Saudiya qatarlik hojilarga chegarasini ochadi

Saudiya qatarlik Haj ziyoratchilari muammolarga duch kelishi mumkin, deya ogohlantirgan edi Image copyright EPA
Image caption Saudiya qatarlik Haj ziyoratchilari muammolarga duch kelishi mumkin, deya ogohlantirgan edi

Matbuot xabarlariga koʻra, Saudiya Arabistoni yillik Haj ziyoratini ado etishlari uchun Qatardan borayotgan ziyoratchilarga oʻz chegaralarini ochishga qaror qilgan.

Bu xabar ikki qoʻshni davlat oʻrtasidagi ilk oliymaqom uchrashuv ortidan eʼlon qilindi.

Iyun oyida Saudiya Arabistoni va yana uch mamlakat Qatarni terrorchilarni qoʻllab-quvvatlayotganlikda ayblab chiqishgan va Qatar bilan barcha aloqalarini uzishgan edi.

Saudiya Arabistoni quruqlikdagi chegaralarini yopib qoʻygani uchun Qatar oʻzining 2,7 millionlik aholisi uchun oziq-ovqatni havo va suv orqali import qilishiga toʻgʻri keldi.

Oʻtgan oy Saudiya rasmiylari qatarlik hojilar ayrim cheklovlar bilan yuzma-yuz kelishi mumkinligi haqida ogohlantirgan edilar.

Qatar esa Ar-Riyodni Haj ziyoratini siyosiylashtirishda ayblab chiqdi.

BMTning diniy erkinliklar boʻyicha maxsus hisobotchisi ham Saudiya Arabistonining qadamlaridan oʻz xavotirini izhor etdi.

Saudiya Valiahd shahzodasi Muhammad Bin Salmon al-Saud bilan Qatar Shayxi Abdulloh Bin Ali Bin Abdulloh Bin Jassim al-Taniy uchrashuvidan keyin munosabatlar oʻzgargan.

Kuzatuvchilar fikricha, Saudiya va Qatar yaxshi istaklarini izhor etayotgan boʻlsa-da, hali Qatarning Saudiya, Arabistoni, Bahrayn, Misr va Birlashgan Arab amirliklari bilan bahslari yaqin orada yakuniga yetmaydi.

16 avgust kuni Bahrayn davlat televideniyesi Qatarni Bahrayn muxolifatini 2011 yilgi aksilhukumat gʻalayonlarida qoʻllab-quvvatlaganlikda ayblab chiqdi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq