Ispaniyada hujumchi qidirilmoqda

18 yoshli Musa Oubakr uchun yirik qidiruv eʼlon qilindi
Image caption 18 yoshli Musa Oubakr uchun yirik qidiruv eʼlon qilindi

Ispaniya politsiyasi Kambrils shaharchasida terrorchilikda gumon qilingan besh kishini otib oʻldirganini aytmoqda. Bir necha soat avval undan 110 kilometr naridagi Barselona shahrida hujumchilar furgonni odamlar ustiga haydab 13 kishini oʻldirishdi va koʻplarni yaralashdi.

Barselonadagi hujum uchun oʻzini Islomiy Davlat deya ataydigan jangari guruh masʼuliyatni oʻz boʻyniga oldi.

Politsiya Barselona va Kembrilsdagi hodisalar bogʻliqligini aytmoqda.

Payshanba kechqurun Barselonaning sayyohlarga gavjum Las Ramblas koʻchasida furgonni haydagan kishi hali ham qidirilmoqda.

Ispan matbuoti 18 yoshli Musa Oubakrni gumondor deya eʼlon qildi.

Image copyright AFP
Image caption Kambrilsdagi hujumda mashina agʻdarilib ketdi

Aytilishicha, uning akasi Driss Oubakrning hujjatlaridan furgonni ijaraga olish uchun ishlatilgan.

Ispaniya Bosh vaziri Mariano Rahoy uch kunlik motam eʼlon qildi.

Kambrilsda juma kuni ertalab odamlar ustiga mashina haydalishi oqibatida yetti kishi, jumladan bir politsiyachi jarohatlangan. Ulardan biri kasalxonada vafot etdi.

Matbuotga koʻra, hujumchilar mashinasi agʻdarilib ketgan, hujumchilar chiqib qochishga uringanida politsiya ularni otib oʻldirgan. Hujumchilardan birining qoʻlida pichoq boʻlgani, ular bellariga hudkush hujumchilar kamarini taqib olishgani aytiladi.

Kataloniya hududi rahbariga koʻra, bu kamarlar soxta boʻlib chiqdi.

Politsiya: Barselonadagi hujum terakt

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02