"Novgorodda ozari va markaziy osiyolik sotuvchilar doʻpposlashgan"

Nijniy Novgorod Image copyright Reuters
Image caption Nijniy Novgorod

Nijniy Novgorod mahalliy nashrlari huquqni muhofaza qilish idoralaridagi oʻz manbalariga tayanib, Nijniy Novgorod shahrining Kanavin tumanidagi meva bozorida kavkazlik va Markaziy osiyolik savdogarlar orasida toʻqnashuv roʻy bergani haqida xabarlarni bildirmoqda.

Mahalliy nashrlarda yozilishicha, 15 avgust kuni Kuzbass meva bozorida 200ga yaqin muhojirlar ishtirok etgan toʻqnashuv politsiya va OMON xodimlari tomonidan bostirilgan.

Pichoqlar ishlatilgan mushtlashuvda oʻnlab muhojirlar tan jarohatlari olishgan, 1 kishi shifoxonaga yotqizilgan, 20 kishi politsiya xodimlari tomonidan mahkamaga olib ketilgani aytiladi.

Aytilishicha, 17 avgust kuni ertalab ozarbayjonlik savdogarlar bozordan markaziy osiyolik tadbirkorlarni chiqarib tashlashni talab qilib norozilik aktsiyasini oʻtkazishgach, bozor yopilgan. Koʻchani politsiya egallab, harakatlar toʻxtatilgan. Bozor ichkarisida tekshiruv ishlari oʻtkazilmoqda.

BBC oʻzbek xizmati Ichki ishlar vazirligi Nijniy Novgorod boshqarmasi bilan bogʻlandi, ammo rasmiy mazkur janjal yuzasidan izoh bermadi. Bozor va koʻchaning yopilgani borasidagi savolni "migratsiya qonunchiligining buzilishini oldini olish chora-tadbirlari oʻtkazilayotgani" bilan izohladi.

Image copyright Reuters
Image caption Hibsga olinganlarning fuqaroligi maʼlum qilinmadi

Hodisani yaqindan oʻrgangan "Otkryty Nijniy" shahar portali jurnalisti Valentin Kotov janjal tarvuzning narxi borasidagi tortishuvdan kelib chiqqanini bildirdi.

"Nijniy Novgorod viloyati IIB matbuot xizmatining rasman bildirishicha, janjal borasidagi ilk maʼlumot 15 avgust kuni soat 15larda kelib tushgan. Politsiya xodimlari yetib borganida hech qanday toʻqnashuvni koʻrishmagan, deyishdi. Ammo bozor qorovullari oʻnlab kishilar ishtirok etgan janjalni guvohi boʻlishganini aytishdi. Shu kuni kechki payt bozordan uzoq boʻlmagan shifoxonaga yelkasidan jarohatlangan muhojir murojaat qilgan", deb yozadi Kotov.

Rossiya matbuoti iqtibos keltirgan guvohlarning soʻzlariga koʻra, hozircha toʻqnashuv ishtirokchilari ozarbayjonlik va tojikistonlik savdogarlar ekanligi maʼlum.

BBC oʻzbek xizmati Novgorodda mehnat qilayotgan oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari bilan bogʻlandi.

"Bu yerda oʻzbekistonliklar kam, bori ham oddiy ishchilar. Bozorlarda tarvuz sotuvchilar ozarbayjonlar. Tojikistonliklar ham bor. Bir biriga oʻxshashgani uchun ajratish qiyin, ammo gapidan ajratsa boʻladi, - deydi jizzaxlik Maxmud. - Hammamizni munosabatlarimiz yaxshi, meva olgani borsak, oʻzbek boʻlsak ham, zemlyak deb murojaat qilishadi. Hamma yoshlar bozorda, savdo yoʻq payti hazillashib tortishib turishganini koʻrganman, lekin shu paytgacha katta janjal boʻlmagandi. Yoki biz eshitmaganmiz".

Newsnn.ru mahalliy nashri 16 avgust kuni bozorda politsiyaga olib ketilgan 20 nafar muhojirning politsiya mahkamasida saqlanayotganini maʼlum qilgan.

Federal xavfsizlik xizmatining isteʼfodagi general-mayori Aleksandr Mixaylov Newsnn.ru mahalliy nashriga migrantlar toʻqnashuvi haqida izoh berib, "oʻta qattiqqoʻllik bilan harakat qilish lozim"ligini aytgan. "Ikkala tomonga ham oʻta qattiq choralar koʻrilishi kerak.. Ozarbayjondan kelganlar oʻz talablarini aytmasliklari va bozorda kim savdo qilishi kerakligi borasida koʻrsatma bermasliklari uchun ham, vaholanki, bu eng kamida bemaʼnilikdir" - dedi Newsnn.ru ga politsiya general-leytenanti Mixaylov.

Kuzbass meva bozoridagi hodisa ishtirokchilarining shaxslari va millati maʼlum qilinmagani sababli, ular orasida oʻzbekistonlik fuqarolarning bor yo yoʻqligi noaniqligicha qolmoqda.

BBC Oʻzbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bogʻlanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq