Din ishlar qoʻmitasi roʻmolli muslimalarni himoya qilmoqchimi?

hijob Image copyright Umida Ahmedova

Din ishlari qoʻmitasi musulmonlar oʻraydigan roʻmolni hech qachon diniy libos sifatida eʼtirof etmagani, unga taqiq qoʻymaganini maʼlum qilgan. Qoʻmita raisi oʻrinbosari shunday holatga duch kelinganda Din ishlari qoʻmitasiga murojaat qilish kerakligini soʻragan.

"Din ishlari qoʻmitasi, mutasaddi tashkilotlar, maslahatchi-ekspertlar ham roʻmolni hech qachon diniy libos sifatida eʼtirof etmagan. Agar roʻmolni diniy libos sifatida qaralayotgan vaziyatga duch kelsangiz, bizga murojaat qilishingiz mumkin. Biz bu masalani koʻrib chiqishga tayyormiz", - degan qoʻmita raisi oʻrinbosari Oʻtkir Hasanboyev.

Milliy matbuot markazida gapirgan Oʻtkir Hasanboyevning soʻzlaridan kun.uz sayti iqtibos keltirgan.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Andijonda hijobli abituriyentlardan hujjat qabul qilinmagan

"Boshqa dinlarda esa ibodat marosimlarini oʻtkazish uchun alohida liboslar kiyiladi. Islom dinida esa ibodat uchun diniy kiyim, degan mulohazalar nooʻrin", - degan Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi oʻrinbosari Oʻtkir Hasanboyev.

Biroq Hasanboyev roʻmol deganda aynan nimani nazarda tutganini ochiqlamagan.

BBC bu borada Din ishlari qoʻmitasidan izoh olishga harakat qildi. Qoʻmitaning Axborot xizmatidan goʻshakni olgan xodim, BBCning Oʻzbekistonda akkreditatsiyasi bor yoʻqligi bilan qiziqdi. Boʻlmasa izoh berilmasligini maʼlum qildi.

Oʻzbekistonda ayrim maʼsullar roʻmolni quloqlarning orqasidan iyaklarni ochgan holda oʻrashga majburlash hollari boʻlgan. Biroq Islom ulamolari ayollarning quloqlar va iyaklarni ham avratligini eʼtirof etishgan va ularni ham yopib yurish kerakligini aytishadi.

Oʻzbekistonda hijobli ayollarning jamiyatda turli taʼqid va taqiqlarga uchrashi hozirgacha davom etmoqda.

Andijonda Oliy oʻquv yurtiga hujjat topshirishni istagan hijobli muslimalardan hujjat qabul qilinmagan. Qabul komissiyasi ularning roʻmolini yechtirishga yoki quloqlari orqasidan oʻrashga majbur qilgan.

Talabni bajarmagan abituriyentlardan hujjat qabul qilinmagan.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi axborot xizmati rahbari Farhod Babashev BBC Oʻzbek xizmati bilan suhbatda Oliy oʻquv yurtlaridagi ichki tartib qoidasi boʻyicha hijob kiyish mumkin emasligini taʼkidladi.

"Oliy taʼlim muassasasining ichki tartib qoidasi bor-da. Masalan, kazarmada, harbiy qismdayam shortik bilan bororolmaysiz. Harbiy qismda harbiy tartib boʻladi. Oliy taʼlim muassasasining hammasining oʻz ichki tartib qoidasi bor. Oliy taʼlim muassasasiga talabalar kiritiladi, umuman formasiz kirish mumkin emas", - deydi Farhod Babashev.

Keyinchalik BBC Surxondaryoda yangi tashkil qilingan "Yoshlar ittifoqi" "turli oqimlarga moyilligi bor" qizlarning hijobini yechganini xabar qildi.

Surxondaryo viloyati hokimining yordamchisi Alisher Ziyatov BBC Oʻzbek xizmati bilan suhbatda turli diniy oqimlarga moyilligi bor qizlarning hijobini yechish Prezident Mirziyoyev siyosatiga qarshi emasligini, aksincha hamohangligini bildirdi. Biroq u hijoblarni yechish buyrugʻini Mirziyoyev bermaganini ayt edi.

BBC bu borada "Yoshlar ittifoqi" markaziy Kengashi raisi, Prezidentning davlat maslahatchisi Qahramon Quronboyevdan izoh soʻragan. Biroq Quronboyevning Facebook dagi rasmiy sahifasi ushbu savolni ochiq qoldirgan.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq