Xayrulla Hamidov “Sport” telekanaliga qaytdi

ҳамидов Image copyright Xayrulla Hamidov

Taniqli futbol sharhlovchisi Xayrulla Hamidov bir necha yillik tanaffusdan so'ng televideniyega qaytdi. Hamidov 19 avgust kuni "Yuventus" va "Kalyari" o'yinini "Sport" kanalida jonli efirda sharhlaydi.

Bi-bi-si O'zbek xizmati Xayrulla Hamidov bilan bog'langanida u mahalliy vaqt bilan soat 21:00 da to'g'ridan to'g'ri efirga uzatiladigan "Yuventus" va "Kalyari" o'yinini sharhlashga kirib ketayotgan edi.

U bugundan boshlab "Sport" telekanalida faoliyatini davom ettirishini ma'lum qildi.

Taniqli futbol sharhlovchisi 1999-2006 yillar davomida "Sport" telekanalida faoliyat yuritgan va muxlislarning sevikli sharhlovchilaridan biriga aylangan edi.

Uning "Futbol+" ko'rsatuvi ham muxlislar o'rtasida ancha dovruq qozongan.

Biroq keyinchalik Hamidov televideniyedan butunlay ketdi. Faoliyatini radio hamda gazetalarda davom ettirdi.

Sal oldinroq o'zining diniy eshittirishlari bilan ham muxlislari qalbidan joy olgan Xayrulla Hamidovning "qora ro'yxatdan" chiqarilgani haqida xabar bergan edik.

Hamidov 2010 yili 6 yil qamoq jazosiga hukm qilingandi.

Yangiyo'ldagi yopiq mahkama 2010 yil may oxirlarida yoshu qari orasida diniy - ma'rifiy dasturlari, she'rlari bilan misli ko'rilmagan ravishda tanilgan Xayrulla Hamidovni noqonuniy diniy guruhga a'zolik hamda jamoat tartibiga xavf soluvchi materiallarni tayyorlash va tarqatishda aybdor deb topgan edi.

Sud uni 6 yil qamoq jazosiga hukm qilgandi.

Mahkama jarayonida Hamidov o'ziga qo'yilgan ayblarni rad etgandi.

U ayblov tomoni ashyoviy dalil sifatida taqdim etgan va "jamoat xavfsizligiga tahdid" ekani da'vo qilingan audio va video materiallar radio va televideniyedagi mualliflik dasturlarida efirga uzatilganini aytgan.

Uning she'r, esse va ma'ruzalari yozilgan audio hamda video yozuvlar internet, shuningdek, mintaqaning boshqa davlatlarida ham keng tarqalgan.

Muxlislariga ko'ra, Xayrullo Hamidov o'z chiqishlarida diniy mavzular bilan birga, dolzarb ijtimoiy muammolarni ko'tarishi bilan ham e'tibor qozongan.

Xayrullo Hamidov asos solgan "Odamlar orasida" ro'znomasi qisqa vaqt ichida O'zbekistonda eng ko'p sotiladigan nashrga aylangan, ammo olti oydan so'ng turli vajlar bilan yopib qo'yilgan.

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq