Olmos uzukni 13 yildan keyin topib bergan sabzi

Sabzi uzuk ichidan oʻsib chiqqan Image copyright Submitted photo
Image caption Sabzi uzuk ichidan oʻsib chiqqan

Kanadaning Alberta viloyatida yashaydigan 84 yashar Meri Grem 13 yil oldin yoʻqotgan olmos uzugini tomorqasidan qazib olgan sabzi boʻynida topdi.

Buvi oʻzining nikoh uzugini 2004 yili tomorqasida egat tortayotgan payti yoʻqotib qoʻygan.

Uzugini rosa qidirgan, topolmagach, bu sirni oilasining barcha aʼzolaridan sir tutishga harakat qilgan.

Bu haqda faqat oʻgʻliga aytgan.

Oʻgʻli nikoh uzugiga oʻxshash, biroq ancha arzon uzukni sotib olib bergan.

Meri buvi hech narsa boʻlmaganday arzon uzukni taqib yuravergan.

Shu kunlarda esa kelini tomorqadan yangi sabzi uzib olgan va sabzini yuvayotib uzukni koʻrib qolgan.

Image copyright Anna Paahlsson
Image caption Xuddi shunday hodisa 2011 yili Shvetsiyada ham yuz bergan

Sabzi uzukning ichidan oʻsib chiqqan.

Kelini eriga, eri esa onasiga qoʻngʻiroq qilib topildiq haqida xabar bergan.

Endi Meri Grem uzugini yoʻqotib qoʻyganini oʻz vaqtida turmush oʻrtogʻiga aytmaganidan afsusda.

Eri 5 yil oldin vafot etgan ekan.

"Erim quvnoq odam edi, agar unga uzugim yoʻqolganini aytganimda, buning ustidan kulishning ham bir yoʻlini topar edi", deydi Meri buvi.

Meri buvi bundan keyin uzugini ehtiyot qilmoqchi.

Bu yoʻqolgan uzuk tomorqadan topilgan ilk hodisa emas.

2011 yili Shvetsiyada ham oʻzining nikoh uzugini tomorqasida yoʻqotgan ayol oradan 16 yil oʻtganidan keyin oʻsib chiqqan sabzi boʻynida topgan edi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02