Xorijga chiqish pasporti 10 yillik muddatga beriladi

Oʻzbekiston chiqish vizasi bor ikki davlatdan biri Image copyright fergananews.com
Image caption Oʻzbekiston chiqish vizasi bor ikki davlatdan biri

2019 yildan joriy qilinishi kutilayotgan xorijga chiqish pasporti voyaga yetgan fuqarolarga 10 yillik muddatga beriladi. Prezident farmonida pasportlar 10 ish kunida rasmiylashtirilishi va xizmatlar elektronlashtirilishi belgilab qoʻyilgan.

Farmon oʻzbekistonliklarning ushbu hujjatni olishdagi sarsongarchiliklariga barham berishga qaratilganligi aytilmoqda.

Prezident Mirziyoyevning "Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijga chiqish tartibini takomillashtirishga doir muhim chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi farmoni 16 avgust kuni imzolandi.

Farmon sharhida aytilishicha, xorijga chiqish uchun biometrik pasportining amal qilish muddati voyaga yetmagan shaxslar uchun 5 yilgacha, 16 yoshdan katta shaxslar uchun 10 yilni tashkil qiladi.

Bundan tashqari aholiga elektron ariza taqdim etish, elektron navbat, davlat bojini elektron toʻlov tizimi orqali toʻlash kabi interfaol xizmatlar koʻrsatish koʻlamini kengaytirish, shuningdek, hujjatning tayyorligini tekshirish boʻyicha maxsus xizmatlardan foydalangan holda hujjatni berish tartibi belgilanadi.

Muhim oʻzgarishlardan biri fuqarolar oʻzlari yashab turgan shahar va tuman migratsiya idoralarida xorijga chiqish pasporti uchun hujjat topshirishlari mumkin boʻladi.

Bu vaqtgacha bunday imkoniyat faqat poytaxt Toshkentda joriy qilingan. Viloyatlardagi fuqarolar OVIR yaʼni chiqish stikkerini olish uchun viloyat markazidagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasiga kelishga majbur.

"Ichki ishlar vazirligining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish shahar va tuman boʻlinmalarining vazifalari kengaytiriladi va shu munosabat bilan fuqarolar xorijga chiqish uchun pasport olish boʻyicha arizani Ichki ishlar vazirligining doimiy yashash joyidagi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish shahar/tuman boʻlinmalariga taqdim etishi mumkin", - deyiladi farmon sharhida.

Xorij chiqish yangi biometrik pasportlari 2019 yilning 1 yanvaridan joriy qilinishi aytilgan.

Oʻzbekistonning xorijda boʻlib turgan fuqarolari 2011 yilgi namunadagi biometrik pasportdan uning amal qilish muddati tugaguniga qadar foydalanishi mumkinligi aytilgan.

Oʻzbekiston fuqarolarning chetga chiqishi uchun OVIR yoki chiqish stikeri joriy qilgan dunyodagi ikki davlatdan biri edi. Endi bu tartib faqatgina Shimoliy Koreyada saqlanib qoladi.

Oldinroq Kuba chiqish vizasidan voz kechishini maʼlum qilgan edi.

Oʻzbekistonda Karimov vafotidan soʻng mamlakatni Shavkat Mirziyoyev boshqarayotgan vaqtda internetda chiqish vizasini bekor qilishni soʻrab onlayn petitsiyalar oʻtkazildi.

2016 yilning oktyabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda keng aylantirilgan va muhokamalarga sabab boʻlgan ushbu petitsiyaga 2 mingdan ziyod odam imzo chekkandi.

  • BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq