“O‘zbekkino”: “Muqaddas istak” texnik sabablar bilan kechikdi"

истак Image copyright Screenshot

Hilol Nasimovning shov-shuvlarga sabab bo'lgan "Muqaddas istak" badiiy filmi "ba'zi texnik jihatlari talabga javob bermaganligi" sabab kechikmoqda. Bu haqda "O'zbekkino" milliy agentligining matbuot kotibi Bi-bi-si O'zbek xizmatiga ma'lum qildi.

"Sizga shuni ma'lum qilamizki, joriy yilning boshida premyerasi e'lon qilingan "Muqaddas istak" badiiy filmining ba'zi texnik jihatlari talabga javob bermaganligi sababli, qayta ko'rib chiqilib, filmga texnik sayqal berish ishlari amalga oshirilmoqda. Premyera kechikishiga boshqa sabablar yo'q", - deydi agentlik matbuot kotibi Baxtiyor Norov.

Norovning aytishicha, film tayyor bo'lishi bilan premyerasi bo'yicha e'lon beriladi.

Dindorlarni salbiy obrazda tasvirlovchi bahsli kinolari bilan shov- shuv bo'lgan rejisyor Hilol Nasimovning "Muqaddas istak" filmi treyleri chiqishi bilan tanqidlarga uchragan edi.

Shu yilning 31 yanvar kuni "O'zbekkino"ning Facebook dagi sahifasida qo'yilgan treyler darhol ommalashgan va keskin tanqidlarga uchragandi.

Davlat buyurtmasi asosida "O'zbekfilm" kinostudiyasi suratga olgan film treylerida hijobli ayol, qamoqxona manzaralari, oilaviy-maishiy kelishmovchiliklar, jangarilar jamlog'idagi tayyorgarlik va ularning aholi yashash joylaridagi otishmalari aks etgan.

Fikr bildiruvchilarga ko'ra, ushbu film treylerida ochiqdan ochiq irqchilik va millatchilik aks etgan. Treylerdagi bir sahnada ona rolini o'ynagan ayol o'g'liga qarata qizini "qora arabga" bermasligini aytadi.

"Shundoq singlingni qayerdagi qora arabga berasanmi", -deya xitob qiladi ona.

Facebook foydalanuvchilari rejissyor ushbu jumla bilan islomofoblikni yangi cho'qqiga olib chiqqanini yozishdi.

"Treylerni ko'rdim, birgina jumlasi yetarli bo'ldi - qora arab. Ochig'i juda hayron bo'ldim. Ochiqdan ochiq irqchilik bu", - deydi Abror Masharipov.

Keskin tanqidlardan so'ng 16 fevral kuni "O'zbekkino" "Muqaddas istak" filmining yana bir treylerini Facebookka joyladi.

Biroq unda "shundoq singlingni qayerdagi qora arabga berasanmi", degan sahna olib tashlangan edi.

"O'zbekkino" milliy agentligi film premyerasining kechiktirilishiga ijtimoiy tarmoqlardagi keskin tanqidlar sabab bo'lmaganini bildirdi.

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

Bu mavzuda batafsilroq