Yangicha tashqi siyosat: Markaziy Osiyoda "muzlar" butkul eriydimi?

Tojikiston

Oʻzbekiston Qirgʻiziston bilan bundan keyin ham doʻstona munosabatlarni mustahkamlash boʻyicha ishlarni olib borishga tayyor.

Rasmiy xabarlarga koʻra, bu haqda Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov Bishkekda, Qirgʻiziston Prezidenti Almazbek Atamboyev bilan muzokaralari chogʻida bayon qilgan.

Almazbek Atambayevga koʻra, Oʻzbekiston Bosh vazirining Qirgʻizistonga tashrifi "ikki tomonlama munosabatlarni doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik anʼanalari, oʻzaro manfaatli sheriklik asosida rivojlantirishga yangi turtki" beradi.

Maʼlum qilinishicha, Abdulla Aripov oʻzaro chegaralarni aniqlash boʻyicha Choʻlponota shahrida boʻlib oʻtajak hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishida ishtirok etajak Oʻzbekiston hayʼatiga boshchilik qilmoqda.

Aynan mavjud chegara demorkatsiya va delimitatsiyasi bilan bogʻliq muammo har ikki davlat mustaqilligi bilan kechgan chorak asrdan ortiqroq vaqt davomida oʻz yechimini topmay kelayotgan eng dolzarb mintaqaviy muammolardan biri boʻladi.

Orada kechgan vaqt davomida oʻzaro chegaradagi tang vaziyat har ikki davlat fuqarolarining jabr chekkanliklariga oid ozmuncha xabarlarga asos bermagan.

Ammo yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev qudratga kelgan oʻtgan yil oxirlaridan boshlab rasmiy Toshkentning ayni muammoga yondashuvi jiddiy oʻzgargan.

Oʻzbekiston-Qirgʻiziston chegarasini aniqlash boʻyicha hukumatlararo komissiya 2016 yilning dekabridan to shu kunga qadar oz emas, koʻp emas, 15 marotaba uchrashib, muzokaralar olib borishga ulgurishgan.

Qirgʻiziston Prezidenti Almazbek Atambayev esa, hatto, oʻzi vazifasini topshirajak shu yil kuz oylariga qadar ayni muammo oʻzining yechimini topadi, deya vaʼda berishgacha borgan.

Ammo, ustma-ust boʻlib oʻtayotganiga qaramay, har ikki davlat navbatma-navbat mezbonlik qilayotgan bu muzokaralar tafsilotlaridan keng jamoatchilikning deyarli bexabar qolayotgani aksariyat mintaqaviy kuzatuvchi va tahlilchilarning ham diqqat-eʼtiborlaridan chetda qolmagan.

Yangicha tashqi siyosat

Bosh vazir Abdulla Aripovning Qirgʻizistonga tashrifi Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning yangi mintaqaviy siyosatlariga oid bayonotlaridan qisqa vaqt oʻtmay kuzatilgan.

Abdulaziz Komilov oʻzining soʻnggi bayonotida "mintaqada rostdan ham yangi siyosiy muhitni yaratishga qodir boʻlganliklari"ni aytgan.

Uning bu bayonoti, oʻtgan hafta poytaxt Toshkentda boʻlib oʻtgan va "Markaziy Osiyo - Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustivor yoʻnalishidir", deb nomlangan xalqaro anjuman chogʻida yangragan.

Agar, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirining oʻshanda qilgan chiqishiga tayanilsa, rasmiy Toshkent mantiqli murosa asosida Markaziy Osiyodagi qoʻshnilari bilan, hatto, eng oʻtkir muammolar boʻyicha ham amaliy muloqotlar olib borish, ularga yechim yoʻllarini topishga tayyor.

Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan umumiy chegaraga ega davlat boʻladi.

Mintaqaviy tahlilchilarga koʻra, Oʻzbekiston yangi rahbariyati oʻz qoʻshnilari bilan bir murosaga borib, hal qilib olishi kerak boʻlgan muammolar bir emas, bir qancha boʻladi.

Jumladan, asli oʻzbekistonlik ekspert Alisher Ilhomovning BBC Oʻzbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, bular - suv-energetika, transport, savdo, chegara va minalashtirilgan chegara hududlari bilan bogʻliq muammolar boʻladi.

Qariyb yigirma yildirki, 1.283 chaqirimli oʻzbek-tojik chegara hududi Oʻzbekiston tarafidan minalashtirilganicha qolmoqda.

Orada kechgan vaqt davomida ularga toʻqnash kelib, qurbon boʻlib, yaralanayotganiga oid ozmuncha xabarlar olinmagan.

1999 yilda oʻzini Islomiy kuchlar, deb atagan noqonuniy qurolli guruhlar Qirgʻizistonning Botkent viloyati orqali Fargʻona viloyatiga sizib kirishga uringan.

Buning ortidan, Oʻzbekiston qoʻshnilari Qirgʻiziston va Tojikiston bilan chegaralarini minalashtirilgani aytilgandi.

Yechimlar...

Ekspert Alisher Ilhomovga koʻra, oʻzaro chegaralar delimitatsiya va demarkatsiyasi bilan bogʻliq masalalarning yechimi yoʻlida sezilarli qadamlar qoʻyilayotgan esa-da, qolganlarning hal boʻlishi hali yana anchayish ish va jiddiy muzokaralarni talab qiladi.

Suhbatdoshimizning aynan Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirining soʻnggi bayonotiga tayanib aytishicha, hozir rasmiy Toshkentda buning uchun siyosiy istak-xohishning borligi kuzatiladi.

Unga koʻra, ayniqsa, suv, transport va savdo bilan bogʻliq muammolarning yechimi asosan ichki siyosat, qolganlariniki esa, olib borilajak tashqi siyosatga bogʻliq boʻladi.

Ekspert nazdida, minalashtirilgan chegara hududlarini tozalash kabi tashqi siyosatga borib taqaluvchi muammolar tez orada oʻz yechimini topishi mumkin.

Oʻtgan bir necha oyning oʻzida har ikki qoʻshni davlat hayʼatlari ishtirokida ham Oʻzbekiston, ham Qirgʻiziston va ham Tojikistonda qator muzokaralar boʻlib oʻtgan.

Ammo oʻzaro chegaralarni minalardan tozalash masalasi bu uchrashuvlar chogʻida qay bir darajada kun tartibiga chiqqani va ularning qanday yakun topgani borasida rasmiy va mufassal xabarlar imkonli emas.

Shu kunlarda Tojikiston Ichki ishlar vazirligi rahbariyatining oʻzbekistonlik hamkasblari bilan poytaxt Toshkentda boʻlib oʻtgan muzokaralari chogʻida esa, oʻzaro chegara xavfsizligi masalasining muhokama qilingani aytilgan, ammo rasmiy xabarlarda nega ekani tafsilotlari keltirilmagan.

Ammo ichki siyosat bilan aloqadorlari Oʻzbekistondagi rivojlanish modelining qanchalik tez va muvaffaqiyatli oʻzgarishiga bogʻliq boʻlib qolaveradi, deydi u.

Eskicha tashqi siyosat

Image copyright BBCUZBEK
Image caption Oʻzbekistonning Fargʻona viloyati tomon yoʻl (Tojikiston)

Mintaqaviy tahlilchilarga koʻra, oʻtgan 27 yil davomida rasmiy Toshkentning mintaqaviy tashqi siyosati hozirda marhum prezident Islom Karimovning qoʻshni davlatlar va ular rahbarlari bilan shaxsiy munosabatlariga asoslanib kelgan.

Xuddi shu bois ham, qanchalik dolzarb boʻlmasin, mavjud mintaqaviy muammolarga yechim izlash va bu yoʻlda birinchi boʻlib qadam qoʻyishlar Oʻzbekiston va uning "dunyoqarashi va kibriga mutlaq toʻgʻri kelmagan".

Ammo Oʻzbekiston marhum prezidenti Islom Karimov boshqaruvi davrida "toʻplanib qolgan" va bugun rasmiy Toshkent yechish harakatida boʻlgan mintaqaviy muammolarning ayrimlari, hatto, Markaziy Osiyoda "urush kelib chiqishi ehtimoli"ga oid xavotirlarni ham paydo qilgan.

Ayni muammolar oʻz yechimini topishning oʻrniga, yildan-yilga kuchayib borarkan, "Oʻzbekiston turli yoʻllar bilan oʻzini qoʻshnilaridan ihotalab olishgacha" borgan.

Rasmiy Toshkentning oʻz qoʻshnilariga nisbatan bu kabi tashqi siyosati faqat prezident Islom Karimovning oʻtgan yil kuzida kutilmagan oʻlimi ortidan oʻzgarishlarga yuz tuta boshlagan.

Hali muvaqqat prezident ekan, Oʻzbekistonning amaldagi rahbari Shavkat Mirziyoyev oʻz tashqi siyosatlarida Markaziy Osiyo ustivor yoʻnalish boʻlib qolajagini bayon qilgan, qoʻshnilari bilan aloqalarini tubdan oʻzgartirishga vaʼda qilgandi.

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning yangi prezidenti sifatida oʻzining ilk davlat tashriflarini ham aynan ikki qoʻshni mintaqa mamlakati - Turkmaniston va Qozogʻistonga amalga oshirgan.

Ayniqsa, Turkmaniston bilan oʻzaro manfaatli yirik loyihalarni imzolashga ham ulgurgan.

Oʻzaro chegara delimitatsiya va demarkatsiyasi masalasidan tashqari, Qirgʻiziston va Tojikiston bilan savdo-madaniy aloqalarni qayta tiklash masalasiga ham eʼtibor qaratila boshlangan.

Dushanbe va Toshkent oʻrtasidagi qariyb chorak asrdan buyon toʻxtab yotgan havo qatnovi qayta yoʻlga qoʻyilgan.

Yaqinda "Oʻzbekiston Temir yoʻllari" Tojikiston uchun yuk tranziti haqini 40 foiz arzonlashtirgan.

Harakat...

Image copyright BBCUZBEK
Image caption Suv masalasida mamlakatlar turfa qarashlarga ega

Tahlilchilarga koʻra, yangi prezidenti mintaqada eng yoshi boʻlgan Oʻzbekiston "yigʻilib qolgan muammolarni oʻzining manfaatlari zarba bermagan holda, imkoniyat boricha yechishga harakat qiladi".

Frantsiyadan asli oʻzbekistonlik siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, rasmiy Toshkentning tashqi siyosatdagi yangicha saʼy-harakatlari natijasida oʻzaro chegara bilan bogʻliq muammolar alal-oqibat imkon qadar oʻzining ijobiy yechimini topishi mumkin.

Ammo, unga koʻra, aynan suv masalasiga kelganda, davlatlar oʻrtasida maʼlum ziddiyatlar mavjud.

Mintaqada suvga boʻlgan ehtiyojning yil sayin ortib borayotgani omilini nazarda tutgan bu suhbatdoshimizning aytishicha, "Tojikiston bilan suv masalasi yana bir yil-ikki yildan keyin yana jadallashasa, jadallashdi, lekin yoʻqolmaydi".

Tahlilchi suhbatdoshimizga koʻra, prezident Karimovning oʻlimi va Toshkentda yangi hokimiyatning qudratga kelishi Tojikiston uchun siyosiy fursat vazifasini ham oʻtab berishi mumkin.

Uning aytishicha, Oʻzbekistondagi yangi hokimiyat oʻzining qadamlarini ziddiyatdan konfrontatsiyadan boshlamaydi. Tojikiston esa, ana shu siyosiy imkoniyat, fursatdan unumli foydalanish va Rogʻun GESini tezroq bitkazib olishga harakat qiladi, deydi u.

Tahlilchiga koʻra, yangi GES ishga tushishi arafasida yoki tushgandan keyin Amudaryodan suvning hajmi jiddiy qisqaradigan boʻlsa, bu - Oʻzbekistonga ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan jiddiy taʼsir qilmay qoʻymaydi.

Uning nazdida, xuddi shu bois ham, oʻzaro aloqalar qanchalik yaxshi boʻlmasin, bu mavzu ikki davlat oʻrtasida qaytatdan zoʻriqish uygʻotadigan muammoviy masalaga aylanadi.

Tabiiyki, uning nazarida, "Qoʻshnilar bilan munosabatda har bir konkret masaladan ayrimlari yechim topsa, baʼzilari oʻtkirlashib boradi".

Aynan soʻnggi yillarga kelib, Markaziy Osiyoda aynan suv va elektr taqchilligi kuchayayotgani kuzatiladi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq