Karimov davrida har yili 1 million ish oʻrni faqat qogʻozda "barpo etilgan"

Oʻzbekistondagi ishsizlar Image copyright BBC O'zbek
Image caption Prezident Mirziyoyev ishsizlik Oʻzbekiston uchun jiddiy muammo ekanini ochiq gapira boshladi

Yangi eʼlon qilingan raqamlar Oʻzbekistonda har yili 1 million ish oʻrni faqat qogʻozda "barpo etilgan"ini yana bir bor koʻrsatgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda boshlagan islohotlar "2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi" deb nomlandi va 15 avgust kuni, aytish mumkinki, ushbu strategiyani hayotga tatbiq etishning dastlabki sarhisobi qilindi.

Prezident Mirziyoyevning 15 avgustdagi farmoyishida aytilishicha, 2017 yilning birinchi yarmida Oʻzbekistonda 84300 ish oʻrni tashkil qilingan.

Shuni taʼkidlash kerakki, shuncha ish oʻrni mamlakat rahbariyatining oʻzbekistonliklarni mamlakatning oʻzida ish bilan taʼminlashga faol harakat qilayotgani, mahalliy hokimliklar, boshqa boshqaruv tizimini yangi ish oʻrinlari barpo etishga muntazam chaqirib, ragʻbatlantirib kelayotgani manzarasida kuzatilmoqda.

Bundan oldingi 12 yil mobaynida Oʻzbekistonda har yili 1 million ish oʻrni yaratilganii haqida hisobot berib kelindi.

Bu raqamlar faqat qogʻozda boʻlib kelganini tan olgan Prezident Mirziyoyev yiliga 300 ming ishchi oʻrni yaratish maqsadida ekanini aytdi.

Agar Oʻzbekiston Prezidentining "2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini kelgusida amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida" deb nomlangan farmoyishga tayaniladigan boʻlsa, yilning birinchi yarmida Prezident Shavkat Mirziyoyev istagan 300 mingning atigi toʻrtdan bir qismicha ish oʻrni barpo etilgan.

Image copyright BBC O'zbek
Image caption Eng koʻp oʻzbekistonlik migrant Rossiyada

Va ish oʻrni yaratish maqsadidagi harakatlar shu zayl davom etadigan boʻlsa, yil oxirigacha 300 mingning yarmi - 150 mingdan koʻp inson ishli boʻladi.

Hukumat demografik bosim ostida qolgani rost va har ikki yilda 1 million yosh inson mustaqil hayotga qadam qoʻymoqda.

Yaqinda Oʻzbekiston aholisining soni 32 million 300 mingdan oshdi.

Har qancha iqtisod kuchli boʻlsa-da, bir davlat oʻz fuqarolarining hammasini ham oʻz mamlakatida ish bilan taʼminlay olmasligi tabiiy va Oʻzbekiston hukumati Rossiya, Janubiy Koreya, Ummon kabi mamlakatlar bilan mehnat migratsiyasini yanada rivojlantirishga harakat qilmoqda.

Yaqinda har yili Polshaga 2,5 ming oʻzbekistonlikni ishga yuborish bitimi kuchga kirgani xabar qilindi.

551 Oʻzbekiston fuqarosi Janubiy Koreyaga yuborilgani maʼlum boʻldi.

Iyul oyi oxirida Rossiyaga ishlash uchun ketayotgan oʻzbekistonliklar bilan Bandlik vaziri uchrashdi.

Rossiyaning Novsibirsk viloyati rasmiylariga koʻra, 2016 yili 20 ming, 2017 yilning avgustigacha 12 ming Oʻzbekiston fuqarosi ishlash uchun ruxsatni qoʻlga kiritganlar.

Rossiya oʻzbekistonlik migrantlar eng koʻp mehnat qilayotgan mamlakat boʻlib qolmoqda.

Taxminiy hisob-kitoblarga qaraganda, 3 million kishi xorijda ishlab oilasiga pul yubormoqda.

Rossiyadagi oʻzbekistonliklar soni 1 million 700 ming atrofida deb koʻriladi.

Soʻnggi rasmiy raqamlar Oʻzbekistonning oʻzida koʻproq ish oʻrinlarini barpo etish, xorijda ishlayotgan oʻzbekistonliklarning ishlash va yashash huquqlarini muhofaza qilishni kuchaytirish zarurligini koʻrsatmoqda.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02