek xizmatiga oʻzbekistonlik fuqaro qoʻlga olingani haqidagi maʼlumotni tasdiqlab, ayni paytda tekshiruv ishlari borayotganini va ishlar yakunida oʻzbekistonlik shaxs Oʻzbekiston huquqni muhofaza etish idoralariga topshirilishini maʼlum qildi.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq